Buxoro shahrida Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil aprel oyida ushbu xalqaro festivalni tashkil etishga oid farmoni va joriy yil oktyabr oyida Vazirlar Mahkamasining qarori imzolangan.
2022 yilning 21-25 may kunlari Buxoro shahrida Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali o‘tkaziladi.
O'zbekiston Turizm va sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, qo‘hna Buxoroda 2022 yildan boshlab Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini har 2 yilda bir marta o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil aprel oyida ushbu xalqaro festivalni tashkil etishga oid farmoni va joriy yil oktyabr oyida Vazirlar Mahkamasining qarori imzolangan.
Buxoro festivali doirasida "An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’ati taraqqiyoti" mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida zargarlik sanoatining xorijiy mamlakatlardagi vakillari, chet ellik investorlar, ekspert va mutaxassislar ishtirokidagi har yili o‘tkaziladigan an’anaviy "O‘zbek zargarlik yarmarkasi" xalqaro ko‘rgazmasi va zamonaviy uskunalar, texnologiyalar va zargarlik mahsulotlari sotuvi tashkil etiladi.
Xalqaro festival davomida turli taqdimotlar, ko‘rgazmalar, musiqali teatr namoyishlari va ko‘ngilochar dasturlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirilishi rejalashtirilgan.
Festivalning maqsadi, zardo‘zlik va zargarlik yo‘nalishlarida faoliyat olib boradigan, soha taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan tajribali va iqtidorli hunarmandlarni kashf qilish, nodir va yo‘qolib borayotgan san’at asarlarini asrab-avaylash, tiklash, eng ilg‘or amaliy dasturlarni targ‘ib qilish, yosh avlodga ushbu hunarni o‘rgatgan holda viloyatlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, xalqaro miqyosda milliy brendni yaratish va ommalashtirishdan iborat.
Festivalni yuqori darajada tashkil etish vazifalari Investitsiyalar va tashqi savdo, Turizm va sport vazirliklari, Buxoro viloyati hokimligi, "Hunarmand" respublika assotsiatsiyasi va "O‘zbekzargarsanoat" tashkilotlari zimmasiga yuklatilgan.