Sardoba – sahro marvaridi...

Sardoba soʻzi fors tilidan olingan boʻlib, sard (sovuq) va ob (suv) soʻzlarining qoʻshilishidan yasalgan. Bu nomning oʻziyoq mazkur inshoot suvni saqlash uchun xizmat qilganligini anglatib turibdi.

1462720
Sardoba – sahro marvaridi...

 

Buyuk ipak yoʻli – Markaziy Osiyo orqali oʻtgan va bu savdo yoʻlining aksariyat qismi bepoyon choʻlu sahrolarga toʻgʻri kelardi.

Yer osti suvlarining shoʻrligi, quduqlarning koʻmilib ketishi va qurib qolishi natijasida yoʻlovchilarni suv tanqisligi muammosi doimiy qiynab kelgan. Ayniqsa, jazirama yoz oylarida suvga ehtiyoj juda katta. Bu hol kishilarni choʻllardagi qor va yomgʻirning chuchuk suvlaridan foydalanishga majbur etgan. Suvdan samarali foydalanishga intilish ajdodlarimizni sardobaga oʻxshash inshootlarni barpo etishga undagan. Sardobalardagi suvni ifloslanishdan saqlash uchun atrofi devor bilan oʻralgan. Suvning yerga singishini kamaytirish choralari koʻrilgan. Suv bugʻlanishini kamaytirish maqsadida bunday hovuzlarning usti yopilgan. Sardoba quruvchilarining topqirligiga, tadbirkorligiga har qancha qoyil qolsa arziydi.

Sardoba soʻzi fors tilidan olingan boʻlib, sard (sovuq) va ob (suv) soʻzlarining qoʻshilishidan yasalgan. Bu nomning oʻziyoq mazkur inshoot suvni saqlash uchun xizmat qilganligini anglatib turibdi.

Manbalarga koʻra, oʻrta asrlarda Movarounnahrda 44 ta sardoba boʻlib, ulardan 29 tasi Qarshi choʻllarida bunyod etilgan. Asosan choʻl hududlarida qad rostlagan sardobalar uning bunyodkorlari nafaqat meʼmoriy uslub, balki tabiiy oʻzgarishlar, kimyoviy-fizik qonuniyatlardan, joʻgʻrofiy ilmlardan yaxshi xabardor boʻlganlari va bu ishlarni puxta oʻzlashtirganlaridan dalolat beradi.

XVI asrning ikkinchi yarmida Abdullaxon II tomonidan koʻplab sardobalar qurilgan. Ular ichida Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi Qorovulbozor va Boʻzachi sardobalari zamon va makon ichida roʻy bergan voqea va hodisalar, tabiat oʻzgarishlariga qaramay bizgacha yetib kelgan. Mazkur tarixiy inshoot hali-hamon qad rostlab qadim tariximizdan soʻylab turuvchi tili-zabonsiz haqiqatdir.

Qorovulbozor sardobasi shahar markaziga kiraverishda joylashgan.Uning uchta darvozasi boʻlib, hovuzining diametri 16 metrdan koʻproqni tashkil etadi. Gumbazining balandligi esa 6,5 metrga teng. Sardoba devorlarining qalinligi 1,5 metrgacha qilib terilgan.

Sardoba darvozalaridan tashqari, suv tushishi uchun moʻljallangan maxsus teshiklar va tepasida tuynuklar mavjud. Inshoot pishiq gʻisht bilan ganch qorishmasidan qurilgan. Gʻishtlar ustidan saksovuldan tayyorlangan koʻmir qatlami toʻshalib, uning ustidan 3 qavat tuya junidan tayyorlangan kigiz, soʻng pardozlangan 3 qavat mol terisi yopilib, uning ustidan gʻisht terilgan va ganch bilan suvalgan. Bu hol bir necha bor takrorlangan. Bunda saksovul suvni tuzlardan tozalashda filtr vazifasini bajargan boʻlsa, ganch, pishiq gʻisht va mol terisi suvning yerga ortiqcha shimilib ketishini himoya qilgan.

Viloyat madaniy meros boshqarmasining xabariga koʻra, Davlat muhofazasiga olingan Qorovulbozor sardobasida 2018-2019-yillarda respublika byudjet mablagʻlari hisobidan asrashga doir konservatsiya, restavratsiya va obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Yurtimiz va xorijiy sayyohlar tashrif buyurishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Boʻzachi sardobasi Qorovulbozor sardobasidan ancha kichik.Ular orasidagi masofa 17 kilometrni tashkil etadi. Tuzilishi jihatidan ancha ixcham boʻlgan bu inshootning uchta deraza va kirish joyi mavjud. Diametri 13 metrga teng. Boʻzachi sardobasida 2022-yilda konservatsiya va restavratsiya ishlarini olib borish rejalashtirilgan.

Bu noyob va nodir yodgorliklarni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga bekami koʻst yetkazish ham farz, ham qarz hisoblanadi.

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Sardoba

Aloqador xabarlar