Toshkentda "Yevroosiyo" xalqaro teatr san’ati festivali o‘tkaziladi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori e’lon qilindi.

1629203
Toshkentda "Yevroosiyo" xalqaro teatr san’ati festivali o‘tkaziladi

 

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori e’lon qilindi.

Unda  teatr san’atining noyob namunalarini keng targ‘ib qilish, rivojlantirish, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish  bo‘yicha qator vazifalar  o‘rin oldi.

Qarorda “Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivalini 2022 yildan boshlab ikki yilda bir marta Toshkent shahrida o‘tkazish vazifalari va festivalni tashkil etish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.

Festival har ikki yilda bir marta oktabr oyining so‘nggi o‘n kunligida Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

“Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivalini tashkil etishdan maqsad O‘zbekiston va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi teatr san’ati, davlatlararo madaniy aloqalar sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, yagona madaniy platformani yaratishdan iborat.

Mazkur xalqaro madaniyat tadbiri turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish hamda teatr ijodkorlarini birlashtirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston aholisi va mehmonlarini zamonaviy teatrning bugungi holati, yetakchi sahna ustalari va teatr san’atining eng yaxshi namunalari bilan tanishtiradi va iqtidorli ijodkor yoshlarni aniqlab, yuzaga chiqaradi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, tashkiliy qo‘mita festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini bir oy muddatda ishlab chiqadi.  Festival o‘tkaziladigan yilning 1 martiga qadar xorijiy davlatlardan ishtirok etadigan teatrlar jamoalari ro‘yxati shakllantiriladi.

“Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festival  doirasida  ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi. Xalqaro tadbir  o‘tkaziladigan yilning 1 mayiga qadar ilmiy-amaliy konferensiyada xorijiy davlatlardan ishtirok etadigan teatrshunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlar ro‘yxati shakllantiriladi.

Hujjatda festival doirasida tashkil etiladigan madaniy tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan turistik tashkilotlarni oldindan xabardor qilish va ularda xorijiy sayyohlar ishtirokini ta’minlash ishlari ham nazarda tutilmoqda.



Aloqador xabarlar