O'zbekistondan Antaliyaga "press-tur" tashkil etildi

Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat va turizm bo‘limi tashabbusi bilan Antaliyaga “Safe Tourisim”, ya’ni “Xavfsiz turizm” mavzusida “Info-tur” tashkil etildi. Unda O’zbekistondan bir guruh OAV vakillari ishtirok etdi.

1668168
O'zbekistondan Antaliyaga "press-tur" tashkil etildi

 

Turkiyada ayni paytda “Pandemiya sharoitida turizm” loyihasi amal qilmoqda. Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi joriy yil yoz mavsumida “Sog‘lom turizm sertifikati” dasturini ishlab chiqdi. Loyiha va dastur asosida 2023 yilda mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini 75 millionga yetkazish rejalashtirilgan.

Ana shu loyiha va dasturga muvofiq, 21-25 iyun kunlari Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat va turizm bo‘limi tashabbusi bilan qadimiy va zamonaviy shahar – Antaliyaga “Safe Tourisim”, ya’ni “Xavfsiz turizm” mavzusida “Info-tur” tashkil etildi. Unda O’zbekistondan bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Antaliya Turkiyaning janubidagi O‘rta yer dengizi sohilidagi kurort va port shahri hisoblanib, unda 3 millionga yaqin aholi yashaydi. Shahar, ayniqsa, yoz faslida sayyohlar bilan to‘lib-toshadi. Shahar hududi eski va yangi 5 ta tuman (Aksu, Dushemealti, Kepez, Konyaalti, Muratpasha) ga bo‘linadi. Antaliyaga miloddan avvalgi 159 yilda Pergamon qiroli Attalus II buyrug‘i bilan asos solingan. Shu bois Attalus II ning haykali shahar markaziga o‘rnatilgan. Boy tarixga ega mazkur maskan o‘tmishda imperatorlar shahri, deb ham nomlangan.

Antaliya sayyohlar eng ko‘p keladigan shaharlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turadi. Turkiya hududining 60 foizdan ortiqroq yeri tog‘ va bog‘lardan iborat bo‘lganligi tufayli bu yerga yilning istalgan vaqtida sayyohlar tashrif buyuradi.

Jahon iqtisodiyotiga soya solgan pandemiya Antaliyaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda Antaliyada ikki mingga yaqin mehmonxona faoliyat ko‘rsatadi. Shahar O‘rta yer dengizi sohiliga tutashib ketgan, dengiz va shahar o‘rtasida qurilganiga qariyb 300 yil bo‘lgan uylar bor.

Sayyohlarni o‘ziga rom etgan Dyuden sharsharalari O‘rta yer dengizi sohilida joylashgan bo‘lib, balandligi 30 metrga teng. Sharshara Dyuden daryosi irmog‘idan boshlanadi. Bu daryo esa Antaliyadan o‘ttiz kilometr uzoqlikda joylashgan. Sharshara bosim bilan yer ostidan otilib chiqadi va dengizga quyiladi.

Antaliya subtropik iqlimga ega, qishi iliq, yomg‘irli, yozi esa issiq va quruq bo‘ladi. Antaliyada turizm mavsumi bahorning may oyidan boshlanadi.

Yozning qoq chillasida charaqlab turgan quyosh bir zumda o‘rnini bulutlarga bo‘shatib beradi va sharros yoqqan yomg‘ir quyosh tig‘ida kuygan tanalarga ajib bir yengillik va rohat bahsh etadi.

Antaliya bolalarni sevadi. Shaharda jajji qalb sohiblari uchun barcha sharoit mavjud. Restorandagi o‘rindiqlardan tortib kolyaskalaru maxsus nishablargacha! Antaliyada tashkil qilingan The Land of Legends tematik parki nafaqat bolalar, balki kattalarga ham o‘zgacha zavq beradi. Bu yerda bolalar uchun maxsus qurilgan besh yulduzli Kingdom mehmonxonasi joylashgan, unda bolalar o‘zlarini ertakdagidek his qilishadi. Antaliyada bolalarning nafaqat yaxshi dam olishi, balki intellektual rivojlanishi va dunyoqarashini kengaytirishiga yordam beruvchi ko‘plab joylar bor.

Antaliyada har qadamda apelsin bog‘iga duch kelasiz. Apelsin bog‘iga qadam tashlashingiz bilan dimog‘ingizga ajib va yoqimli hid uriladi. Daraxtlarda osilib turgan va yerga to‘kilib yotgan apelsin mevalari ko‘zni quvnatadi.

Shahar agrar sohada ham yetakchi o‘rinda turadi. Antaliyada apelsindan tashqari zaytun, anor, har xil turdagi meva-sabzavotlar ham yetishtiriladi. bugungi kunda shaharda bir milliondan ortiq issiqxona tashkil qilingan. Turkiyaning deyarli barcha hududiga aynan Antaliya issiqxonalarida yetishtirilgan meva-sabzavotlar yetkazib beriladi.

Ikkinchi asrda xayriya yo‘li bilan bunyod etilgan teatr bugun ham gavjum. U Saljuqiylar davrida qayta ta’mirlangan. Balandligi 7 qavatli imoratga teng mazkur bino o‘z ichiga 17 ming tomoshabinni sig‘dirgan.

Bu yerda doimiy tarzda klassik musiqa konserti, opera va balet tomoshalari namoyish etiladi. Tomoshabinlar hatto sahnadagi pichirlagan ovozni ham eshita oladi.


Tanlangan kalimalar: #Antaliya , #Press-tur , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar