Amir Temur Oqsaroyning tomi tepasiga ulkan marmar hovuz qurdirganini bilasizmi?

Amir Temur davrida markaziy shaharlar va ularning atrofida suv inshootlari qurilib, bogʻlar barpo etildi. Bu jarayonda, ayniqsa, ulkan mamlakat poytaxti Samarqandni obodonlashtirishga alohida ahamiyat qaratildi.

1435683
Amir Temur Oqsaroyning tomi tepasiga ulkan marmar hovuz qurdirganini bilasizmi?

 

Amir Temur davlati iqtisodiyotida dehqonchilik asosiy oʻrin tutganligi mamlakatda sugʻorish ishlariga alohida ahamiyat qaratishni taqozo etardi. Shu bois ham XIV asr oxiri – XV asr boshlarida Movarounnahr va Xurosonda katta-kichik daryo va soylardan yirik irrigatsiya tarmoqlari chiqarildi.

Suvdan foydalanish ishlarini rivojlantirish maqsadida korizlar qazildi, suv omborlari va hovuzlar barpo etildi. Bundan tashqari, suv tanqis ayrim viloyat va vohalar, shahar va qishloqlarning suv taʼminotini yaxshilash uchun suv inshootlari qurildi.

 

HOVUZLAR XONADONNING MIKROIQLIMINI SAQLAB TURGAN

Amir Temur davrida bunyod etilgan va foydalanilgan bunday suv inshootlari ichida suv yigʻish va saqlash uchun qazilgan chuqur joy, ichimlik suvi saqlanadigan sunʼiy suv havzasi hisoblangan hovuzlar ajralib turadi. Jumladan, Sohibqiron Temur tomonidan bunyod etilgan koʻrkam bogʻlarning har biri muhandislik texnologiyalari asosida qurilgan bir nechta hovuzlar bilan jihozlangan. Bunday hovuzlar estetik zavq olish predmeti vazifasini bajarishi bilan bir qatorda, undagi suvdan turli maqsadlarda foydalanilgan.

Ayrim oʻrta asr shaharlarida har bir mahallaning masjidi oldidagi katta hovuzlarga suv toʻlgʻazilib, ulardan qishu yozda kundalik maishiy ehtiyoj uchun ishlatilgan. Shuningdek, xonadonlarda ham mayda hovuzchalar boʻlgan. Hovuz va hovuzchalarning suvlari, birinchidan, xoʻjalik ehtiyoji uchun sarflansa, ikkinchi tomondan, yoz oylarida havoni namlatishga, har bir xonadonda oʻziga xos mikroiqlim yaratishga yordam bergan.

Maʼlumotlarga koʻra, oldi-sotdi uchun qulay savdo rastasi boʻlmagani sababli Amir Temur Samarqandning u boshidan bu boshigacha kesib oʻtgan bir koʻchaning ikki chetiga doʻkonlar qurishni buyuradi. Klavixoning yozishicha, kecha-kunduz ishlanib, ariqlari va hovuzlari bilan birga bozor juda qisqa vaqtda qurib bitkaziladi.

Demak, hovuzlar nafaqat masjidlar yonida, shahar maydonlari, bogʻlar, chorbogʻlar, saroy hovlisida, balki bozorlarda ham qurilgan. Suvni iflos qilmasdan toza saqlash odati muqaddas qonun hisoblangan. Hovuzlar tabiiy sharoitlarni hisobga olgan holda bunyod etilgan. Ularning atrofi toshlar bilan qoplab yoki daraxtlar ekib mustahkamlangan.

 

SUVI SEROBLIGI SABAB SAMARQAND “DUNYONING JANNATI” DEB TAʼRIFLANGAN

1386-yildan Temur davlati tasarrufiga kirgan Janubiy Ozarbayjondagi bosh shahar – Tabrizda toʻqqiz kun turgan ispan elchisi Klavixo oʻz kundaliklarida: “Shahar koʻchalari va maydonlarida koʻplab hovuz va quduqlar bor. Bahorda ularga muz toʻldirib, yoniga odamlar suv ichadigan mis va temir kosalar qoʻyiladi”, – deb qayd etgan.

