Turk oshxonasi 33-qism
Bugun sizlar bilan Usmoniy saroylarining voz kechilmas shirinliklaridan biri "Revani" haqida suhbatlashamiz.
Hurmatli tinchlovchilar! Turk oshxonasi dasturining yangi sonida yana uchrashib turibmiz. Bugun sizlar bilan Usmoniy saroylarining voz kechilmas shirinliklaridan biri revani haqida suhbatlashamiz. Revani manniy krupadan tayyorlanadigan keks ustiga sharbat to’kilgan holda tayyorlanadi. Usmoniy oshxonalaridan kunimizgacha yetib kelgan revani shirinligi hamon turk oshxonalarida, hatto uylarda ham pishiriladi va sevib iste’mol qilinadi. Ushbu shirinlikning tayyorlanishi juda qulay. Aytgancha, revani shirinligining paydo bo’lishi bilan bog’liq juda ko’p rivoyatlar mavjud.
17-asrda Sulton 4-Murod Armanistonning Yerevan shahrini zabt etadi. Saroy oshpazlari bu g’alabani nishonlash uchun o’sha kungacha hech pishirilmagan o’zgacha shirinlikni o’ylab topishadi. Shirinlikning nomini o’sha davrda Yerevanning nomi bo’lgan “Revan” kalimasidan olgan holda “revani” deb ataydilar. Usmoniy oshxonasidan meros bo’lib qolgan revani shirinligi kunimizda Turkiyaning ba’zi hududlarida “qatiqli shirinlik” deb ham ataladi.
Keling endi revani shirinligini tayyorlash uchun qanday masalliqlar kerak bo’ladi bunga quloq solaylik!
Revani uchun kerak bo’lgan masalliqlar quyidagilar:
4 dona tuxum
1 stakan shakar
1 stakan qatiq
1 stakan yog’
1 stakan manniy krupa
2 stakan un
1 paket qabartma kukuni
1 paket vanilin
1 dona limonning po’stlog’i
4 stakan shakar
5 stakan suv
½ limon suvi
2 osh qoshiq Hindiston yong’og’i kukuni
Endi navbat shirinlikni pishirishga. Avvalo shirinlik uchun sharbat tayyorlanadi. Qozonchaga shakar va suv quyiladi va past olovda 30 daqiqa qaynatiladi. So’ngra, limon suvi ilova qilinadi va sovutish uchun salqin joyga qo’yiladi. So’ngra, 4 dona tuxum va 1 stakan shakar mikser yordamida aralashtiriladi. Navbat bilan yog’, qatiq, vanilin, qirg’ichdan chiqarilgan 1 ta limonning po’stlog’i, manniy krupa, un va qabartma kukuni ilova qilingach, mikser bilan yaxshilab aralashtiriladi.
Duxofka listi masla yoki oddiy yog’da yog’lanadi va tayyorlangan shirinlik hamiri teng shaklda yoyiladi. Oldindan isitilgan duxofkada 180 C daraja issiqlikda pishiriladi. Ko’rinishi keks shaklida bo’lgan shirinlik pishgach, ustiga sovutilgan sharbat quyiladi. Sharbat butunlay emib olingach, bo’lakchalarga bo’lingan holda dasturxonga tortiq qilinadi. Usti Hindiston yong’og’i kukuni bilan bezatiladi.
Mana Usmoniy oshxonasidan kunimizgacha yetib kelgan revani shirinligi ham tayyor bo’ldi. Unday bo’lsa sizlarga yoqimli ishtaxa!
Mana Turk oshxonasi dasturining bugungi soni ham o’z nihoyasiga yetdi. Kelgusi hafta dasturimiz orqali yana yangi lazzatli turk taomlari bilan uchrashguncha hayr salomat bo’ling!
Aloqador xabarlar
Italiyalik bastakor Ludovico Einaudi Turkiyada konsert beradi
Konsert dasturi Istanbuldagi “Harbiye Jemil Topuzlu” nomli amfiteatrda bo’lib o’tadi.