Rus askarlari tomonidan olib ketilgan pitbull ham Ukrainaga qaytarildi
Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida amalga oshirilgan mahbuslar almashinuvida rus askarlari tomonidan olib ketilgan pitbull it ham Ukraina tomoniga qaytarildi.

Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida 31-dekabr kuni amalga oshirilgan mahbuslar almashinuvida Ukrainaning Mariupol shahridagi “Azovstal” zavodidan rus askarlari tomonidan olib ketilgan pitbull it ham Ukraina tomoniga qaytarildi.
Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak o‘zining Telegramdagi sahifasida bergan bayonotida, 2022-yilning 31-dekabri kuni Rossiya tomoni bilan amalga oshirilgan mahbuslar almashinuvi doirasida “mashhur” pitbull itning ham Ukrainaga qaytarilgani ma’lum qilindi.
Itning suratini ham bo‘lishgan Yermak, “Azovstalning mashhur itini ham olib kelyapmiz”, - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Rus askarlari tomonidan Azovstaldan, urushning ilk kunlarida olib ketilgan it, Rossiyaga qarashli Checheniston Respublikasi Prezidenti Ramazon Qodirovga yetkazilgandi.
Mazkur mahbuslar almashinuvi doirasida 140 nafar ukrainalik va 82 nafar rus askari ozod etildi.
Boshqa tomondan, Ukrainaning Vaqtinchalik bosib olingan hududlarini qayta integratsiya qilish vazirligi, Rossiya bilan mahbuslar almashinuvi tufayli 2022-yilda 1596 nafar ukrainalik ozod qilinganini bildirdi.
Vazirlik tomonidan mavzu haqida yozma ravishda berilgan bayonotda, “2022-yili 1596 kishi dushman asiridan qutqarildi. Ulardan 1464 nafari harbiy, 132 nafari esa tinch aholidan”, - degan ifodalarga o‘rin berildi.
Bayonotda, asirlikdan ozod etilganlarga davlat tomonidan ijtimoiy va tibbiy jihatdan yordam ko‘rsatilayotgani ta’kidlandi.