“Xorazm haqiqati” gazetasi 100 yoshga to'ldi!

1920-yili Xivada gazeta chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Shu yilning 8-mart kuni “Inqilob quyoshi” (hozirgi “Xorazm haqiqati”) gazetasining birinchi soni chiqadi.

1406036
“Xorazm haqiqati” gazetasi 100 yoshga to'ldi!

 

 

XIX asrda Xorazm taxtida hukmronlik qilgan shoh va shoir, musiqa ilmining zukko bilimdoni Muhammad Rahimxon II Feruz doimo ilm-fan, madaniyat va sanʼat rivojiga katta eʼtibor bilan qaragan, homiylik qilgan. Oʻsha davrda badiiy adabiyot va tarixnavislik, musiqa sanʼati shu darajada yuksaldiki, bu yuksalish taʼsiri nafaqat Oʻrta Osiyo madaniy-maʼrifiy hayotida, balki Yevropada ham sezildi.

Haqiqatdan ham mintaqada birinchi boʻlib suratga olish, kino ishlash boshlangan.“Tanbur chizigʻi”ning ixtiro qilinishi bilan maqom yoʻllarini qogʻozlarda muhrlash imkoni tugʻildi. Feruzning adabiyotga qiziqishi, badiiy asarlarning avlodlarga oʻz holicha yetkazish yoʻlida qaygʻurgani tufayli 1874-yilda Oʻrta Osiyoda birinchi toshbosma ham Xivada tashkil qilinadi. Shu davrgacha barcha ilmiy, tarixiy, badiiy asarlar mohir xattotlar tomonidan qoʻlyozma koʻrinishida koʻchirilar, shu sababdan ham kam nusxani tashkil qilardi.

Feruz Eron, Rossiya, Hindiston, Xitoy kabi mamlakatlardagi toshbosmalar faoliyati haqida toʻla tasavvurga ega boʻlgach, Xivada ham toshbosma tashkil etishga qaror qilgan edi. Uning buyrugʻiga koʻra kitob chop etishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Shveysariyaning Jeneva shahrida ishlab chiqarilgan dastgohlar Xivaga olib kelinadi. Shartnoma asosida ishga taklif qilingan Eronlik mutaxassis Ibrohim Sulton Koʻhna Arkda shu tariqa matbaachilik ishlarini boshlab yuboradi. Shoir Tabibiy bu shoʻbaning boshligʻi etib tayinlanadi. Toshbosmada avvaliga xonlikning hujjatlari, keyinchalik kitoblar bosila boshlanadi. Chop qilingan kitoblar savdoga chiqarilmas, faqat shoiru olimlarga, fozil-fuzalolarga, mudarrislarga berilardi.

“Podshoi zamon tipografiyasi”da ilk chop qilingan kitob Abu Nasr Forobiyning “Nasob us-Sibiyon” (“Bolalar nasibasi”) asari boʻldi. Shartnoma muddati tugagach, ortiga qaytib ketishni oʻylagan Ibrohim Sulton bu vazifani sidqidildan uddalay oladigan shogird qidiradi. U oʻta zehnli, uquvli, jismonan baquvvat boʻlishi bilan birga, forsiy, arabiy, turkiy tillarni mukammal biladigan, ishtiyoqmand yoshlar topilishiga ishonardi. Kunlardan bir kun usta yoniga “Meni shogirdlikka olasizmi?” deb bir oʻspirin keladi. Usta undan “Forsiyni bilasanmi?” deb soʻraganida “ha” deb javob bergan.Usta quvonib, bu hunarni shogirdi Otajonga asta-sekin oʻrgata boshlaydi.

Keyinchalik Ibrohim Sulton shogirdi Otajon Abdol oʻgʻli bilan birga 1874-yilda Alisher Navoiyning “Xamsa” asarini va Munis Xorazmiyning “Munis ul-ushshoq”, “Oshiqlar doʻsti” asarini bosmadan chiqaradi. Ibrohim Sulton bir yildan keyin yurtiga qaytib ketadi. Otajon Abdolov esa kitob bosishni davom ettiradi. Xiva litografiyasida 1876-yilda Abu Nasr Farobiyning “Nisobus-sibiyon” (“Bolalar nasibasi”), 1879-yilda Shermuhammad Munisning “Munis ul-ushshoq”, 1880-yilda Alisher Navoiyning “Xamsa”sidan “Hayratul abror” va 1882-yilda “Hazoyin-ul-maoniy” va Muhammad Rizo Ogaxiyning “Taʼviz ul-oshiqin”, 1897-yilda Muhammad Rahimxon Feruzning “Devoni Feruz”, 1909-yilda Tabibiyning “Majmuot ush-shuaro kitoblari bosiladi”. Xiva toshbosmaxonasida birinchilardan boʻlib rus ishchisi Aleksey Ivanovich Salapov vaNemis millatiga mansub boʻlgan Gustav Shneydellar ham ishlab, toshbosma sirlarini Otajonga oʻrgata boshlaydilar. Natijada mahalliy xalq oʻrtasida “Otajon bosma” nomi mashhur boʻlib ketadi.

Vaqt oʻtishi bilan Xiva bosmaxonasidagi ishlar rivojlanib, Otajon Abdolov xonning ruxsati va homiyligi bilan Moskva shahriga borib matbaachilikning nozik sir-asrorlarini mukammal oʻrganib qaytadi. Bu sohaning yetuk, bilimdon kishisi boʻlib taniladi.Koʻplab shogirdlar yetishtiradi. Koʻpgina shoirlarning bayozlari va devonlari bosmaxonada qayta-qayta chop qilinadi.

1920-yilda Xorazm Xalq Respublikasi ixtiyoriga bosmaxona jihozlari, elektromotor harflar yuboriladi.Shundan keyin Xivada gazeta chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Shu yilning 8-mart kuni “Inqilob quyoshi” (hozirgi “Xorazm haqiqati”) gazetasining birinchi soni chiqadi.

Tarixiy hujjatlarda Xiva toshbosmasida ishlagan insonlarning tabarruk nomlari qayd qilingan: Otajon Abdolov, Ota Miskinov, Nizomiddin Shamsiddinov, Sodiq Halimov, Boybobo Mahmudov, Rahimbergan Hudoyberganov, Matyoqub Kamolov, Rahmonqul Otajonov, Qodir Abdullayev, Boyjon Otajonov...

Gazeta muharririyatida esa Zokir Bekchurin, Madrahim Saydashov, Habib Samigullin, Muhammad Zokirov, Umar Qurboniylar oʻsha davr hayotini yoritishda faollik koʻrsatganlar. Ular oʻz kasblarini mohir ustalari boʻlishlari bilan birga bu kasbni sanʼat darajasiga olib chiqadilar.

1927-yilda Otajon Abdolov vafot qiladi biroq, uning ishlarini shogirdlari davom ettiradilar.“Inqilob quyoshi” gazetasi 1928-yil iyun oyining oxirigacha Xiva shahrida chop qilinadi.1928-yilning 1-iyulidan boshlab bosmaxona Urganch shahriga koʻchiriladi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Xiva , #gazeta , #Xorazm haqiqati

Aloqador xabarlar