Turk oshxonasi 47-qism

Bugun sizlar bilan turk qahvasi haqida suhbatlashamiz.

1311741
Turk oshxonasi 47-qism

 

                      

Hurmatli tinchlovchilar! Turk oshxonasi dasturining yangi sonida yana uchrashib turibmiz! Bugun sizlar bilan turk qahvasi haqida suhbatlashamiz.

Qahva ichishni yoqtirasizmi? Qahva - turi qanday bo’lishidan qat’iy nazar, kun davomida kishiga quvvat beruvchi eng ommabop tonggi ichimlikdir. Ko‘pchilik tongni shoshilib ichiladigan tayyor qahva bilan boshlasa, uning haqiqiy shinavandalari qahvani yangi maydalangan donachalari va sekin yonayotgan olovning sehrisiz tasavvur qila olmaydi. Dunyoda kuniga 2.25 mlrd stakan qahva iste’mol qilinadi.

Nomi dunyoda mashhur bo’lgan turk qahvasi Turkiyada eng ko’p iste’mol qilingan qahva turlaridan biridir. Turk qahvasini pishirish, mehmonga tortiq qilish, o’ziga xos iste’mol qilish shakli bilan go’yo bir madaniyatni aks ettiradi.

Nomi qanchalik turk qahvasi deb atalsa-da, qahva o’simligi Turkiya zaminida yetishmaydi.

Qahva avvalo 16 asrda Anadolu mintaqasiga Yamandan kirib kelgan. Shu bilan qahva ko’p o’tmay Anadoluda sevib iste’mol qilinadigan ichimlikka aylangan. G’arb davlatlari esa turklar vositasida qahva bilan tanishgan desak adashmagan bo’lamiz. 17 asr boshlarida Turkiyaga kelgan venetsiyalik savdogarlar Usmoniy davlatidan xushbo‘y hid taratib turuvchi ushbu ichimlikdan Yevropaga olib boradilar. O’sha zamonlarda ko’chalarda sotilgan qahva 1645 yilga kelib ilk marta Italiyada bir kafeda sotila boshlagan. 18 asrning dastlabki yillaridan e’tiboran qahva Yevropada ham keng tarqala boshlaydi.

Qahvaning Avstriyaga ham kirib kelish hikoyasi juda qiziqarli. 1683 yili Venani qamal qilgan Usmoniy qo’shini tor-mor qilinadi va qo’shin chekinar ekan, ortidan qoplarga to’la qahva tashlab ketadilar. Avstriyaliklar dastlab qoplardagi qahvalarni hayvon yemi deb o’ylaydilar. Usmoniylarni yaxshi tanigan bir savdogar bu qoplarni o’ziga berilishini so’raydi va Venada qahva iste’mol qilinadigan do’kon ochadi. Mana shunday qilib avstraliyaliklar ham qahva iste’mol qilishga o’rganadilar.

 

Keling endi turk qahvasini qanday tayyorlash va uning o’ziga xos sirlarini aytib o’taylik.

Haqiqiy qahva uchun eng muhimi toza suvdan foydalanishdir. Bu vaziyatda qaynatilgan yoki vodoprovod suvi to‘g‘ri kelmaydi. Filtrlangan yoki butilkadagi suvdan foydalanish mumkin. Uni sovuting. Shunda sekin isish jarayonida u qahva donalarining ta’mini ko‘proq o‘ziga singdiradi.

Qaynatish oldidan maydalangan qahva ichimlikning ta’mi va xushbo‘y isini ochib beradi. Qahva solingan idishni zich berkiting, ochiq holda turgan qahva bir hafta ichida o‘zining xushbo‘yligini yo‘qotadi. Uning donalari qanchalik ko‘p qovurilgan bo‘lsa, ichimlik ham shunchalik o‘tkir va achchiq bo‘ladi. Asosiysi siz tanlagan qahva a’lo darajadagi sifatga ega ekanligiga e’tibor qarating.

100 ml suvga taxminan 8 gramm qahva kerak bo‘ladi. Xohlaganlar yârim choy qoshiq shakar ham ilova qilishi mumkin.

Qahva donalarini maydalaganingizdan so‘ng, turkaga bir choy qoshiq qahva soling va bir qahva finjonida suv quying. Uni past olovga qo‘yish lozim. Qaynatish jarayoni qanchalik sekin bo‘lsa, ichimlik shunchalik to‘yingan bo‘lib chiqadi.

Qahva ko‘tarila boshlagach, idishni olovdan oling. Qahva qaynab ketmasligiga ahamiyat bering. Uning ko‘pigi ko‘tarila boshlagach, olovdan olish lozim. Ko‘pik toshib ketmasligi kerak, aks holda uning xushbo‘yligi yo‘qoladi. Shu sababli uni qaynatish davomida oshxonani tark etmang.

Toshib chiqqan qahvani finjonga quying va uning ajoyib ta’midan bahramand bo‘ling!

Xa aytgancha qahvani mehmonga tortiq qilar ekansiz, yonida bir stakan suv va lokum shirinligidan ham tortiq qilsangiz maqsadga muvofiq bo’ladi.  Unday bo’lsa sizlarga yoqimli ishtaxa!

 


Tanlangan kalimalar: #qahva , #Turkiya , #turk qahvasi

Aloqador xabarlar