Kun tahlili 28-qism

Bolqon migratsiyasining qisqacha tarixi va qatliomning haqiqiy nomi…

Kun tahlili 28-qism

 

 

O’tgan hafta Skopyada Xalqaro Bolqon universiteti mezbonligida 5- Xalqaro sotsial bilimlar simpoziumi bo’lib o’tdi. Mazkur simpoziumga Turkiya Oliy majlisi rahbari Mustafo Shentop rahbarlik qildi.

Mazkur simpoziumga 13 davlatdan qariyb 617 nafar akademik olimlar ishtirok etdi. Jumladan, men ham ushbu simpoziumda ishtirok etdim va ma’ruza qildim. Simpoziumda Harvard kabi AQShning mashhur universitetlaridan turk tadqiqotchi olimlar bilan tanishish bahtiga muyassar bo’ldim. Ular bilan Oliy ta’lim kengashi (YÖK) va Turkiyadagi oliy ta’lim tizimi haqida suhbatlashdik.

Dasturimizning bugungi sonida Bolqon migratsiyasiga to’xtalmoqchiman. Chunki, Bolqonlarga har borishimda bu mavzu beihtiyor o’rtaga tashlanadi. Usmoniy davridan kunimizgacha yetib kelgan bu mavzu Bolqonlarni ziyorat qilgan har bir insonning mutlaqo yodiga keladi.

 

Bolqon migratsiyasining qisqacha tarixi va qatliomning haqiqiy nomi…

Tarixiy manbalarda yozilishicha, 18-asrdan boshlangan bu jarayon millionlab musulmonning va turklarning Bolqonlarda qatliomga uchraganligini, qatl etilganligini va surgun qilinganligini aks ettiradi. Usmoniy davlati asta-sekin chekinar va keyinchalik tarqalar ekan, Bolqon geografiyasidagi musulmonlar va turklar juda ayanchli kunlarni boshidan o’tkazdi.

Qatliom ifodasi birinchi bor 2-Jahon urushidan oldin Germaniya tomonidan yahudiylarga qarshi sodir etilgan ommaviy qatliomlar, og’ir qiynoqlar va ishkanjalarga nisbatan tilga olingan. Bolqonlarda musulmonlarga nisbatan sodir etilgan qatliomlar Germaniyaning yahudiylarga nisbatan sodir etgan qatliomlari bilan qiyoslanmaydigan darajada vahshiy edi. Biroq, bu jarayon butun dunyo u yoqda tursin, xatto Turkiyada ham ko’pchilik tomonidan bilinmaydi.

Bolqonlarda 17-asrdan beri ro’y bergan voqealar 19- va 20- asrdagi mashaqqatlarni boshidan o’tkazganlarning farzandlariga, kelajak nasllarga va dunyoga yetkazadigan darajada bitta kinofil’m ham tayyorlangani yo’q. Xolbuki, xalqimizning niyati bu azob-uqubatni bahona qilib dunyodan foydalanish emas. Qanday og’ir kunlarni boshidan o’tkazishiga qaramay, o’z yo’lida davom etishdir. Biroq, xalqimiz bu qora kunni hech qachon yodidan chiqarmaydi. Faryodi bilan, gimnlar va dostonlar bilan boshidan o’tkazgan qora kunlarni kelgusi nasllarga yetkazib kelishga harakat qilmoqda.

Qaysi kinofil’m yuragimizni titratadigan Chanoqqal’a, Yaman dostoni, Plevne gimni kabi ta’sirli bo’larmidi?

Afsuski, siyosiy maqsadlar bilan o’z yurtidan surgun qilish moziyda qolgan narsa emas. Bugungi kunda ham musulmonlar yashaydigan ko’plab mintaqada bunga o’xshash voqealarni uchratish mumkin. Mana yaqin o’tmishda Bolgariyadagi turklar, bugungi kunda esa Qrim, Qorabog’ va uyg’ur turklariga nisbatan sodir etilayotgan zolimliklar, Myanma, Suriya va albatta Falastin musulmonlari duch kelayotgan muammolar Bolqon turklarining boshiga tushgan kulfatlardan farq qilmaydi.

 

Bo’shab qolgan Bolqonlar…

Bolqonlarga har borishimizda suhbatimning asosiy mavzusi Turkiyaga ko’chirilgan migrantlardir. Usmoniy davrida boshlangan migratsiya masalasi faqat o’sha davrda qolib ketgani yo’q. Respublika tashkil topgan yillarda ham davom etgan. Xatto, bugun ham turli shakllarda davom etmoqda. Bolqonlarda turklarning o’rni kundan kunga kamayib bormoqda.

