Ulug' mutafakkir Alisher Navoiy tavalludiga 579 yil to'ldi!

O'zbekistonda 9-fevral buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy tavalludining 579-yilligiga bag'ishlangan tantanali tadbir bo'lib o'tdi.

Ulug' mutafakkir Alisher Navoiy tavalludiga 579 yil to'ldi!

 

Har yili  9-fevral — buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy tavallud sanasi bayramona tarzda nishonlanishi yaxshi an'anaga aylangan. Joriy yilda esa ushbu qutlug' sana yana-da ko'tarinkilik, o'zgacha shukuh bilan, adabiyot, ma'naviyat, ilm-ma'rifat, do'stlik ayyomi sifatida o'tkazilmoqda.

 

Shoir nomi bilan yuritiluvchi Toshkent Davlat O'zbek tili va adabiyoti universitetiga tutash hududda Alisher Navoiy haykali qad rostlagan maydonda shoir tavalludining 579-yilligiga bag'ishlangan tantanali tadbir bo'lib o'tdi. Erta tongdanoq bu maskan keng jamoatchilik, turli vazirlik va idoralar, milliy madaniy markazlar, ijodiy tashkilotlar, xorijiy diplomatik korpus vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, so'z  san'ati muxlislari, talaba-yoshlar, nuroniylar bilan gavjum bo'ldi.

Tantanali tadbirda ozarbayjonlik Navoiyshunos olim, xalqaro Bobur mukofoti sohibi Ramiz Asqar, afg'onistonlik shoir va o'qituvchi Navoiyshunos Toshqin Bahoiy, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, mohir shoir va tarjimon Nikolay Ilin Navoiy merosining umrboqiyligi, jahon yozuvchi va shoirlari, olim va tadqiqotchilari uchun hamisha ilhom manbai bo'lib xizmat qilayotganini ta'kidladi.

- O'n-o'n besh yildirki, O'zbek adabiyoti bo'yicha tadqiqotlar olib boraman, — dedi ozarbayjonlik Navoiyshunos olim, xalqaro Bobur mukofoti sohibi Ramiz Asqar. — 2009-yilda “XX asr O'zbek she'riyati antologiyasi“ni nashrga tayyorladim. Unda ko'plab O'zbek shoirlarning tarjimayi holi, ijodidan namunalar keltirilgan. 2011-yilda “Boburnoma“ni ozarbayjon tiliga tarjima qildim. O'zbekistonda o'tkaziluvchi Navoiyshunoslikka doir ilmiy konferensiyalarda doimiy qatnashib kelaman. Daho shoir ijodining qirralari zamonlar osha yana ko'plab tadqiqotlar, izlanishlarga olimlarni chorlab qolaveradi.

- Navoiy va Boburlarning xoki yotgan zamindan kelib, bunday tadbirda ishtirok etayotganimdan g'oyat mamnunman, — dedi afg'onistonlik shoir Toshqin Bahoiy. — Hazrat Alisher Navoiy ijodi barcha o'zbeklarning mushtarak merosidir. Agar O'zbekistonda ulug' zot sifatida uning tavallud sanasi shu qadar katta tayyorgarliklar bilan nishonlanishiga sazovor bo'lsa, Afg'oniston xalqi uchun ul zot ham moddiy, ham ma'naviy jihatdan muallim, rahnamo va buyuk davlat arbobi sifatida nishonlanishi kerak. Chunki u zotning hayoti davrida Afg'onistonda ko'plab inshootlar, obodonchiliklar, suv anvorlari, ko'priklar, shifoxonalar va boshqa yana ko'plab ommaga xizmat qiluvchi binolar obod etildi. Shu bilan birga Afg'onistondagi O'zbek xalqi qadim zamonlardan boshlab to hozirga qadar Navoiy asarlari bilan, ularni o'qish bilan savod chiqaradi. Ya'ni barcha madrasalarimizda Hazrati Navoiyning qo'lyozma asarlari yoki qadimiy toshbosmalardan chiqqan kitoblari darslik sifatida istifoda etilgan. Biz Navoiydan har jihatdan qarzdormiz.

Shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat Universitetida “Millat madaniyati takomilida Alisher Navoiy adabiy merosining o'rni” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman o'tkazildi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab universitet Axborot-resurs markazi tomonidan tashkil etilgan shoir asarlari ko'rgazmasi bilan tanishdi. O'zbek tili va adabiyoti kafedrasi tashabbusi bilan o'tkazilgan tadbirda Alisher Navoiy va turkiy xalqlar adabiyotidagi ijodiy hamkorlik, hozirgi zamon qoraqalpoq lirikasida shoir an'analari, shoir ijodida aql va ilm-u hunar tavsifi, Alisher Navoiy va turkman adabiy muhiti masalalariga to'xtalib o'tildi.

Tadbirning badiiy qismida O'zbek filologiyasi fakulteti talabalari tomonidan shoirning  “Hayrat-ul abror” va “Sab'ai sayyor” dostonlaridan sahna ko'rinishlari namoyish etildi. Bundan tashqari, mahorat bilan ijro etilgan kuy-qo'shiqlar va raqslar barchaga a'lo kayfiyat bag'ishladi.

Bu kabi tadbirlar O'zbekistonning barcha go'shalarida, bilim dargohlarida, mahallalarda davom etmoqda.


Tanlangan kalimalar: Navoiyshunoslik , O'zbekiston , Alisher Navoiy

Aloqador xabarlar