Alisher Navoiy maqbarasi O‘zbekiston tomonidan qayta ta'mirlanadi

O‘zbekiston hukumati buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini ta’mirlashda Afg‘onistonga yordam bermoqchi. Bu haqda O’zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning OAV uchun o‘tkazilgan an'anaviy brifingda ma'lum qilindi

1653209
Alisher Navoiy maqbarasi O‘zbekiston tomonidan qayta ta'mirlanadi

 

O‘zbekiston hukumati buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini ta’mirlashda Afg‘onistonga yordam bermoqchi.

Bu haqda O’zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning OAV uchun o‘tkazilgan an'anaviy brifingda ma'lum qilindi.

Uning ta’kidlashicha, Alisher Navoiy maqbarasini obod qilish ishlari O‘zbekiston ajratgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

“Xabaringiz bor, o‘tgan hafta dushanba kuni hurmatli Prezidentimiz huzurida qurilish, turizm va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. O‘sha taqdimotda ko‘rsatilgan bir loyihaga alohida to‘xtalmoqchiman. U ham bo‘lsa, Alisher Navoiy qabrini obod qilish ishlaridir.

Ma'lumki, Navoiy bobomizning qabri Afg‘oniston Islom Respublikasining Hirot shahrida joylashgan. Bugungi kungacha bu joyga umuman e'tibor berilmagan edi.

Shu bois davlatimiz rahbari Alisher Navoiy maqbarasini obodonlashtirish vazifasini qo‘ygan edilar. Afg‘onistonda oxirgi yillardagi ijobiy o‘zgarishlar, O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslari bilan ikki mamlakat o‘rtasida uyg‘ongan iliqlik va hamkorlik tufayli bu xayrli ish amalga oshadigan bo‘lib turibdi.

Loyihaga ko‘ra, u yerda faqat ta'mirlash yo tiklash ishlari emas, katta majmua qurish maqsad qilingan. Unda maqbaradan tashqari masjid, muzey, ayvonlar, avtoturargoh va bog‘lar bo‘ladi”,- dedi Sherzod Asadov o‘z nutqida.

Eslatish joizki, 2020 yil 19 oktyabrda qabul qilingan “Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga doir prezident qarori”da mutafakkirning maqbarasini obodonlashtirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish vazifasi topshirilgandi.

Prezident topshirig’iga binoan, O‘zbekiston delegatsiyasi dekabr oyida O’zbekiston bilan Afg’oniston o’rtasidagi o‘zaro madaniy aloqalarni rivojlantirish va Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Hirot shahrida bo‘lib qaytgandi.

O’shanda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari tashrif doirasida O’zbekiston hukumati Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash va uning atrofini obodonlashtirish bo‘yicha Afg‘onistonning mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Shu o‘rinda 2021 yil Alisher Navoiyning 580 yillik yubileyi O‘zbekistonda keng miqyosda nishonlanishi ma’lum qilingandi.


Tanlangan kalimalar: #Afg'oniston , #O'zbekiston , #Alisher Navoiy

Aloqador xabarlar