Toshkentda XVI Turkiy she’riyat festivali bo'lib o'tmoqda

Unda “Zamonaviy turkiy adabiyotning eng yaxshi shoir va yozuvchisi” tanlanadi. Festival materiallari an’anaga ko‘ra, “Guldasta” nomi bilan kitob holida chop etiladi.

2214877
Toshkentda XVI Turkiy she’riyat festivali bo'lib o'tmoqda

 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va TURKSOY xalqaro tashkiloti hamkorligida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida turkiy tilli davlatlar ijodkorlari ishtirokida XVI Turkiy she’riyat festivaliga start berildi.

She’riyat bayrami ishtirokchilari “Yangi O‘zbekiston” majmuasidagi Mustaqillik monumenti poyiga gullar qo‘ydi. 

Ushbu festival doirasida turli tadbirlar, adabiy uchrashuvlar, mushoiralar o‘tkaziladi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil 19 fevralda Turkiya Yozarlar birligidan olingan murojaatda “Turkiy tilli davlatlarning xalqaro she’riyat bayrami” deb nomlangan festivalning navbatdagi XVI yig‘ilishini joriy yil Toshkent shahrida o‘tkazish istagi bildirildi. 

Festival tadbirlari Toshkent shahrida 26-30 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda “Zamonaviy turkiy adabiyotning eng yaxshi shoir va yozuvchisi” tanlanadi. Festival materiallari an’anaga ko‘ra, “Guldasta” nomi bilan kitob holida chop etiladi. 

Turkiya Yozuvchilar uyushmasining “Turkiy tilli davlatlarning xalqaro she’riyat bayrami”, ya’ni Xalqaro she’riyat festivali 1992 yildan beri o‘tkazib kelinadi. Shu paytga qadar ushbu festival Bursa (Turkiya), Almati (Qozog‘iston), Ashxobod (Turkmaniston), Girna (Qibris), Strasburg (Fransiya), Uskub (Makedoniya), Boku (Ozarbayjon), Prizren (Kosovo), Qozon (Rossiya/Tatariston), Bishkek (Qirg‘iziston), Turkiston (Qozog‘iston), Kirjaali (Bolgariya), Konya (Turkiya) shaharlarida bo‘lib o‘tgan. 

Festival keng jug‘rofiy makonda turli lahjalarda yaratilayotgan boy turkiy adabiyotning umumiy tamoyillarini yaratish, adabiyot ahli o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, eng sara adabiy asarlarning turkiy tilli mamlakatlar tillariga tarjima qilinishini yanada yaxshilashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. 

Har bir festivalda “Zamonaviy turkiy adabiyotning eng yaxshi shoir va yozuvchisi” degan e’tirof uchun tanlov o‘tkaziladi. Shu paytga qadar o‘zbek ijodkorlari Xurshid Davron, Isajon Sulton, Eshqobil Shukur va Ulug‘bek Hamdam shu e’tirofga sazovor bo‘lgan. 

Festivalda 43 nafar chet ellik mehmonlar qatnashishi kutilmoqda. Ular taniqli shoir va yozuvchilar, TURKSOY Yozarlar birligiga a’zo adabiy tashkilotlar vakillaridan iborat. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent shahri va viloyatlarda, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda istiqomat qilayotgan ijodkorlarni festival tadbirlariga jalb etadi.

 

 



Aloqador xabarlar