Toshkentda xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkasi bo‘lib o‘tadi

Tadbirda xorijiy davlatlar — Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Pokistondan hunarmandlar qatnashishi kutilmoqda.

1908187
Toshkentda xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkasi bo‘lib o‘tadi

 

30-noyabrdan 2-dekabrga qadar Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz”da Craft Fair Uzbekistan — xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.

Yarmarka O‘zbekiston Prezidentining "Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Turizm va madaniy meros, Investitsiya va tashqi savdo vazirliklari, Respublika “Hunarmand” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi va Xalq banki bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Tadbirda xorijiy davlatlar — Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Pokistondan hunarmandlar qatnashishi kutilmoqda. Unda “Novica”, “Wildberries” va “Alibaba”, shuningdek, “Joyda”, “CraftmeetsDesign”, “iHunar”  kabi xalqaro hamda  mahalliy onlayn platformalar ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Ishtirokchilar tomonidan kashtachilik, kulolchilik, misgarlik, yog‘och o‘ymakorligi, gilamchilik, milliy matolar, miniatyura kabi 20 dan ortiq milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari tashkil etiladi.

Taʼkidlash lozimki, yarmarka ishtirokchilari loydan ko‘za yasash, ipakdan mato to‘qish, do‘ppiga naqsh berish hamda beshik yasash jarayonlarida bevosita ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekistonning turli hududlariga xos bo‘lgan kashtachilik, kulolchilik, misgarlik, yog‘och o‘ymakorligi maktablariga xos betakror mahsulotlar hamda hunarmandlarimiz tomonidan yasalgan, yurtimiz go‘zalligini, betakrorligini aks ettirgan esdalik sovg‘alarini xarid qilish imkoni ham yaratiladi.

Bundan tashqari, yarmarkaga tashrif buyurganlar zargar Tohir Muhammedov, kulol Alisher Narzullayev, kashtachi Ahmad Arabov, kulol Shokir Ahmadjonov, adras, atlas to‘quvchi, gilamdo‘z Ibrohim Sultonov kabi mashhur hunarmandlarning mahorat darslarini kuzatish va bevosita ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

Yarmarkadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning hunarmandchilik salohiyatini targ‘ib qilish va mahalliy hunarmandlarimizning mahsulotlarini eksport qilishga ko‘maklashish bilan izohlanadi.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Craft Fair Uzbekistan , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar