O‘zbek olim Komiljon Rahimovning oltita kitobi Turkiyada chop etildi

Taniqli o‘zbek tasavvufshunosi, sharqshunos-manbashunos Komiljon Rahimov tayyorlagan naqshbandiya pirlari bilan bog‘liq olti kitob Anqarada “Fajr” nashriyotida turk tilida nashr etildi.

1739142
O‘zbek olim Komiljon Rahimovning oltita kitobi Turkiyada chop etildi

 

Tasavvufdagi “Kubraviya”, “Yassaviya” va “Naqshbandiya” tariqatlari O'rta Osiyo diyorida shakllanib, u yerdan islom olamining katta hududlariga, keyinchalik, hatto, Yer yuzining turli burchaklariga tarqadi.

Jahonda “Naqshbandiya” juda keng yoyilgan. Chunki u islom olamidagi eng so‘nggi va mukammal tariqat hisoblanadi. Turkiyada ham bu tariqat juda yuksak qadrlanadi. Hozirgi kunda ham bu mamlakatda uning ko‘p sonli muxlislari bor.

Ma’lumki, “Naqshbandiya” ta’limotining ketma-ket yetti piri aynan Buxoroda kamolga yetgan. Ular mangu qo‘nim topgan makon va qadamjolar asrlar mobaynida muqaddas ziyoratgohlar sifatida qadrlanadi. Mustaqillik yillarida bu maskanlar obod qilindi. Ayniqsa, keyingi yillarda bu masalaga alohida e’tibor qaratilyapti. Zero, bu tabarruk maskanlardan xorijiy va mahalliy ziyoratchilarning qadami arimaydi.

“Naqshbandiya”ning bu qadar e’tibor topishiga asosiy sabab nima? Bu masala turkiyalik kitobxonlarni ham qiziqtiradi.

Shu ehtiyojdan kelib chiqib, taniqli o‘zbek tasavvufshunosi, sharqshunos-manbashunos Komiljon Rahimov tayyorlagan naqshbandiya pirlari bilan bog‘liq olti kitob Anqarada “Fajr” nashriyotida turk tilida nashr etildi. Bu kitoblardan uchtasi ‒ monografiya. 

Bular ‒ “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir” (“Hacegan-Nakşibendiyye Tarikatı ve Yedi Pir”), “Xojagon-naqshbandiya tariqati va iqtisodiyot” (“Hacegan-Nakşibendiyye Tarikatı ve Ekonomi”) hamda “Movarounnahr tasavvufi ildizlari: ta’limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII – XI)” (“Maveraünnehir Tasavvufunun Kökleri: Tasavvuf Öğretisinin Gelişimi ve Sistemleştirilmesi (VIII – XI. Yüzyıllar”) nomli tadqiqotlar.

Qolgan uch kitob esa ‒ naqshbandiy pirlar yozgan asarlarning Komiljon Rahimov tomonidan tayyorlangan ilmiy-izohli nashrlari. Bular ‒ Hoja Abdulxoliq G‘ijduvoniyning “Vasiyatnoma” (“Vasiyetname”), Xoja Muhammad Orif Revgariyning “Orifnoma” (“Ârifname”) va Xoja Ali Romitaniyning “Risolai Hazrati Azizon” (“Risâle-i Hazret-i Azîzân”) asarlaridir.

Bu nashrlar birgalikda muayyan bir turkumni tashkil etadi. Ularning hammasiga yalpi holda baho beriladigan bo‘lsa, olim ulkan ishni amalga oshirib, bu yo‘lda katta mehnat sarflagan.

Milliy ma’naviy tariximizning keyingi 13 asri islom ta’siri bilan chambarchas bog‘liq. Shu muqaddas din bag‘rida paydo bo‘lib, taraqqiy etgan tasavvuf ta’limoti esa VIII asrdan boshlab milliy ma’naviy hayotning mag‘ziga singib bordi. 

XII asrda Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy tomonidan islom olamidagi eng so‘nggi va eng mukammal tariqat sifatida shakllantirilgan hojagon ta’limoti XIV asrda Xoja Bahouddin Naqshband tarafidan yanada takomillashtirildi va keyinchalik u “Naqshbandiya” deb atala boshladi. 

XV asrga kelib, Xoja Ahror Ubaydulloh Valiy, Nuriddin Abdurahmon Jomiy, Mir Alisher Navoiy hayoti, faoliyati va ijodiyoti misolida bu ta’limot g‘oyalari targ‘iboti o‘zining eng yuksak darajasiga ko‘tarildi.

Taniqli o‘zbek tasavvufshunosi, sharqshunos-manbashunos Komiljon Rahimovning yuqorida nomi keltirilgan tadqiqotlarida, tasavvufga doir manbalarda yetti asrlik davr qamrab olingan. Muhim jihatini alohida ta’kidlash kerakki, bu manbalarning aksariyati fors-tojik, bir qismi esa arab tilida. Ularning aksariyati hali zamonaviy talablar asosida nashr qilinganicha ham yo‘q. Arabiy va forsiy qo‘lyozma manbalar asosida ishlashning o‘z murakkabligi va katta mashaqqati bor, albatta.

Olim, umuman, islom olamida tasavvufning paydo bo‘lishi, uning taraqqiyotidagi zohidlik davri, so‘fiylik maktablari hamda oqimlarining yuzaga kelishi bosqichlari haqida tasavvurlarimizni muayyan bir xronologik tizimga soladi. To‘g‘ri, o‘zbek ilmida tasavvuf bilan bog‘liq ancha-muncha tadqiqotlar olib borildi. 

Ularda, jumladan, bu masalalarga ham u yoki bu darajada daxl qilingan. Ayniqsa, marhum ustoz, atoqli sharqshunos Najmiddin Komilovning ikki kitobdan iborat “Tasavvuf” deb nomlangan tadqiqotlari bu jihatdan alohida ajralib turadi. Lekin Komiljon Rahimov tadqiqotlarida tarixiy xronologiya asosida muayyan tadrijiylikni yoritib berish ‒ mavjud.

Tadqiqotchi, shuningdek, tasavvufning vujudga kelishi, zohidlik davri, so‘fiylik maktablari va oqimlarining aynan Markaziy Osiyodagi jarayonlarini ham yoritadi. Eng muhimi, bularning bariga yurtimizda “Xojagon-naqshbandiya” tariqatining yuzaga kelishiga zamin bo‘lgan jarayonlar sifatida qaraladi.

Tariqat “oltin silsila”sidagi Buxoroda yashab o‘tgan yetti pirni ko‘pchilik yaxshi biladi. Pirlik maqomi muayyan ketma-ketlik asosida biridan ikkinchisiga o‘tib kelganidan ham yaxshi xabardormiz. Biroq ilmga hozirgacha bu yetti buyuk zotning tariqatga aynan qanday hissa qo‘shgani, shu tariqa ro‘y bergan takomillashish jarayonlari haqida yetarli tasavvurga ega emas edik. 

Bu kitoblar ilmdagi ana shu bo‘shliqni to‘ldirgani bilan ham e’tiborga loyiq. Olim G‘ijduvoniy, Revgariy, Anjir Fag‘naviy, Romitaniy, Samosiy, Kulol va Naqshbandning bevosita ta’limot ravnaqiga kiritgan yangilik va qo‘shimchalarini ham izchil bayon etadi.

Bu kitoblarda “Xojagon-naqshbandiya” islom tasavvufining sintezi sifatida yuzaga kelgani, bunda, jumladan, Markaziy Osiyodan chiqqan mutasavvif olimlar qarashlarining alohida o‘rni bo‘lgani manbalarni sinchiklab o‘rganish asosida ko‘rsatib berilgan. Bu ilmimizdagi muhim yangilik sifatida baholanishi zarur.

Uning Turkiyada chop etilgan kitoblari amalda o‘zbek-turk do‘stligi, madaniy-ma’naviy hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu nashrlar aynan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yaqinda Istanbulda o‘tkazilgan Turkiy Kengashning sakkizinchi sammiti arafasida nashr etilgani ham o‘ziga xos ramziy ma’no kasb etdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Komiljon Rahimov

Aloqador xabarlar