Matbuot sharhlari 09.08.2024
Turkiya gazetalaridan sharhlar...
Hurriyat gazetasi: “Erdo‘g‘an: Isroil o‘t ochishni to‘xtatish niyatida emas” sarlavhasi bilan xabar berdi.
Xabarga ko’ra, Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an kecha Anqaraga tashrif buyurgan Qatar Amiri Shayx Tamim Bin Hamad Al Sani bilan uchrashdi. Erdo’g’an suhbat chog‘ida Falastinning XAMAS harakati Siyosiy byurosi raisi Ismoil Xaniyani o‘ldirib, Isroil G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish niyatida emasligini yana bir bor namoyish qilganini ta’kidladi.
Turkiya mintaqaga doimiy tinchlik va osoyishtalik keltiradigan yechim yo'lida harakat qilishda davom etishini, Qatar bilan birgalikda samarali faoliyatlarini amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi.
Yeni shafak gazetasi: “Turkiya va Albaniya mudofaa sanoati sohasida hamkorlikni kuchaytiradi” sarlavhasi bilan xabar berdi.
Xabarga ko’ra, Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an bilan Albaniya Bosh vaziri Edi Rama telefon orqali muloqot qildi. Suhbat chog’ida Turkiya va Albaniya o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy va global muammolar muhokama qilindi. Erdo’g’an, ikki davlat o’rtasidagi aloqalarning yuqori darajada ekanligini, tijoriy, iqtisodiy va harbiy aloqalar natijasida mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanishini bildirdi.
Sabah gazetasi: “Markaziy bank zaxiralari o'sishda davom etmoqda” sarlavhasi bilan xabar berdi.
Xabarga ko’ra, Turkiya Respublikasi Markaziy bankining jami zaxiralari avgust oyining birinchi haftasida oldingi haftaga nisbatan 2 milliard 375 million dollar ortib, 150 milliard 386 million dollarni tashkil qildi.
Star gazetasi: “Po’lat gumbaz Gretsiya matbuotida” sarlavhasi bilan xabar berdi.
Xabarga ko’ra, Turkiya “Po‘lat gumbaz” deb nomlangan yangi integrasiyalashgan havo mudofaa tizimi Gretsiya matbuotida keng yoritildi. Turk mudofaa sanoatida rivojlanish davom etganiga diqqat qaratgan Gretsiya matbuoti xabarni, “Turk osmonida qush ham uchmaydi” sarlavhasi bilan chop etdi.
Xabar turk gazetasi: “Efes antik shahri joriy yilda eng ko'p ziyoratchilar kelgan muzey bo’ldi” sarlavhasi bilan xabar berdi.
Xabarga ko’ra, Izmirning Selchuk tumanida har yili ko'plab sayyohlarga mezbonlik qiladigan Efes antik shahri yanvar-iyul oylarida 1 million 444 ming 405 sayyohni qabul qildi. Shunday qilib, qadimgi Efes shahri Turkiyada eng ko'p ziyoratchini qabul qilgan muzey bo'lib, dastlabki 7 oy ichida mahalliy va xorijiy ziyoratchilar sonini oshirdi.