Namangandagi qadimiy Xoʻja Amin maqbarasi haqida ma'lumot...

Namangan shahrining Chorsu hududi yaqinida meʼmoriy yodgorlik –Xoʻja Amin maqbarasi joylashgan.

1444880
Namangandagi qadimiy Xoʻja Amin maqbarasi haqida ma'lumot...

 

 

Maqbara XVIII asrning ikkinchi yarmida, Namangan Fargʻona vodiysining yirik shaharlaridan biriga aylangan vaqti qurilgan. Yodgorlikka qarab, milliy hunarmandlarning oʻlmas sanʼatiga tasanno aytasiz. Maqbara binosini bezatishda oʻyma naqshlardan foydalanilgan. Samarqandning XIV-XV asrlarga tegishli yodgorliklari, Buxoroning XVI-XVII asrlarga tegishli binolari rangli qoplamalardan ishlangan ajoyib naqshlari bilan yaraqlaydi, biroq oʻyma naqshlarni koʻrmaysiz. Lekin, XVIII asrning ikkinchi yarmida Namangan maqbarasida oʻyma naqsh ishlatilgani hayratlanarli. Maqbaraga kiraverishda boʻrtma harflarda “Abduraim oʻgʻli usta Muhammad Ibrohimning asari”, deb yodgorlikni qurgan ustaning ismi yozilgan.

Binoning old tomoni nayzasimon ark shaklida, burchaklarida guldasta naqshli baland peshtoq bor. Portal arki tepasiga P shaklida hoshiya bilan ishlov berilgan, ular ingichka va qalin tasmalar almashinuvida ishlangan boʻlib, guldasta hamda geometrik naqshlar bilan bezatilgan.

Qalin hoshiyalar oʻyilgan chinni terrakota tasmalari bilan bezatilgan, ingichkalari esa alebastr ustiga ikki qavatli oʻyma uslubida bajarilgan. Maʼlumki, binoning pastki qismi avvallari qizil rangga boʻyalgan boʻlib, ochiq oq rangli oʻyma uchun fon oʻrnida boʻlgan. Hozirgi vaqtga kelib ikkala qavati ham bir xil rangda va oʻyma terrakota chinnidan, deyarli farqi yoʻq.

Xoʻja Amin maqbarasining badiiy bezagi yuqori did bilan mohirona bajarilgan. Alohida boʻlaklarida butun kompozitsiyasi kabi badiiy hissiyotlar, marom va mutanosiblik ruhi kuzatiladi. Shu bilan birga butuni va boʻlaklari bir butun uslubda birlashgan.

Garchi, oʻyma yozuv va naqshlari gul va geometrik shakllarda bajarilgan boʻlsa-da, naqsh madaniyati boyligi va turli xilligi bilan kishini lol qoldiradi. Rassom didi va mahirona ijrosi orqali nafis bejirimlik namunasini yaratgan.

 


Tanlangan kalimalar: #Xoʻja Amin maqbarasi , #Namangan

Aloqador xabarlar