Tarixchi olim O.Boʻriyevning maʼlumot berishicha, Hofiz Abru oʻzining “Geografiya” asaridagi “Movarounnahr tavsifi” qismida Samarqand haqida shunday yozadi: “Mahallalar, bozorlar, koʻchalar va aksar xonadonlarda oqar suvlar bor. Qaysi joyga bormagin katta hovlilarning birortasi hovuzsiz va daraxtsiz emas. Shu sababdan, (shahar) "Jannat ad-dunyo” (“Dunyoning jannati”) degan unvon olmish".

 

OQSAROYGA SUV MAXSUS QOʻRGʻOSHIN QUVURLARDA OQIB KELGAN

Yuqorida qayd etilganidek, Amir Temur davrida markaziy shaharlar va ularning atrofida suv inshootlari qurilib, bogʻlar barpo etildi. Bu jarayonda, ayniqsa, ulkan mamlakat poytaxti Samarqandni obodonlashtirishga alohida ahamiyat qaratildi. Oʻsha davr bogʻlarining meʼmoriy qiyofasi, ulardagi suv inshootlari xususida 1404-yili Samarqandga Ispaniyadan elchi boʻlib kelgan Rui Gonsales de Klavixo, Sharafuddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida qimmatli maʼlumotlar uchraydi.

Biroq Keshdagi meʼmoriy moʻjiza hisoblangan Oqsaroy majmuining meʼmorlik tarixi uchun Klavixo yozib qoldirgan taassurotlar yagona guvoh-hujjat hisoblanadi.Ispan elchisi Oqsaroydagi oq toshtaxtalar toʻshalgan katta hovli oʻrtasida yirik hovuz borligini qayd etgan. Bundan tashqari, Oqsaroyning eng noyob xususiyati shundaki, uning tomi tepasida marmardan katta bir hovuz bunyod etilgan. Bu hovuzga suv maxsus qoʻrgʻoshin quvurlar orqali Taxti qoracha dovonidan keltirilgan, keyin suv pastga sunʼiy sharshara holatida tushgan.

Manbalardagi maʼlumotlarga koʻra, Samarqand tevaragidagi 12 chorbogʻdan biri, shaharning sharq tomonidagi “Bogʻi Dilkusho”ning oʻrtasidan keng xiyobon oʻtgan, undagi uch qavatli koʻshk yoki saroy atrofiga chinor va tut daraxtlari ekilgan. Bogʻning yuqori qismida hovuzlar boʻlgan. Maʼlumki, bogʻlarning haqiqiy bogʻ boʻlishi, gurkirab yashnashi uchun suv masalasi toʻgʻri hal qilinishi lozim.Chunki bogʻlarning qon tomirlari boʻlmish kanallar, ariqlar bogʻlarni suv bilan taʼminlashi kerak.Ushbu bogʻlar asosan Zarafshon (Koʻhak) daryosi, shuningdek, Dargʻom arigʻidan sugʻorilgan.

 

SOHIBQIRONNING SOʻLIM BOGʻLARIGA FAVVORALAR KOʻRK BERIB TURGAN

Bogʻlardagi hovuzlar toʻrtburchak va toʻgʻri toʻrtburchak shaklida qurilgan boʻlib, katta-kichikligi turlicha boʻlgan. Masalan, “Bogʻi Davlatobod”da 4 ta hovuz mavjud boʻlib, biri 62x28 metr, ikkitasi 25x25 metr, yana biri 32x32 metr boʻlgan. Ota-bobolarimizning maʼlumotlariga koʻra, musulmonchilik qoidalariga binoan hovuzlarning eni ham, boʻyi ham kamida 40 gaz qilib qurilgan, aks holda, undagi suv harom deb hisoblangan. Soʻzsiz, boshqa bogʻlarda ham koʻplab hovuzlar boʻlgan va ularning chetlariga marmartosh taxtalari yotqizilgan.

