Turkiyaning madaniy xazinalari 42-qism

UNESCO Dunyo madaniy meros ro’yxatiga kiritilgan Afrodisyas antik shahri haqida ma'lumot...

588062
Turkiyaning madaniy xazinalari 42-qism

        

Bugungi dasturimizda UNESCO Dunyo madaniy meros ro’yxatiga kiritilgan Afrodisyas antik shahri haqida hikoya qilamiz. Ushbu antik shahar Egey mintaqasida joylashgan bo’lib, Aydin viloyati Nazilli tumaniga qarashli Geyre qishlog’ida o’rin olgan.  Antik shahar o’z davrida yunon mifologiyasida go’zallik tangrichasi bo’lgan Afroditga atab qurdirilgan. Miloddan avvalgi 2-asrdan e’tiboran Afrodisyas deb atala boshlagan shahar Helenistik va Rim davrlarida katta e’tibor qozondi. Asosan, haykalchilik san’atida juda rivojlangan bu shahardan dunyoning turli davlatlariga usta haykaltaroshlar va haykallar jo’natilar edi. Karya hududining poytaxti bo’lib hisoblangan shahar bir-biridan ajoyib yodgorliklarga ega. Ustunli Agora, “Tetrapilon” ramziy eshigi bular jumlasidandir. Shahar o’z davrida “Afrodit” ibodatgohi va unga atab o’tkazilgan turli marosimlar bilan mashhur bo’lgan.

Afrodisyas antik shahri tasodifan kashf qilingan. Turkiyada yetishib chiqqan taniqli fotograf Ara Guler kunlardan bir kuni ish yuzasidan hududga keladi. U Geyre qishlog’ida aholining qurilishlarda bir qancha antik tosh va ustunlardan foydalanganini guvohi bo’ladi. Bularning qayerdan olingani so’ralganda, aholi antik shaharning o’rnini ko’rsatadi. Darhol tarixiy asarlarni tasvirga tushira boshlagan Ara Guler bularni hamkasblariga ko’rsatadi. Uning bu tasvirlarni Amerikada nashr qilingan bir jurnalga jo’natishi, arxeolog Kenan Erimning antik shahar haqidagi ilmiy maqolalari va 1959 yili boshlangan qazilma faoliyatlari bilan antik shahar butun dunyoda tanila boshladi.

Shahardagi eng ahamiyatli bo’lgan tarixiy asarlardan biri “Afrodit” ibodatgohidir. Bu ibodatgoh Asurdan u yerga kelib joylashgan Asurlar qabilasi tomonidan o’zlarining go’zallik tangrichasi bo’lgan Ishtarga atalgani aytiladi. Miloddan oldingi 1-asrda qurila boshlagan ibodatgoh Anadoluga oid Iyon modelidagi ustunlar bilan loyihalashtirilgan.

Miloddan keyingi 130-yillarda Rim imperatori Hadrian tomonidan ibodatgohning atrofi devorlar bilan o’ralgan. Ibodatgohning o’rtasidagi muqaddas maydonga Afroditning haykali joyolashtirilgan. Bu haykalni faqatgina rohiblar ko’ra oladi xalos.

Ibodatgoh 5-asrda hristianlikning ta’sirida cherkovga aylantirilgan va bu jarayonda katta zarar ko’rgan.

Afrodisyas antik shahri haykal san’ati jihatidan ham katta ahamiyatga ega. Tarix mobaynida taniqli usta haykaltaroshlarning vatani bo’lgan bu zamin kunimizda ham turli haykaltaroshlik simpoziumlariga va bunga o’xshash ilmiy konferentsiyalarga mezbonlik qilgan.  Qadimgi haykaltaroshlar Afrodisyas antik shahrida o’z hunarlarini ko’rsatish maqsadida “Tetrapilon” nomli to’rt qirrali eshik qurganlar. Ushbu ramziy eshik qadimgi haykaltaroshlarning eng qimmatbaho asarlaridan biri bo’lgan.

Afrodisyas antik shahrida amerikalik, ingliz va turk arxeologlar tomonidan olib borilgan qazilma faoliyatlarida topilgan asarlar hozirda “Afrodisyas” muzeyida saqlanmoqda.

1979 yillarda xizmat bera boshlagan muzey turli hajmlardagi haykallari bilan diqqatlarni o’ziga jalb qiladi. 1987 yili UNESCO madaniy meros ro’yxatiga olingan antik shahar 2004 yili maxsus komissiya tomonidan bir ovozdan “Eng yaxshi 10 ta antik shahar” ro’yxatiga kiritildi.

Antik shaharning ustida joylashgan Geyre qishlog’ining nomi ham antik hududning nomi bo’lmish Karyaning turkchalashtirilganidan kelib chiqqani taxmin qilinadi. Bu qishloqda Egey mintaqasining an’anaviy mehmondo’stligini va Anadolu xalqining bag’rikengligini uchratasiz.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Afrodisyas , #antik shahar , #tarix , #UNESCO

Aloqador xabarlar