Buxoroda xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali o‘tkaziladi

O‘zbekiston Prezidentining "Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida"gi farmoni imzolandi.

1632249
Buxoroda xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali o‘tkaziladi

 

O‘zbekiston Prezidentining "Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida"gi farmoni imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, 2022 yildan boshlab har ikki yilda may oyida Buxoro shahrida xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali o‘tkaziladi. Uning doirasida ko‘rik-tanlov, taqdimot va ko‘rgazmalar, teatrlashtirilgan konsert va ko‘ngilochar dasturlar, madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari uyushtiriladi.

2022 yil 21-25 may kunlari tashkil etilishi rejalashtirilgan birinchi festival dasturiga "An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish istiqbollari" mavzusida ilmiy-amaliy anjuman kiritiladi.

Festivalga uyg‘un holda Toshkent shahrida xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmog‘i vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda “Uzbek Jewellery Fair” zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi.

Xalqaro tadbir faoliyatini amalga oshirish zardo‘zlik va zargarlik rivojiga salmoqli hissa qo‘shish bilan birga tajribali va iqtidorli hunarmandlarni aniqlashga imkon beradi. Bundan tashqari, u o'zbek xalqining milliy qadriyatlarini asrab-avaylash va ularning noyob turlarining yo‘qolib borayotgan namunalarini qayta tiklash, yosh zargarlarni tayyorlash va hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, milliy brend sifatida xalqaro miqyosda zardo‘zlik va zargarlik namunalarini targ‘ib etishga xizmat qiladi.



Aloqador xabarlar