Kun tahlili 50-qism

SETA tashkilotining Xavfsizlik tadqiqotlari bo’yicha mas’ul vakili professor Murat Yeshiltashning mulohazalarini e’tiboringizga havola qilamiz.

1543823
Kun tahlili 50-qism

 

Oxirgi paytlarda Turkiya Respublikasi bilan Yevropa ittifoqi orasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar, kelgusida o'zaro munosabatlarda muammolar kelib chiqish ehtimolini tug'dirdi.

Turkiyaning tashqi siyosatidagi ilg’or tashabbuslari tabiiy ravishda muammolarni ham paydo qildi. Chunki, Turkiya uzoq vaqtdan beri tashqi siyosat bo’yicha faol ish olib bormoqda. Turkiyaning Liviya, sharqiy O'rta yer dengizi va Suriyada olib borayotgan siyosati, Yevropaning bir necha davlatlarini bezovta qilmoqda. Ayniqsa, oxirgi vatqlarda Liviya va sharqiy O'rta yer dengizidagi mojarolar bo’yicha Yevropa ittifoqi bilan Turkiya orasidagi kelishmovchiliklar avj oldi.

Bir necha kun avval Turkiyaning bayrog'i osilgan bir kemada, “İrini” nomli harbiy amaliyot doirasida o’tkazilgan tintuv, xalqaro huquq normalariga zid bo'lish bilan bir qatorda, Turkiya bilan Yevropa ittifoqi orasidagi munosabatlarning vaziyatini ham namoyon qildi.  Ushbu tintuvning qonunlarga va huquq normalariga zid ekanligiga e'tibor bermagan Yevropa ittifoqi, Turkiyaga nisbatan salbiy siyosat olib bormoqda. Yevropa ittifoqi bayonotiga ko'ra, Turkiya ushbu mintaqada doimiy ravishda muammolarni keltirib chiqarmoqda. Turkiya Respublikasi o'zini Yevropaning bir bo’lagi deb hisoblayotgan bir paytda, tintuv amaliyotining uyushtirilishi Turkiya tomonidan ham ajabtovur deb qabul qilindi. Hozirgi kunda esa barcha diqqat e'tibor Yevropa ittifoqining rahbarlari ishtirokidagi umumiy kengashda qanday qarorlar qabul qilinishiga jalb qilingan.

Yevropa ittifoqi rahbarlari Turkiyaga qarshi ba'zi mavzularda hamfikir bo'lsalar-da, lekin umumiy mavzularda Yevropa ittifoqi rahbarlari orasida ham aniq bir ittifoq mavjud emas. Fransiya, Gretsiya, Janubiy Kipr Rum boshqaruvi kabi davlatlar, Turkiyaga qarshi bo'lgan guruhning old safida o'rin olishdi. Ayniqsa, Gretsiya Turkiyaning O'rta yer dengizida olib borayotgan strategik siyosatiga chek qo’yish uchun, Yevropa ittifoqini Turkiyaga sanksiya berishga undamoqda.

Qolaversa Fransiya hukumati, Yevropa ittifoqi ichida Turkiyaga do'st emasligini ko’rsatmoqda. Ayniqsa, prezident Emmanual Makron, Turkiyani “muammoning ini” deya atamoqda. Chunki, Makron Fransiyaning Liviya va Suriyadagi strategik siyosatida Turkiyani o'ziga raqib deb ko'rmoqda. Lekin, Yevropa ittifoqining Turkiyaga nisbatan umumiy fikrini aniqlash juda qiyin. Masalan Germaniya, İspaniya, Portugaliya, İtaliya va Malta kabi Yevroittifoqqa a'zo mamlakatlar Turkiyaning ishonchini yo'qotishdan hadiksirashmoqda. Chunki ushbu mamlakatlar uchun Turkiya nafaqat iqtisodiy hamkor, balki mintaqadagi geografik vaziyati sababli Yevropa ittifoqining xavfsizligini ta'minlovchi omil bo'lib hisoblanadi. Ayniqsa, Germaniya uchun noqonuniy yo'llar bilan keluvchi immigrantlarni to'sib turuvchi “bufer zona” bo'lib hisoblanadi.

Yevropa ittifoqi agarda, Turkiyaga nisbatan sanksiya joriy etadigan bo'lsa, bu Yevroittifoq iqtisodiyotiga ham salbiy ta'sir ko'rsatishi oshkor. Germaniya hukumati ushbu salbiy oqibatlarni diqqatga olgan holda, Turkiyaga sanksiya e'lon qilishga yondashmayotir. Shu sababli, ittifoqning  Turkiyaga nisbatan sanksiya e'lon qilishi ehtimoldan yiroq. Lekin, ittifoq rahbarlarining umumiy kengashi Turkiyaga tanbeh berishi mumkin. Ayniqsa, sharqiy O'rta yer dengizi siyosatida Turkiyaga ogohlantirish berilishi kutilmoqda.

Yuqoridagi kelishmovchiliklarga qaramay Turkiya hukumati Yevropa ittifoqi hukumatlariga o'zaro muloqot o’rnatishni taklif qildi. Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an, o'zaro muammolarni diplomatiya va dialog yo'li bilan hal qilish kerakligini aytdi. Erdo’g’an, ittifoq a'zolariga iqtisodiy munosabatlarni ozaytirish o'rniga aksincha, har bir davlatning manfaatiga xizmat qiluvchi diplomatik munosabatlarni o’rnatishni taklif qilmoqda. Buning uchun davlatlararo mintaqaviy konferensiya tashkil etishga chaqirgan Erdo’g’anning taklifiga hozircha javob kelmadi.

Yevropa ittifoqi o'zining kelajagi haqida bosh qotirgan bir paytda, Turkiya mavzusini qaysi jihatdan muzokara qilishlari katta ahamiyat kasb etadi. Chunki, Yevropa ittifoqi xalqaro maydonda Turkiyasiz qudratli fao bo'lishi amri mahol. Ayniqsa, Turkiyani o'ziga dushman deb e'lon qilgan taqdirda, mintaqada strategik siyosatini amalga oshirishi imkonsiz.

Shu sababli ittifoqning Turkiya bilan bo'lgan munosabatlarini yaxshilab tahlil qilishi va yangi aloqa  uslubini o’ylab topishi shart. Lekin, Gretsiya yoki Janubiy Kipr Rum boshqaruvining shaxsiy siyosatlariga bo'yin egadigan Yevropa ittifoqi Turkiyaga nisbatan haqqoniy munosabatda bo’la olmaydi.

 



Aloqador xabarlar