O’sh shahrida Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlandi

Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan “Bobur” nomidagi Oʻsh davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatrida “O’sh – Chingiz Aytmatov taqdirida” nomli konferensiya o’tkazildi.

1081206
O’sh shahrida Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlandi

Qirg’izistonning O’sh shahrida buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlandi.

Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan “Bobur” nomidagi Oʻsh davlat akademik oʻzbek musiqali drama teatrida “O’sh – Chingiz Aytmatov taqdirida” nomli konferensiya o’tkazildi hamda shahar maydonida yozuvchi asarlari asosida ko’rgazma tashkil qilindi.

Tadbir doirasida Aytmatovning hayoti va ijodiga bag’ishlangan asar sahnalashtirildi. Shu bilan birga, gipodromda ko’k-bo’ru milliy ot o’yinlari finali bo’lib o’tdi.

Mamlakat prezidenti Sooronbay Jeenbekov, majlis rahbari Dostonbek Jumabekov, vazirlar, hokimlar ishtirokida o’tkazilgan tadbirga mamlakatning turli viloyat va tumanlaridan ko’plab mehmonlar tashrif buyurdi.

“Bu yil nafaqat qirg’iz xalqi, balki butun dunyo xalqlari taniqli qirg’iz yozuvchi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlamoqda. Qirg’iz xalqining farzandiga ko’rsatilayotgan  yuksak hurmat-ehtiromdan cheksiz minnatdormiz. Mamlakatimizda va butun dunyoda o’tkazilayotgan tadbirlarni kuzatib borish va ularni qo’llab quvvatlash biz uchun g’urur manbaidir”,-deydi prezident Sooronbay Jeenbekov.

Aytmatovlar oilasining taqdiri O’sh shahri bilan chambarchas bog’liq ekanligini aytgan Jeenbekov: “Aytmatovning bolaligi O’sh shahrida o’tgan. Bu tarixiy shahar Aytmatovda adabiyotga qiziqish uyg’otgan. Balki, Chingizdagi adabiy qobiliyat bu shaharda paydo bo’lgandir”,-dedi.

Prezidentning ta’kidlashicha, Xalqaro turk madaniyati tashkiloti TURKSOY 2018 yilni “Chingiz Aytmatov yili” deb e’lon qildi.

Atoqli yozuvchi Chingiz Aytmatov, tavalludining 90 yilligi munosabati bilan nafaqat Qirg’izistonda, balki Turkiya, O’zbekiston, Rossiya, Qozog’iston va Ozarbayjonda ham katta hurmat-ehtirom bilan yodga olinmoqda.

Atoqli adib nafaqat qirg‘iz elining, balki butun dunyoning buyuk shaxsi edi. Uning “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yo‘li”, “Alvido, ey Gulsari”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi”, “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori" kabi ko‘plab asarlari dunyoning qator tillariga tarjima qilinib, kitobxonlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan. 



Aloqador xabarlar