Turkiya Bolqonlardagi turklarning, balki butun musulmonlarning umidi, kelajagi hisoblanadi. Chunki, bir joyda etnik xalqqa aylanish juda katta majburiyatlarni keltirib chiqaradi. Etnik xalq sifatida yashar ekansiz, tashqaridan kuchli yordamga muhtoj bo’lasiz. Bu esa, ko’pincha moddiy yordamni tashkil qiladi.

TRT Turkiya ovozi radiosida “Chashmi Jahon” nomli dasturga mehmon bo’lgan Shimoliy Makedoniya konstitutsiya mahkamasi a’zosi Salih Murotning quyidagi so’zlari bu jarayon haqida qissadan hissa chiqaradi: “Biz Turkiyadan hech narsa xohlamaymiz. Turkiya kuchli ravishda o’z yo’lida davom etar ekan, bizga uning soyasigina yetarli”,-degan edi.

Ayniqsa, Bolqon turklari qanday bo’lmasin Turkiya bilan munosabatlari bardavom bo’lishini xohlaydi. Farzandlarining bir qismi o’z kelajagini Turkiyada qurishni xohlaydi. Biroq, masalaga strategik jihatdan nazar tashlagan Bolqon turklari Bolqonlarning tobora turklardan tozalanishidan xavotirda. Chunki, Bolqonlardan Turkiyaga yoki boshqa biron davlatga insonlarni ko’chirish ularning kelajagini tahlika ostiga qo’yadi.

O’tmishda bo’lganidek, 2 mlnlik Bolqon davlatidan 500 ming aholini Turkiyaga ko’chirish Turkiya aholisi jihatidan katta ma’no kasb etmaydi. Biroq, bu nisbat o’sha davlat aholisining 25 foizini tashkil qilgach, u yerda qolgan turklarni yolg’izlikka mahkum qiladi. Buni o’tmishda guvohi bo’lgani uchun qiyin bo’lsa ham Bolqon turklarini o’z o’rnidan siljitmaslik bugungi Bolqon davlatlarining chehrasiga butkul ijobiy ta’sir ko’rsatishini ta’kidlash mumkin.

 

To’g’ri siyosat: O’z o’rnini mustahkamlashdir…

O’tmishni ortga qaytarib bo’lmaydi. O’tmishga ham bog’lanib qololmaymiz. Biroq, o’tmishdan ibrat olgan holda, bugungi kunimizni to’g’ri shakllantirishimiz zarur. Bugungi kunda Bolqon migrantlarining, muxojirlarining kelgan zaminlarda ota-bobolarining merosini, asarlarini yo’qotmasligi zarur. Bolqonlardagi merosni saqlab qolish vazifasi nafaqat TIKA va Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar tashkiloti, Yunus Emre va Maorif kabi davlat tashkilotlarining, balki har bir fuqaroning burchidir.

Bolqonlarda yashagan har bir turk va musulmon ota-bobolarining merosxo’ri sifatida Bolqon ko’chmanchilarining vataniga qaytishini, o’zligini unutmasligini talab qiladi. Bolqon migrantlari ayni paytda g’ayri muslim qo’shnilari bilan o’tmishning achchiq kunlarini bir chetga surib, yana ham ko’p qirrali munosabatlarni o’rnata oladilar.

Rossiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari Bolqonlarga nisbatan qiziqishni kuchaytirgan bir paytda, Turkiyada yashagan Bolqon migrantlarining munosabati qo’shni davlatlar uchun ham yangi alternativalarni paydo qiladi.

Turkiyadagi Bolqon migrantlari nafaqat Turkiya bilan Bolqon davlatlari o’rtasida, balki Bolqon davlatlarining dunyo bilan bo’lgan munosabatlarida ham ko’prik vazifasini o’tashi maqsadga muvofiq bo’ladi.

 Albatta, migratsiya masalasi juda keng qamrovli mavzu. Avvalo iqtisodiy sabablar tufayli g’arbga ko’chib borganlar, ularning ortga qaytishi, Qrim, Kafkazlar, mesxeti turklari, uyg’urlar va boshqa turkiy etnik xalqlar duch kelgan qiyinchiliklar tufayli Turkiyaga ko’chib kelish harakati… Bularning barchasi o’ziga xos katta muammolardir.

Xorijdagi turk millatiga mansub jamiyatlarga nisbatan qanday strategiya ishlab chiqish kerakligiga doir fikrlarni kelgusi dasturimizda davom ettiraylik.

 

Ankaradagi Yildirim Beyazit Universitetning Siyosiy fanlar fakulteti dekani professor Kudret Bulbulning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.


Tanlangan kalimalar: Turkiya , migratsiya , Bolqon

Aloqador xabarlar