Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi to‘qqizinchi sanksiyalar paketini kiritdi

Unda yana 200 ga yaqin jismoniy shaxs va korxonalar, uchta bank, to‘rtta telekanal, harbiy-sanoat kompleksidagi kompaniyalar bor.

1916238
Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi to‘qqizinchi sanksiyalar paketini kiritdi

 

Yevropa Komissiyasi kecha, 7 dekabr kuni Rossiyaga qarshi to‘qqizinchi sanksiyalar paketini kiritdi, unda yana 200 ga yaqin jismoniy shaxs va korxonalar, uchta bank, to‘rtta telekanal, harbiy-sanoat kompleksidagi kompaniyalar bor.

Shuningdek, paket ikki maqsadli dronlar va ularning komponentlarini yetkazib berish bo‘yicha eksport cheklovlarini ham o‘z ichiga oladi.

Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen videomurojaatida aytib o‘tdi. Bu sanksiyalar kelasi hafta YeI Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. 

“Biz qora ro‘yxatga yana 200 ga yaqin odam va biznesni kiritishni taklif qilamiz”, deydi Yevrokomissiya rahbari. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiya “Rossiyaning yuqori martabali harbiylari, parlament a’zolari, gubernatorlar, vazirlar, siyosiy partiyalar va kompaniyalarni” qora ro‘yxatga kiritishni rejalashtirmoqda. Ularning ismlari va kompaniya nomlari Yevropa Ittifoqi Kengashi yangi sanksiyalar paketini ma’qullaganidan so‘ng ma’lum bo‘ladi va u YeIning rasmiy jurnalida chop etiladi. 

“Yevropa Komissiyasi yana uchta bankka nisbatan sanksiyalar joriy etishni, shu jumladan, Butunrossiya mintaqaviy taraqqiyot banki uchun tranzaksiyalarni to‘liq taqiqlashni ham taklif qildi”, deydi Ursula fon der Lyayen.

U,  shuningdek, “Rossiya tashviqot mashinasi”ga zarba berish orqali Yevropa Ittifoqidagi yana to‘rtta rus kanalini o‘chirib, ularni va onlayn platformalarda translyatsiya qilishni taqiqlashga chaqirdi.

“Shuningdek, biz Rossiyaning energetika va tog‘-kon sanoatiga nisbatan yangi cheklovlarni, shu jumladan tog‘-kon sanoatiga investitsiyalarni to‘liq taqiqlashni taklif qilamiz”, deydi u. 

Fon der Lyayenning fikricha, Rossiya qishda Ukrainani muzlatib qo‘ymoqchi.  

“Biz Ukraina tomonida turibmiz va Rossiyani shafqatsizligi uchun badal to‘lashga majburlamoqchimiz”, deydi Yevrokomissiya rahbari, Yevropa Ittifoqining avvalgi sakkizta sanksiyalar paketi Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazganligi haqidagi fikrni bildirar ekan. 

Shu kungacha YeI Rossiya bo‘ylab 1241 kishi va 118 kompaniya va tashkilotni qora ro‘yxatga kiritgan.


Tanlangan kalimalar: #sanksiya , #Yevropa komissiyasi , #Rossiya

Aloqador xabarlar