Vladimir Zelenskiy Amerika Kongressida nutq so‘zladi

Ukraina Prezidenti nutqining boshida Amerika Kongressida nutq so‘zlash u uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi.

1922172
Vladimir Zelenskiy Amerika Kongressida nutq so‘zladi

 

Kecha, 21 dekabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oq uyda AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan muzokaradan so‘ng AQSH Kongressi har ikki palatasining qo‘shma majlisida nutq so‘zladi.

Ukraina Prezidenti nutqining boshida Amerika Kongressida nutq so‘zlash u uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, Ukraina jang maydonida allaqachon Rossiya ustidan g‘alaba qozongan va ukrainalik do‘stlari va hamkorlari, birinchi navbatda, AQSHning katta qo‘llab-quvvatlashini inobatga olgan holda, buni davom ettiradi. 

“Bu nafaqat hudud, balki Yevropaning u yoki bu qismi uchun kurash. Jang faqat ukrainaliklar yoki Rossiya zabt etishga urinayotgan boshqa davlatlarning hayoti, erkinligi va xavfsizligi uchun emas. Bu kurash bizning bolalarimiz va nevaralarimiz qanday dunyoda yashashini aniqlaydi...  ukrainaliklar uchun, amerikaliklar uchun, hamma uchun demokratiya bo‘ladimi yoki yo‘q, shuni belgilaydi”, deydi Ukraina rahbari. 

Zelenskiy ruslar artilleriya, o‘q-dorilar va uzoq masofali raketalar bo‘yicha ustunlikka ega ekanini tan oldi. 

“Ular tevarak-atrofdagi hamma narsani vayron qiladilar, biroq ukrainaliklar o‘z saflarida qoladilar va hech qachon taslim bo‘lmaydilar”, deb ta’kidladi Ukraina rahbari. 

Prezident Zelenskiy Amerikaning Patriot havo mudofaa tizimlari Ukraina osmoni va Ukraina shaharlarini himoya qilishga yordam berishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, u Eronning Rossiya Qurolli kuchlari uchun uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berishiga ishora qilib, bir terrorchi boshqa terrorchiga yordam berishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi. 

“Ukraina hech qachon amerikalik askarlardan bizning o‘rnimizga bizning zaminimizda jang qilishini so‘ramagan. Sizni ishontirib aytamanki, Ukraina askarlari Amerika tanklari va samolyotlarini mukammal boshqarishga qodir”, deydi Vladimir Zelenskiy.

Uning ta’kidlashicha, Amerikaning Ukrainaga hozirgi yordami xayriya emas, balki global xavfsizlik va demokratiyaga sarmoyadir. Zelenskiy, shuningdek, Ukraina xalqi tinchlik, ammo adolatli dunyoni istashini va adolatli dunyo Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi ekanini aytdi. 

Ukraina askarlarining kurashini 1944-yilda Gitlerga qarshi kurashgan AQSH askarlariga o‘xshatgan Zelenskiy “Ukraina hech qachon taslim bo‘lmaydi”, dedi.

Ularga berilgan o'q-dorilar yordami muhim, ammo yetarli emasligini ta'kidlagan Zelenskiy: "Rossiya bu genotsid siyosatida ittifoqchi topdi: Eron. Eron Rossiyaga infratuzilmamizga tahdid soluvchi yuzlab halokatli uchuvchisiz uchoqlarni yubordi", dedi.

Zelenskiy Ukrainaning 10 banddan iborat tinchlik formulasi takliflarini AQSh prezidenti Jo Bayden bilan muhokama qilganligini bildirdi.

"Biz kelgusi o'n yilliklar davomida umumiy xavfsizligimizni ta'minlash uchun ularni amalga oshirishimiz kerak" deydi u.

Zelenskiy, bu doirada tinchlik sammiti tashkil qilish taklifini berganligini va Bayden ham ular taklif qilgan tinchlik tashabbusini qo'llab-quvvatlaganidan mamnun ekanini aytdi.

Zelenskiy Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi.

 


Tanlangan kalimalar: #Ukraina , #Vladimir Zelenskiy

Aloqador xabarlar