Bursadagi "Qo‘rqut ota" kinofestivalida o‘zbek kinoijodkorlari 4 ta mukofotni qo‘lga kiritdi
Kinorejissyor Dilmurod Masaidovning "Ayol qismati" badiiy filmi hamda Furqat Usmonovning "Inson" ko‘p qismli hujjatli filmi Gran-priga loyiq deb topildi.
1-5 noyabr kunlari Turkiyaning Bursa shahrida "Qo‘rqut ota" turkiy xalqlar kinofestivali bo'lib o'tdi.
Festival doirasida turkiy tilda so‘zlashuvchi 17 davlatdan tashrif buyurgan kinoijodkorlar sammiti tashkil etildi. Unda kelajakdagi istiqbolli loyihalar, maqsadlar haqida so‘z yuritildi.
Kinoijodkorlar hamkorlik uchun taklif etilayotgan o‘z loyihalarini taqdim etishdi. Festival doirasida Toshkent shahridagi BDKI (S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti) filiali Bahcesehir University, Istanbul Film Academy va Istanbul Nisantasi University bilan xalqaro aloqalar o‘rnatildi.
Ahamiyatli jihati 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab filialning “Dramaturgiya” ta’lim yo‘nalishida Netflix Series Script maxsus fani kiritiladi.
Yana bir e’tiborli jihati, Rossiya kinematograflari turkiy tilli xalqlarning milliy qahramoni Xo‘ja Nasriddin haqidagi 16 qismdan iborat animatsion film haqida taqdimot qilishdi. Loyiha prodyusseri, muallif va rejissyor Timur Bekmanbetov ham sammitda ishtirok etib, bu film O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlanayotganini, ayni vaqtda O‘zbekistonda animatsiya maktabi ijodkorlari bilan birgalikda ishlash maroqli bo‘layotganini bildirdi.
"Qo‘rqut ota" turkiy xalqlar kinofestivali doirasida 4 noyabr kuni "O‘zbekiston kinosi kunlari" o‘tkazildi. Tadbirda o‘zbek kinoijodkorlari bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari va o‘zbek filmlari namoyishi tashkil etildi.
Bursa kinoteatrlarida Dilmurod Masaidovning "Ayol qismati", Akrom Shohnazarovning "101 reys", Ibrohim Rasulovning "Muhabbat bahori" va Furqat Usmonovning "Inson" ko‘p qismli hujjatli filmlari namoyish etildi.
Ushbu festivalga 17 ta davlatdan 400 dan ortiq kinoijodkorlar tashrif buyurdilar. Xalqaro anjumanda Turkiyadan tashqari Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon, Turkmaniston, Vengriya va Shimoliy Kipr kabi davlatlardan kino ustalari ishtirok etishdi.
57 ta film ikki yo‘nalishda g‘oliblik uchun raqobatlashdi. Ular orasida o‘zbek kinoijodkorlarining ikkita kartinasi ham tanlab olinib, filmlarimiz yurtimizga sovrin bilan qaytishdi.
Kinorejissyor Dilmurod Masaidovning "Ayol qismati" badiiy filmi hamda Furqat Usmonovning "Inson" ko‘p qismli hujjatli filmi Gran-priga loyiq deb topildi.
"Eng yaxshi hujjatli film" nominatsiyasi bo‘yicha "Inson" hujjatli filmi Gran-pri bilan mukofotlandi. Sovrin film rejissyori Furqat Usmonovga topshirildi.
Mazkur kinokartina Kinematografiya agentligi hamda "Spectre" studiyasi tomonidan suratga olingan.
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan "Dilshoh media" kinostudiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, rejissyor Dilmurod Masaidovning adashib Suriyaga ketgan vatandoshlarni vataniga qaytarish yuzasidan amalga oshirilgan maxsus operatsiya haqida hikoya qiluvchi "Ayol qismati" badiiy filmi esa kinofestivalning eng nufuzli bosh sovrini "Eng yaxshi badiiy film" nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyevaga festivalning “Turkiy xalqlar kinematografiyasiga qo‘shgan xizmatlari uchun” hamda kinoaktrisa Yulduz Rajabovaga "Turkiy xalqlar birdamligi hamda hamdo‘stligiga qo‘shgan xizmatlari uchun", "Turksoy" xalqaro mukofoti topshirildi.
Festival doirasida "Eng kreativ qisqa metrajli film suratga olgani uchun" BDKI talabalari Akmal Abidjanov va Saida’loxon Ma’sudxonovlar festivalning esdalik ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanishdi.
Ma’lumot uchun "Qo‘rqut ota" uchinchi xalqaro kinofestivali estafetasi Ozarboyjonga topshirildi. 2023 yil ayni shu paytda Ozarboyjonning Shusha shahrida ushbu festival yana turkiy davlat kinoijodkorlariga o‘z eshiklarini ochadi.