Yo‘ldosh Eshbekning she’riy kitobi Turkiyada chop etildi

Kitobni Istanbul universiteti professori, o‘zbek tili va adabiyotining Turkiyadagi jonkuyar targ‘ibotchisi – Emak Ushenmez nashrga tayyorlagan.

2173208
Yo‘ldosh Eshbekning she’riy kitobi Turkiyada chop etildi

 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir va tarjimon Yo‘ldosh Eshbekning "Turkiya o‘zlami" (“Turkiya sog‘inchi”) she’riy kitobi Istanbulda nashrdan chiqdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kitobni Istanbul universiteti professori, o‘zbek tili va adabiyotining Turkiyadagi jonkuyar targ‘ibotchisi – Emak Ushenmez nashrga tayyorlagan. Tarjimonlar – Muhiddin Gumush va Zokirjon Haydar. She’rlar tarjimasi asli bilan yonma-yon berilgan. 

Kitob Manas nomidagi qirg‘iz-turk universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori, yozuvchi, tarjimon Muhiddin Gumushning “Hakikat Ilminin Ustadi Şair Yoldaş Eşbek” (“Haqiqat ilmining ustozi – shoir Yo‘ldosh Eshbek”) sarlavhali so‘zboshisi bilan boshlangan.  

So‘zboshi muallifi jumladan shunday yozadi: “Qadrli Yo‘ldosh Eshbek umrini turkiy dunyo adabiyotining taniqli namoyandasi sifatida jo‘shqin tuyg‘ular va hayot tajribalari bilan o‘tkazmoqda, ko‘plab janrlarda bir-biridan qimmatli asarlar yaratayapti. Turklik g‘ururi va shuuri bilan ma’naviy dunyomizdan ilhomlanib, yuksak axloq va ibratli fazilatlarni o‘zi uchun shior deb bilgan, qardosh o‘zbek xalqi orasidan yetishib chikkan serqirra adib va adabiyotshunos sifatida kelgusi avlodlarga ibrat bo‘ladigan insondir.  

...She’rlarining har bir so‘zida hikmat, tuyg‘ularining eng teran joyida muhabbat, yuragida mehr bor. Qadrli ustozimiz Yo‘ldosh Eshbek singari buyuk qalbli zotlarning turk va islom olamidagi o‘rnini yana-da aniqroq ko‘rsatish, tanishtirish, bildirish adabiyot va madaniyat sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning eng asosiy vazifasi deb o‘ylaymiz”.  


Tanlangan kalimalar: #Yo‘ldosh Eshbek

Aloqador xabarlar