Samarqandga ulkan Qurʼon tuhfa etgan hukmdorni bilasizmi?

Samarqand oʻzining nafaqat boy tarixi, qadim osori-atiqalari, balki ushbu afsonaviy shaharda saqlangan noyob muqaddas manbalari bilan ham mashhur. Samarqandga tuhfa etilgan ulkan Qurʼon ana shunday durdonalardan biridir.

1435677
Samarqandga ulkan Qurʼon tuhfa etgan hukmdorni bilasizmi?

 

Bundan 137-yil oldin Boqchasaroyda Ismoil Gaspirali muharrirligida chop etila boshlangan “Tarjimon” gazetasining 1883-yil 2-avgustdagi 12-sonida ushbu ulkan Qurʼon haqida qiziqarli maqola chop etilgan. Unda “Turkestanskiye vedomosti” gazetasiga tayanib Samarqanddagi Shohi Zinda masjidida nihoyatda qadimiy va ulkan Qurʼon mavjudligi haqida yozilgan.
Ushbu katta hajmli Qurʼon Buxoro amiri Nasrullo topshirigʻi bilan mulla Husayn tomonidan koʻchirilgan. Shuni qayd etish joizki, turli adabiyotlarda “Qassob amir” deb qoralangan ushbu shaxs oʻz hukmronligi davri (1827–1860-yillar)da islom shariati koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilgan.
“Tarjimon”dagi tavsifda keltirilishicha, Samarqandda saqlangan ushbu muqaddas kitobning muqovasi teridan ishlangan boʻlib, usti mato bilan qoplangan. Ulkanligi bois ikki kishi tomonidan ochilgan. Uni oʻqish maqsadida aynan ushbu kitob uchun maxsus tayyorlangan lavhga qoʻyilgan.

Ulkan Qurʼon mahalliy qogʻozga yozilib, oʻrtasi yelimlangan va oʻttiz varaqdan iborat boʻlgan. Qurʼon varaqlarining uzunligi 2 arshinu 4 vershok, eni 1 arshinu 6 vershokni tashkil etadi. Arshinning oʻrtacha qiymati koʻp manbalarda 71,12 santimetr, vershokniki esa 4,445 santimetr deb olinadi. Demak, ulkan Qurʼonning boʻyi taxminan 160 santimetr, eni esa taxminan 98 santimetr uzunlikda boʻlgan.

Qurʼon matni har tomondan uchta rangli chiziq bilan hoshiyalangan. Hoshiyalarning uzunligi – boʻyiga 1 arshinu 14 vershok, eniga 1 arshinu 2 vershok.Qatorlar orasidagi masofa 1 vershok boʻlib, orasi bundan kichikroq boʻlgan qatorlar ham bor. Qurʼonning har bir sahifasiga Amir Nasrulloning muhri bosilgan.

Mazkur noyob Qurʼon haqidagi maʼlumotlar, shuningdek, Turkistonning birinchi general-gubernatori Konstantin Petrovich fon Kaufman topshirigʻiga binoan 1871–1872-yillarda tayyorlangan “Turkiston albomi”da ham mavjud. Albom 1262 ta fotosuratlar va boʻyalgan rasmlardan tuzilgan. “Turkiston albomi” yetti nusxada tayyorlangan.

Albomning arxeologiyaga bagʻishlangan qismida boshqa suratlar qatori Qusam ibn Abbos (Shohi Zinda) memorial majmuasidagi masjidning ichki qismi fotosurati ham keltirilgan. Fotosuratda Qurʼon uchun moʻljallangan yogʻoch lavh oldidagi musulmon kishi aks etgan. Lavhga esa ushbu ulkan Qurʼon qoʻyilgan.Albomdagi yozuvlarda ham ushbu muqaddas kitobning Buxoro amiri Nasrullo tomonidan hadya qilingani yozilgan.
Shu oʻrinda bir jihatga ahamiyat qaratish lozim. Oʻz vaqtida Sohibqiron Amir Temurning sharofati bilan “Usmon Qurʼoni” ham ancha asrlar davomida Samarqandda saqlangan edi. Buxoro amiri Nasrullo ham ushbu ulkan Qurʼonni Samarqandga bejiz tuhfa etmagan.

 


Tanlangan kalimalar: #Qur'on , #Samarqand

Aloqador xabarlar