Kun tahlili 57-qism

SETA tashkilotining tashqi aloqalar bo’yicha vakili, tadqiqotchi Jan Ajunning Turkiya va Suriya tutashgan territoriyada joylashgan Sinjar shaharchasidagi vaziyat haqida mulohazalarini e’tiboringizga havola qilamiz.

1573450
Kun tahlili 57-qism

              

Iroq shimolida Turkiya va Suriya tutashgan territoriyada joylashgan Sinjar shaharchasi oxirgi paytlarda takror kun tartibdan joy olmoqda.

Sinjar hududi DEASh terror tashkilotiga qarshi kurash bahonasida PKK jangarilari tomonidan egallab olingan va ular uchun Iroq-Suriya liniyasida muhim bazaga aylangan. PKK terror tashkilotining u yerga joylashuvi Turkiya xavfsizligi uchun jiddiy tahlika yaratmoqda. Oxirgi paytlarda terror tashkilotini hududdan uzoqlashtirish maqsadida muhim qadamlar tashlanganligini aytish mumkin.

Iroqda Turkiya-Suriya tutashgan hududda strategik ahamiyatga ega bo’lgan Sinjar shaharchasi uzoq vaqtdan beri Bag’dod bilan Erbil o’rtasida talashib kelingan hududlardan biri edi. U yerda asosan yazidiylar yashab keladi. Biroq, 2014 yili DEASh terror tashkiloti u yerda yashovchi yazidiy xalqiga hujum qilib, ularni qatl etayotganligidan foydalangan terror tashkiloti PKK ushbu notinchlik bahonasida hududga joylashib, Turkiya chegaralari xavfsizligiga tahdid sola boshladi. Shu sababli Sinjar Turkiyaning terrorizmga qarshi kurashida muhim o’rin egallay boshladi.

Terror tashkiloti PKK Sinjarning geografik joylashuvidan foydalanib, Iroq-Suriya liniyasida muhim logistika markazini tashkil qilishga harakat qildi. Shuningdek, u yerda yashovchi yazidiylarni qurol bilan qo’rqitib, u yerni o’z manfaatiga xizmat qiladigan maydonga aylantirishga uringanligini kuzatish mumkin. Terroristlar u yerda hukmronlik qurishga harakat qilar ekan, ayni vaqtda yazidiylardan tuzilgan qurolli guruh yordamida hokimiyatini kengaytirishga kirishdi. Biroq, Iroq kurd mintaqaviy boshqaruvining qurolli kuchlariga qarshi kurashishga majbur bo’ldi. So’ngra, Turkiyaning ketma-ket havo operatsiyalari PKK terror tashkilotiga og’ir zarba bera boshladi. Ayni vaqtda, Turkiya milliy razvedka tashkiloti ham terror tashkiloti yetakchilarini birin-ketin yo’q qila boshladi.

Bu jarayonda yazidiy xalqi ham jangarilarga qarshilik ko’rsata boshladi va PKK terror tashkilotini Sinjardan quvib chiqarishga harakat qildi. Vanihoyat, Turkiyaning talabiga binoan, Bag’dod va Erbil o’rtasida PKK va Hashdi Shabi kabi qurolli guruhlarni Sinjardan quvib chiqarish maqsadida kelishuv tuzildi. Iroq qurolli kuchlarining hududga kirib kelishi bilan PKK terror tashkiloti jangarilari Sinjarning ba’zi hududlarini tark etdi, biroq ular hamon Sinjarning tog’li hududlarida faoliyatini davom ettirmoqda. Turkiya Iroq qurolli kuchlarining hududni butunlay nazorat qilishini talab qilmoqda, shu bilan birga har qanday yordamga tayyor ekanligini ta’kidlamoqda.

Natijada, Turkiya nazarida Sinjar shaharchasini terror tashkiloti PKKdan tozalash ularni Iroq-Suriya liniyasidan yo’q qilish demakdir.

O’tgan hafta Turkiya mudofaa vaziri Hulusi Akarning Bag’dod va Erbilga tashrifi ham Sinjarni terror guruhlaridan tozalash bo’yicha muhim qadam hisoblanadi desak mubolag’a bo’lmaydi.

                                                                                                               


Tanlangan kalimalar: #Iroq , #Sinjar , #Turkiya

Aloqador xabarlar