Olchaning foydali xususiyatlarini bilasizmi?

Shu kunlarda bogʻlarda, aholi tomorqalarida sarxil mevalardan – olcha gʻarq pishgan palla. Olcha foydali vitaminlarga boy mevalardan hisoblanadi.

1440236
Olchaning foydali xususiyatlarini bilasizmi?

 

Yer yuzida olchaning 150 ga yaqin turi mavjud boʻlib, Oʻzbekistonda  kamxastak, qizil mevali yoki chiya hamda adir va togʻ yon bagʻirlarida yovvoyi turlari uchraydi. Olcha mevasi yalligʻlanishga qarshi, balgʻam koʻchiruvchi, terini tozalovchi, qonni koʻpaytiruvchi xususiyatlarga ega.Shuningdek, yurak urishini maromiga keltirishda, immunitetni koʻtarishda samarali hisoblanadi. Tarkibida yalligʻlanishga qarshi moddalar borligi sabab, olcha mevasi sharbati hamda bandi va shoxchasidan tayyorlangan damlama artrit, revmatizm, artroz kasalliklari bezovta qilganida boʻgʻimdagi ogʻriqni toʻxtatishda, shishlarni yoʻqotishda yordam beradi. Agar uzoq vaqtdan buyon bel ogʻrigʻi qiynayotgan boʻlsa, olcha daraxtining poʻstloq qismini qaynatib, ichish tavsiya etiladi.

Olcha melotoninga tabiiy kondir.Uyqusizlikdan aziyat chekuvchi insonlar yotish oldidan olcha mevasi yoki sharbatini isteʼmol qilsa, ularda uyqu davomiyligining oshishi tadqiqotlarda isbotlangan.Olcha shoxchasidan tayyorlangan damlama ichketar, qorin ogʻrigʻida shifo boʻladi. Ozish istagida boʻlganlar esa ushbu mevadan kuniga 3 mahal, 10 donadan ovqatdan oldin yesa, oy davomida 5-8 kilo vazn tashlaydi. Olcha qonni suyultirib, tozalaydi, siydik yoʻllarini yalligʻlanishdan xalos qiladi, gemoglobinni koʻpaytiradi va yurak xastaliklarining oldini oladi.

Qish gʻamini yozda oʻylaydigan bekalar ayni kunlarda olchadan shirindan shakar murabbo, sharbatlar tayyorlash harakatida.Shuni yodda tutish kerakki, murabboga olchani danagidan ajratgan holda solish tavsiya etilar ekan. Boisi, danagi va olcha urugʻi tarkibidagi amigdalin moddasi uzoq saqlansa, organizmni zaharlashi mumkin. Oshqozon yarasi, qandli diabet, pankreatit, oʻpka yalligʻlanishi, teri kasalliklari, psoriazda bu mevani imkon qadar kamroq yeyishni tavsiya etiladi. Yaʼni, har narsada meʼyorga amal qilgan yaxshi.


Tanlangan kalimalar: #meva , #O'zbekiston , #Olcha

Aloqador xabarlar