“Hizbulloh” yangi rahbar tayinlanganini rad etdi
“Hizbulloh” yozma bayonotida ba’zi matbuotda yangi bosh kotib tayinlanishi haqidagi xabarlarning hech qanday ahamiyati yo‘qligini ta’kidladi.
Livandagi “Hizbulloh” harakati Hasan Nasrulloh o‘limidan so‘ng harakat ijroiya kengashi raisi Hoshim Safi ad-Dinning bosh kotib lavozimiga tayinlanganini rad etdi.
“Hizbulloh” yozma bayonotida ba’zi matbuotda yangi bosh kotib tayinlanishi haqidagi xabarlarning hech qanday ahamiyati yo‘qligini ta’kidladi.
“Biz ba’zi ommaviy axborot vositalarida Bosh kotib (Nasrulloh) shahid bo‘lganidan keyin “Hizbulloh” rahbariyatidagi tashkiliy tartib-qoidalar haqida tarqalayotgan xabarlar haqiqiy emasligini aniq aytmoqchimiz”, deyiladi bayonotda.
Unda, shuningdek, “Hizbulloh” rahbariyatining bu boradagi ishlari davom etayotgani ta’kidlanadi. Guruh rahbariyati rasmiy bayonotga qadar bunday xabarlarga ishonmaslikka chaqirgan.
Ma’lumki, Hizbulloh Bosh kotibi Hasan Nasrulloh 27-sentyabr kuni Isroil armiyasi tomonidan Livan poytaxti Bayrutga uyushtirilgan havo hujumida halok bo‘ldi.
Avvalroq, Livandagi “Hizbulloh” guruhining Sho‘ro kengashi Hoshim Safi ad-Dinni tashkilotning yangi bosh kotibi etib saylagani xabar qilingandi.