Zahiriddin Muhammad Boburning “Mubayyin” asari qo‘lyozma nusxasi O‘zbekistonga topshirildi

Kitob nusxasi Eron fors tili va adabiyoti akademiyasi raisining o‘rinbosari Muhammad Rizo Nossiriy tomonidan o‘zbek diplomatlariga taqdim etildi.

1646078
Zahiriddin Muhammad Boburning “Mubayyin” asari qo‘lyozma nusxasi O‘zbekistonga topshirildi

 

O‘zbekistonning Erondagi elchixonasiga Zahiriddin Muhammad Boburning “Mubayyin” asari qo‘lyozmasining fotonusxasi topshirildi.

Kitob nusxasi Eron fors tili va adabiyoti akademiyasi raisining o‘rinbosari Muhammad Rizo Nossiriy tomonidan o‘zbek diplomatlariga taqdim etildi.

“Mubayyin” - falsafiy-diniy mavzudagi asar bo‘lib, unda Bobur Mirzo islom dinining besh ruknini hanafiy mazhabi asoslari doirasida qanday to‘g‘ri bajarilishini bayon qilgan.

Qo‘lyozma eski o‘zbek tilidagi eng go‘zal hattotlik yo‘nalishlaridan biri - nastaliq xatida ko‘chirilgan. Shuningdek, u fors tiliga tarjima qilingan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu qo‘lyozma bundan 400 yil avval Hindistonda qog‘ozga tushirilgan. “Mubayyin” qo‘lyozma nusxasi Eron hududiga Kashmir orqali olib kelingan. Kitob so‘nggi 120 yildan ortiq vaqt davomida “Guliston” saroyi muzeyi kolleksiyasida saqlanmoqda.

Qayd etish kerakki, “Mubayyin” asari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi tomonidan O'zbekiston bilan bog‘liq xorijiy qo‘lyozmalar ro‘yxatiga kiritilgan.

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqining tarixiy va madaniy merosi namunalarini Vatanga qaytarish haqida topshiriq bergan edi. Mamlakatning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari mazkur markaz bilan ushbu yo‘nalishda yaqin hamkorlik qilmoqda.



Aloqador xabarlar