Turk oshxonasi 44-qism

Bugun sizlar bilan turk oshxonasida o’ziga xos o’ringa ega bo’lgan “su böreği” deb atalgan somsa turi haqida suhbatlashamiz.

Turk oshxonasi 44-qism

 

                             

Hurmatli tinchlovchilar! Turk oshxonasi dasturining yangi sonida yana uchrashib turibmiz. Bugun sizlar bilan turk oshxonasida o’ziga xos o’ringa ega bo’lgan “su böreği” deb atalgan somsa turi haqida suhbatlashamiz.

Turk oshxonasida juda ko’plab somsa xillarini uchratish mumkin. Bulardan eng mashhuri “su böreği”dir. Nonushtada, kechki ovqat vaqtida sevib iste’mol qilinadi. Ayniqsa, ziyofatlarda dasturxon ko’rki desak mubolag’a bo’lmaydi. Ushbu somsa turini Yaqin sharq davlatlarida, Bolqonlarda, O’rta Osiyoda xatto, Afrika davlatlarida ham uchratish mumkin. Ushbu davlatlarda ham deyarli xuddi shu nom bilan ataladi. Chunki, Usmoniylar hukmronlik qilgan davlatlarga ushbu yegulikni o’zidan meros qilib qoldirgan desak to’g’ri bo’ladi.

Keling endi, “su böreği” deb atalgan somsani tayyorlash uchun kerak bo’lgan masalliqlar nimalardan iborat ekan bir quloq solaylik!

Ushbu lazzatli somsani tayyorlash uchun kerak bo’lgan masalliqlar quyidagilar.

 

5 stakan un

4 dona tuxum

2/3 stakan suv

1/2 choy qoshiq tuz

2/3 stakan eritilgan saryog’

2 litr issiq suv

1/2 choy qoshiq tuz

1 osh qoshiq zaytunyog’i

400 gr pishloq

1/2 tutam petrushka kerak bo’ladi.

 

Endi navbat somsani pishirishga. 5 stakan un, 4 dona tuxum, 2/3 stakan suv va tuz bilan yaxshilab hamir qoriladi. Tayyor bo’lgan hamirdan 10 ta kichkina zuvalachalar tayyorlab olinadi va usti o’ralgan holda 1 soat tindiriladi.

Boshqa tomondan bir laganchaga 400 gr pishloq solinadi va vilka yordamida eziladi. So’ngra, maydalab to’g’ralgan petrushka ilova qilinadi va aralashtiriladi.

Ortidan olovni yoqib, tagi kengroq qozonga 2 litr suv quyiladi va qaynatiladi. Qaynagan suvga yârim choy qoshiq tuz va 1 osh qoshiq zaytunyog’i ilova qilinadi.

So’ngra, zuvala qilingan hamirlar o’qlov yordamida duxovka listi kattaligida yoyiladi. 10 ta zuvalaning barchasi bu shaklda o’qlov bilan yoyib chiqiladi. So’ngra, yufqa qilib yoyilgan hamirlar navbat bilan qaynayotgan suvga solinadi va 30-35 soniya pishiriladi. Pishgan hamirlar ezilmasligi uchun darhol sovuq suvda chayqaladi. 10 daqiqa sovuq suvda turgan hamir kapgur yordamida suzib olinadi.

So’ngra, duxovka listi yog’lanadi. Keyin esa pishgan hamirlardan bittasi listga yoyiladi. Usti 1 qoshiq eritilgan saryog’ bilan yog’lanadi. Qolgan hamirlar ham xuddi shu shaklda listga joylashtiriladi va yog’lanadi. Navbat 5-hamirga kelganda pishloq va petrushkadan tayyorlangan farsh hamir ustiga bir xil maromda yoyiladi. So’ngra, yana navbat bilan qolgan 5 ta hamir qaynagan suvda pishiriladi. Sovuq suvga solinadi. Ular ham pishloq solingan hamir ustiga birma-bir joylashtiriladi. Oralari yog’lanadi.

Oxirgi qavatning usti ko’pgina saryog’ bilan yog’lanadi. Somsani duxovkaga qo’yishdan avval, o’tkir pichoq yordamida 5-6 smlik kvadrat shaklida kesiladi. Oldindan isitilgan duxovkada 190 darajada usti qizargunicha pishiriladi.

Mana “su böreği” deb atalgan somsa ham tayyor bo’ldi. Unday bo’lsa sizlarga yoqimli ishtaxa! Xa aytgancha, ushbu somsa dasturxonga issiq holda tortiq qilinadi.

 

 


Tanlangan kalimalar: turk oshxonasi , somsa , su böreği

Aloqador xabarlar