Xoʻjamayxona buloq suvini eshitganmisiz?

O'zbekistonning Boysun tumanidagi Xoʻjamayxona bulogʻi azaldan mahalliy aholi oʻrtasida shifobaxshligi bilan mashhur boʻlgan.

1418957
Xoʻjamayxona buloq suvini eshitganmisiz?

 

 

Surxondaryo Hisor, Bobotogʻ, Koʻhitang, Boysun kabi purviqor togʻ tizmalari bagʻrida joylashgan boʻlib, tabiat moʻjizalariga boy, soʻlim goʻshalari, betakror tabiat manzaralari va tanga davo shifobaxsh buloq suvlari bilan ham tanilgan, sayyohlarni maftun etgan.

O'zbekistonning Boysun tumanidagi Xoʻjamayxona bulogʻi azaldan mahalliy aholi oʻrtasida shifobaxshligi bilan mashhur boʻlgan. Maftunkor tabiat manzaralari qoʻynidan sizib chiqayotgan obi-hayot oʻta tiniq va yilning toʻrt faslida ham birdek salqin boʻlib turadi. Uni isteʼmol qilgan yoshu-keksaga quvvat ulashib, qalbiga xushnudlik bagʻishlaydi. Shu bois buloqning siru-sinoati bu suvdan isteʼmol qiladigan Darband qishlogʻi ahlini qiziqtirib kelgan.

– Juda koʻp yillardan buyon Rossiyada ishlaydigan shifokor hamqishlogʻimiz bor,– deydi darbandlik Ravshan Amanqulov.– Oʻzi zoʻr kardiolog. Shu kishi bir yili mehmonga kelganlarida gapdan-gap chiqib, qishlogʻimiz odamlari Xoʻjamayxona buloq suvining xususiyatini oʻrganib berishni iltimos qilgan. Shu bahona suvning tarkibini tahlil qilgan mehmonimiz uni “Kavkazdagi eng shifobaxsh suvlardan ham shifobaxshiroq ekan”, deya taʼrif bergani, ayniqsa, yurak-qon, tomir kasalliklariga davo, deb aytganini eshitgan edim. Shundan buyon bu suvni kanda qilmay ichamiz va ruhan tetik boʻlib yuramiz.

Mutaxassislarning aytishicha, buloqdan sekundiga uch kub suv otilib chiqadi. Suvda bir metrgacha uzunlikdagi baliqlar suzib yuradi. Lekin, ularni hech kim ovlamaydi. Tepadan pastga qarab, torayib boradigan suv gʻorining chuqurligi ham oʻrganilmagan.

Moʻjizalarga boy Xoʻjamayxona atroflari yoz faslida odamlar, sayyohlar bilan gavjum boʻladi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Xoʻjamayxona bulogʻi

Aloqador xabarlar