Bogʻlardan oqib oʻtgan kanal va ariq suvlaridan tashqari, sunʼiy ravishda bunyod etilgan sharsharalar mavj urib turgan. Bogʻda daraxtlar qatʼiy tartibda ekilgan.Ariqlarda suv oqib turgan, buloqlardan suv toshib chiqqan.Hovuzlar, havzalar suvga toʻlib turgan. Shuning uchun ham atrof salqin va xushtabiat boʻlgan. Bu yerga kelgan har qanday odam saraton jaziramasini unutgan.

Baʼzi bogʻlarda, xususan, “Bogʻi Nav”da favvoralar boʻlgan. “Bogʻi Dilkusho”dagi yuqoriga otilib turgan favvora hovuzida esa qizil olmalar qalqib oʻynab turgan.Saroyga asosiy eshikdan kirilganda, bir chiziq boʻylab joylashgan uchta salobatli zallar boʻlib, ularning oʻrtalarida bittadan favvora boʻlgan.Ular bir-birlari bilan ariq orqali tutashgan.Favvoralar toʻrtburchak shaklida, oʻrtasidagi (5x5 metr) ikki chekkasidagiga (4x4 metr) nisbatan kattaroq boʻlgan.

Samarqand janubidagi Misr qishlogʻiga tutash, Abbos kanali yordamida sugʻorilgan Gulbogʻ – “Bogʻi Davlatobod” haqida qayd etgan Klavixo unda oltita hovuz boʻlib, bogʻ oʻrtasidan anhor oqib oʻtganini yozadi.Undagi hovuzlar baland, sersoya daraxtlar qatoridan hosil boʻlgan yoʻlak orqali bir-birlari bilan tutashtirilgan.Davlatobod bogʻining qoldiqlari arxeologik yodgorlik sifatida Dargʻom anhori yoqasida saqlanib qolgan. “Bogʻi Nav”ni tasvirlash jarayonida Klavixo bogʻning oʻrtasida marmar sarhovuz boʻlganini qayd etadi.

 

OLTI ASR OLDINGI GʻAROYIBOTLAR

Xulosa qilib aytganda, Amir Temur davlati ijtimoiy hayotida boshqa suv inshootlari qatori hovuzlar ham muhim ahamiyat kasb etgan. Aholi istiqomat qiladigan manzillarda katta hovuzlar suv bilan toʻldirilib, aksar kishilarning kundalik ehtiyojlari uchun sarflangan, shuningdek, xonadonlarda ham mayda hovuzchalar mavjud boʻlgan. Ular xonadonda qulay mikroiqlim hosil boʻlishini taʼminlagan, odamlarning jazirama ob-havodan saqlanishiga yordam bergan.Hovuzlardagi suvni isrof qilmaslik, uni doimo toza saqlash choralari koʻrilgan.Jamoa yerlarida dehqonchilik qilishda ham qulfakli hovuzlardan foydalanilgan.

Amir Temur davrida barpo etilgan Samarqand atrofidagi bogʻlarning oʻrtasidan katta ariq oʻtkazilib, undan irmoq orqali chiqarilgan suv saroy binosi oldidagi katta hovuzga quyilgan. Hovuz atrofi manzarali oʻsimliklar va gullar bilan bezatilgan. Hovuzlardan bittasi katta, qolganlari turli hajmda va shaklda – murabba, koʻp burchakli, kungurali, koʻpincha oʻrtasida favvorasi boʻlib, zinapoyasimon bogʻlarda pogʻonali sharsharalar ham hosil qilingan.

Amir Temur bogʻlariga ishlangan favvoralarga suvlar maxsus moslamalardan kelib, hovuzlarga tushib ariqchalar orqali tashqariga oqib chiqqan.Hovuz atrofi har xil rangdagi marmar toshlar, rang-barang gullar tasviri bilan bezatilgan.Hovuzlarga quyiladigan ariqchalarning qirgʻoqlari ham marmar toshlar bilan qoplangan.Bundan tashqari, Oqsaroydagi tom tepasiga qurilgan hovuz oʻsha davr ajoyibotlaridan biri boʻlib, hovuzga qoʻrgʻoshin quvurlardan oqib kelgan suvdan sharshara hosil qilinib pastga tushirilgan.

 


Tanlangan kalimalar: #Samarqand , #Amir Temur

Aloqador xabarlar