Turk oshxonasi 23-qism

Turkiyaning voz kechilmas shirinliklaridan biri baklava retsepti bilan tanishing!

Turk oshxonasi 23-qism

 

Siz biron marta turkcha paxlavadan tayyorlab ko’rganmisiz? Unda shoshiling, biz bugun shunday ajoyib shirinlikdan tayyorladik. Og’izda erib ketuvchi bu shirinlik, sizning pazandachilik san’atidagi ochilmagan qirralaringizni ochib berishi shubhasiz!

“Baklava” deb nomlanuvchi bu shirinlik turk oshxonasining eng sevimli shirinliklari qatoriga kirishi bejiz emas. Shunday ekan keling, endi shirinlikni tayyorlashni boshlasak! Asosiysi, kayfiyatimizni ko’tarib olamiz, chunki yaxshi kayfiyat mazali taom garovi sanaladi!

Xa aytgancha, bu shirinlik faqat Turkiyaga xos emas. Bu shirinlikni Yaqin sharq va Bolqon davlatlarida ham uchratish mumkin.

Keling endi vaqtni qo’ldan boy bermaydan paxlava shirinligi qanday tayyorlanadi bunga quloq solaylik.

 

Avvalo paxlava shirinligini tayyorlash uchun kerak bo’lgan masalliqlar quyidagilar:

 

3 dona tuxum

1 stakan sut

1 stakan yog’

1 choy qoshiq qabartma

1 osh qoshiq sirka

¼ choy qoshiq tuz

 5 stakan un

2 stakan yong’oq yoki xandon pista

1 ½ stakan kraxmal

1 choy qoshiq limon suvi

250 gr eritilgan sariyog’

 

Qiyomi uchun:

  1. stakan shahar

            5 stakan suv

1/2 choy qoshiq yangi siqilgan limon suvi kerak bo’ladi.

 

Endi navbat paxlavamizni tayyorlashga!

Avvalo shirinlik uchun qiyomni tayyorlab olamiz. Shakar bilan suvni aralashtirib, gaz pechi ustiga qo'yamiz, yaxshilab aralashtiramiz va qaynash darajasiga keltiramiz.

Qaynab chiqqanidan so'ng, 5 tomchi limon suvidan tomizamiz va 10 daqiqa o'rtacha olovda qaynatamiz. Tayyor qiyomni chetga olib qo'yamiz.

 

Endi esa xamirni tayyorlashga o'tamiz.

Idishga un, qabartma va tuzni solib aralashtirib olamiz.

So'ng ustidan eritilgan sariyog', sut, tuxum, sirkani solib o'rtacha yumshoqlikda xamir qoramiz. Xamirni 24 ta bo'lakchalarga bo'lib olamiz va ustini yopib tindirib qo'yamiz. Xamirlarni olib, yaxshilab kraxmalga botiramiz va yoya boshlaymiz.

Likopcha kattaligida yoyib olamiz. Kraxmalga yaxshilab belab olsangiz, ular yopishmaydi.

Xamirlarni iloji boricha juda ham yupqa yoyamiz, qanchalik yupqa bo'lsa, shunchalik mazali chiqadi.

Gaz pechi patnisini yoki qolip olamiz va ichiga sariyog' surtib chiqamiz. Xamirning 12 tasini qolipga ustma-ust terib chiqamiz. Oralariga sariyog’ surib chiqamiz.

12-qavat ustidan maydalangan yong'oqni sepamiz. Yana qolgan 12 ta xamirlarni ham yoyib olamiz va ustma-ust terib chiqamiz. Pishirig'imiz ustini pichoq bilan to'rtburchak shaklda kesib chiqamiz. Ustidan eritilgan sariyog'ni iloji boricha hamma joyiga yetadigan shaklda surib chiqamiz.

Paxlavamizni 180 C darajada qizdirilgan gaz pechida taxminan 50 daqiqa davomida pishirib olamiz. Paxlavaning usti chiroyli och tillarangga kirsin, ko'proq pishirib yubormang!

Pishgan paxlavani qaynoqligida ustidan avvaldan tayyorlab qo’yilgan qiyomni quyamiz va ustini maydalangan xandon pista bilan bezaymiz.

Paxlava qiyomni shimib olgunicha chetga olib qo'yamiz. Shirinlik sovigach, dasturxonga tortiq qilishingiz mumkin. Unday bo’lsa yoqimli ishtaxa!

Mana bugun sizlar bilan turklarning voz kechilmas shirinligi “baklava” tayyorlashni o’rgandik. Kelgusi dasturimizda yana yangi lazzatli taomlar retsepti bahona uchrashguncha hayr salomat bo’ling!

 

 


Tanlangan kalimalar: turk shirinligi , paxlava , baklava

Aloqador xabarlar