Atoqli turk shoiri Yunus Emrening yangi devoni topildi

Vatikan internet tarmoqlarida berib borilayotgan elektron kitoblar orasida turk shoiri Yunus Emrening shu paytgacha maʼlum boʻlmagan 200 sheʼrdan iborat yangi devoni taqdim etildi.

1643468
Atoqli turk shoiri Yunus Emrening yangi devoni topildi

 

Vatikan internet tarmoqlarida berib borilayotgan elektron kitoblar orasida turk shoiri Yunus Emrening shu paytgacha maʼlum boʻlmagan 200 sheʼrdan iborat yangi devoni taqdim etildi.

Vatikan kutubxonasi bir muddat avval raqamli turk qoʻlyozmalari kolleksiyalarini elektron shaklda saytiga joylar ekan "Mehmet Akif Ersoy" Universitetining Yangi turk adabiyoti fakulteti mutaxassisi, filologiya fanlari doktori Himmat Buke adib Yunus Emrega oid taxminan 200 sheʼrdan iborat yangi bir devon topilganini eʼlon qildi.

Himmat Buke oʻz soʻzida topilgan yangi devon 2 kitobga boʻlinib, yaqinda chop etilishini qayd etdi.

 

Quyida Rahmat Bobojon tarjimasida Yunus Emre hikmatlari va sheʼrlaridan taqdim etamiz.

* * *

Xushdir menga sendan kelgan neki bor: Yo bir guldir, yoxud tikan. Yo hayotdir, yoxud kafan. Inon, zulmating ham xushdir, nuring ham. Qahring ham xushdir, mehring ham.

* * *

Hech qanday xato qilmagan odam, hech nima qilmagan odamdir. Bu hayotdagi eng katta xato: oʻzingni xatosiz hisoblamoqdir.

* * *

Koʻp mol haromsiz, koʻp soʻz yolgʻonsiz boʻlmas.

* * *

Aning koʻrkli nazari koʻngillar oynasidir.

* * *

Borsanki unutma Yaratgan yordir,

Sanama zolimning bilgani dordir,

Mazlumning ohlari yiqitar shohni,

Bilki, har narsaning oʻz vaqti bordir.

* * *

Koʻzim Seni koʻrmoq uchun, qoʻlim Senga bermoq uchun,

Bugun jonim yoʻlda qoʻydim, erta Sening boʻlmoq uchun.

Bugun jonim qoʻysam yoʻlga, erta haqqini berursan,

Arz aylama Uchmohingdan, hech orzum yoʻq Uchmoh uchun.

Menga Uchmoh nega kerak, hargiz koʻnglim boqmas unga,

Qilgan bori figʻonlarim, emasdurur bir bogʻ uchun.

Uchmoh Uchmohim deganing, moʻminlarni chorlaganing,

Bir uy ila nechadir hur, havasim yoʻq quchmoq uchun.

Bunda hatto berding bizga, ul hurlardan juftu halol,

Undan hatto kechti orzum, orzum Seni koʻrmoq uchun.

Soʻfiylarga ber esdalik, menga Sening kerak seni,

Men necha tark etsam seni, shul bir sokin chortoq uchun.

Yunus hasratdurur senga, hazratini koʻrsat unga,

Ishing zulm emas axir, faryod ayla bormoq uchun.

* * *

Togʻlar ila, toshlar ila, chorlagayman Mavlom sani,

Saharlarda qushlar ila, chorlagayman Mavlom sani.

Suv yuzida mohi ila, sahrolarda ohu ila,

Abdol oʻlib “Yo, Hu” ila, chorlagayman Mavlom sani.

Osmondagi Iso ila, Tur togʻinda Muso ila,

Qoʻlimdagi aso ila, chorlagayman Mavlom sani.

Dardi bitmas Ayyub ila, koʻzlari yosh Yaʼqub ila,

Ul Muhammad mahbub ila, chorlagayman Mavlom sani.

Hamdu shukrulloh ila, vasfi Kulhuvalloh ila,

Har on zikrulloh ila, chorlagayman Mavlom sani.

Bilmay bu dunyo holin, tark etdim qiylu qolin,

Bosh ochiq, oyoq yolang, chorlagayman Mavlom sani.

Yunus oʻqur dillar ila, ul qumri, bulbullar ila,

Haqni sevgan qullar ila, chorlagayman Mavlom sani.


Tanlangan kalimalar: #turk shoir , #Yunus Emre

Aloqador xabarlar