Kun tahlili 46-qism

SETA tashkilotining xavfsizlik bo’yicha direktori, yozuvchi dotsent Murat Yeshiltashning AQShdagi prezident saylovi natijalari va buning xalqaro siyosatga qanday ta'sir ko'rsatishi haqidagi mulohazalarini e’tiboringizga havola qilamiz.

1527240
Kun tahlili 46-qism

 

2020 yil 3 noyabrda bo’lib o’tgan prezident saylovlarida Respublikachi Donald Tramp Demokrat Joe Bidenga mag’lub bo’ldi. Saylovning rasmiy natijalari e’lon qilinmagan bo’lsa-da, Biden g’alabasini e’lon qildi. Biroq, Tramp e’tirozlarini davom ettirmoqda. Tramp saylovlarda qonunbuzarlikka yo’l qo’yilganligini iddao qilmoqda.

Natijada, Joe Biden 2021 yil yanvar oyida AQShning yangi prezidenti sifatida lavozimni egallaydi. Statistik ma’lumotlarga nazar tashlaganimizda, Biden saylovda katta ustunlik bilan g’alaba qozondi. Ilk ko’rinishda bu buyuk g’alaba hisoblanadi, biroq Bidenni o’ta mashaqqatli jarayon kutmoqda desak adashmagan bo’lamiz.

Ushbu murakkab jarayonda avvalo global xatar – koronavirusga qarshi kurash olib borilishi zarur. Biden saylovoldi tashviqotlar davom etar ekan, koronavirusga qarshi kurash strategiyasini e’lon qilgandi. Biroq, AQShda koronavirus tarqalish darajasi kundan kunga avj olib bormoqda. Halok bo’lgan insonlar soni kunda ming nafardan oshdi. Bu holat Bidenni prezidentlikning dastlabki yillarini koronavirusga qarshi kurashga ajratishga majbur qiladi.

Bundan tashqari, Bidenning yaqindan shug’ullanishi zarur bo’lgan masala davlat iqtisodiyotidir. Amerika iqtisodiyoti koronavirus epidemiyasi oqibatlaridan jiddiy zarar ko’rgan vaziyatda. Ishsizlik raqamlari, davlat dasturlari, global iqtisodiyotdagi turg’unlik kabi omillar AQSh iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

Qolaversa, Bidenni mashg’ul qiladigan masalalar bular bilan cheklangan emas. Biden Tramp davridan qolgan og’ir ommaviy qutublashishni yumshatishga majbur. Bu jarayonda darg’azab qora tanlilarni ko’rish mumkin. Jorj Floyd voqeasi bilan boshlangan irqchilik tortishuvlari Bidendan o’ta nozik va uddaburonlikni talab qiladi.

Biden saylovoldi tashviqotlar davrida ushbu muammolar bilan yaqindan shug’ullanishga va qat’iy yechim topishga va’da bergandi. Biroq, bu masalaning osonlikcha hal bo’lishiga ishonish qiyin.

Bidenning prezidentlik davrida maroq bilan kutilgan yana bir mavzu tashqi siyosatdir. Biden o’z g’alabasini Amerika kuchi va liderligi jihatidan yangi davr boshlanishi deb baholadi. Boshqacha qilib aytganda Biden, Tramp davrida yo’l qo’yilgan xatolarni qilmaslikni, uning davrida o’z e’tiborini yo’qotgan Amerikaning qayta e’tiborini tiklashga harakat qilishini va xalqaro siyosatda Vashingtonning o’rnini saqlab qolish yo’lida qadam tashlashini ma’lum qildi.

Bu doirada Biden lavozimni rasman egallashi bilanoq, Tramp bosh tortgan Parij iqlim o’zgarishi shartnomaga qayta qo’shilishini ma’lum qildi. Qolaversa, Trampning Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga AQSh yordamini to’xtatish bo’yicha qarorini bekor qiladi.  Bu xususlar Bidenning tashqi siyosat bo’yicha tashlaydigan qadamlaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, Yaqin sharqda AQShning qanday siyosat olib borishi maroq bilan kutilmoqda desak mubolag’a bo’lmaydi.

Biden shubhasiz Trampning tashqi siyosat bo’yicha yurgan yo’lidan bormasligi oshikor.

Eron yadroviy dasturi, Isroil masalasi, Saudiya Arabistoniga nisbatan munosabatlar, Qoshiqchi jinoyati, BAA va Misr kabi davlatlar bilan munosabatlar, AQShning Suriya bo’yicha siyosati, bu jarayonda Turkiya bilan AQSh munosabatlarining ahamiyati kabi mavzular Biden boshqaruvida qanday shakllanadi maroq bilan kutilmoqda.

Xulosa qilib aytganda mintaqa geopolitikasida katta o’zgarishlar ro’y berishi ehtimoldan holi emas. Buni vaqt ko’rsatadi. Biroq, bu jarayonda Bidenning ishi oson emasligini aytish mumkin.

                                                                                                                      SETA tashkilotining xavfsizlik bo’yicha direktori 

                                                                                                                      yozuvchi, dotsent Murat Yeshiltash.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #saylov , #Donald Trump , #Joe Biden , #AQSh

Aloqador xabarlar