Toshkent Xalqaro marafonida 1 ming 800 nafar atlet ishtirok etdi

Marafon musobaqasida O’zbekiston vakillaridan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, shuningdek, Rossiyadan jami 76 nafar professional sportchi qatnashdi.

1613568
Toshkent Xalqaro marafonida 1 ming 800 nafar atlet ishtirok etdi

 

Kuni kecha O’zbekiston poytaxti Toshkent shahrida an’anaviy III Toshkent Xalqaro marafoni o‘tkazildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi ma’lum qilishicha, musobaqada ishtirokchilar marafon (42,195 km), yarim marafon (21,0975 km), ekiden (5 km+10 km+5 km+10 km+5 km+7,195 km) hamda 3 km masofaga o‘tkazilgan bellashuvda o‘z omadini sinab ko‘rdi.

Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar bilan bir qatorda qimmatli reyting ochkolari taqdim etgan marafon musobaqasida O’zbekiston vakillaridan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, shuningdek, Rossiyadan jami 76 nafar professional sportchi qatnashgan bo‘lsa, yarim marafon bahslarida ishtirokchilar soni 529 nafarni tashkil qildi. 3 km masofaga o‘tkazilgan yugurish va yurish musobaqasida esa 779 nafar ishtirokchi startga chiqdi.

Ekiden marafon bahslarida turli vazirlik, idora, korxona, tashkilotlar hamda O’zbekistonda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillaridan iborat jami 64 ta jamoa qatnashardi.

Marafonning umumiy ishtirokchilar soni qariyb 1 ming 800 nafarga yetdi. Bu esa O’zbekistonda yugurishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganidan darak beradi.

III Toshkent Xalqaro marafonida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.



Aloqador xabarlar