Kun tahlili 44-qism

SETA tashkilotining tashqi siyosat bo’yicha tadqiqotchisi Jan Ajunning Ozarbayjon-Armaniston mojarolari bo’yicha mulohazalarini e’tiboringizga havola qilamiz.

1518331
Kun tahlili 44-qism

 

Ozarbayjon 30 yildan beri ishg’ol ostida bo’lgan hududlarini ozod qilish uchun Tog’li Qorabog’da harbiy kurashini davom ettirmoqda. Armaniston esa, harbiy jihatdan Ozarbayjon qo’shiniga qarshi kurashga qurbi yetmay, Ganja va boshqa bir qator tumanlarda tinch aholiga hujum qilmoqda.

Armanistonning bu strategiyasi ongli ravishda rejalanganligini aytish mumkin. Ularning niyati Ozarbayjonni Tog’li Qorabog’dan tashqari zonada jangga chorlab, Rossiya bilan imzolagan Kollektiv xavfsizlik shartnomasida belgilangan xususlarni ishga solishdir. Armaniston bu strategiyasi bilan oshkora urush jinoyatini sodir qilmoqda.

Ozarbayjon qo’shini taxminan bir oydan buyon Tog’li Qorabog’da harbiy kurashni davom ettirmoqda. Qo’shin ayniqsa, frontning shimoliy va janubiy yo’nalishi bo’ylab jangovar harakatini davom ettirar ekan, oxirgi davrlarda asosan frontning janubiy va g’arbiy yo’nalishida katta muvaffaqiyatni qo’lga kiritdi.

Ta’kidlash joizki, Fuzuliy, Jabroyil kabi ahamiyatga molik tumanlar va Zengilon hududi ishg’oldan ozod qilinib, Armaniston qurolli kuchlari bilan Eron o’rtasidagi chegara zonasi to’sib qo’yilgan. Ozarbayjon qo’shini frontdagi ustunligidan foydalanib, janubdan shimolga tomon yurish qilib, Lochin liniyasiga kirib borishga harakat qilmoqda. Agar-da shunday bo’lgan taqdirda,  Armanistonning Tog’li Qorabog’ bilan bo’lgan logistika bo’yicha liniyasi to’sib qo’yiladi.

Armaniston qo’shini esa, front chizig’ini bosqichma-bosqich ravishda mudofaa qilishga harakat qilmoqda. Biroq, urush boshlangandan beri Ozarbayjon ustunlikni qo’ldan boy bermayotir. Turkiya tomonidan ta’minlangan qurolli dronlar vositasida juda katta texnik imkoniyatlarga ega bo’lgan Ozarbayjon, shu bilan Armanistonga uncha imkon bermayotir. Armaniston qo’shini katta yo’qotishlarga uchrab, asta-sekin chekinishda davom etmoqda.

Bunga qaramay, Armaniston urushda mag’lub bo’layotgani uchun boshqa turli strategiyalar bilan urushdagi muvozanatni o’z foydasiga o’zgartirish yo’llarini qidirmoqda. Mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan Putin, Makron va Tramp kabi yetakchilar bilan aloqa o’rnatib, sulh tuzishga harakat qilar ekan, bir tomondan Armaniston qo’shini Ozarbayjonning front zonasidan tashqaridagi tuman va qishloqlariga hujum qilmoqda. Shu bilan Ozarbayjonni urush maydonini yana-da kengaytirishga undagan holda, provokatif harakatlarga qo’l urmoqda.

Ta’kidlash joizki, Armaniston Ozarbayjonning Ganja va boshqa tumanlarini to’g’ridan balistik raketa bilan nishonga olmoqda. Hujumlarda shu kungacha 90dan ortiq tinch aholi vakili halok bo’ldi. Armaniston Ozarbayjonni Tog’li Qorabog’dan tashqarida o’ziga hujum qildirishga urinib, Kollektiv xavfsizlik tashkiloti bitimi doirasida Rossiyaning urushga qo’shilishiga zamin yaratmoqda.

Biroq, Ozarbayjon provokativ harakatlarga aldanmay, Tog’li Qorabog’ni arman ishg’olidan ozod qilishga harakat qilmoqda. Agar, Ozarbayjon qo’shini Lochin va Kalbachar hududidan o’tgan logistika liniyasini qo’lga kiritsa, urushning ortiqcha davom etmasligi ehtimoldan holi emas.

 

SETA tashkilotining tashqi siyosat bo’yicha tadqiqotchisi Jan Ajunning mavzu bo’yicha mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Armaniston , #Ozarbayjon

Aloqador xabarlar