Rossiya Ukrainani tark etmasa, tinchlik muzokaralarini boshlash mumkin emas

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan o‘tkazilgan uch tomonlama matbuot anjumanida ma’lum qildi.

1869921
Rossiya Ukrainani tark etmasa, tinchlik muzokaralarini boshlash mumkin emas

 

Rossiya Qurolli Kuchlari Ukrainani tark etmasa, tinchlik muzokaralarini boshlash mumkin emas. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan o‘tkazilgan uch tomonlama matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Janob Guterrish va janob Prezident Erdo‘g‘anga Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun alohida minnatdorlik bildiraman”, deb aytgan Ukraina Prezidenti matbuot anjumanida.

Zelenskiy Rossiyani o‘z mamlakatiga qarshi tajovuzkorlikda ayblab, Erdo‘g‘an va Guterrishning Ukrainada bo‘lishi xalqaro huquqni tiklash nuqtai nazaridan muhim ekanini ta’kidlagan.

Uch tomonlama uchrashuvda Ukrainadan g‘alla eksporti masalasi muhokama qilingan. Zelenskiy “G‘alla yo‘lagi haqidagi kelishuv global oziq-ovqat inqirozini oldini olish nuqtai nazaridan juda muhim” ekanini urg‘ulagan.

Zelenskiyning aytishicha, uchrashuv chog‘ida tomonlar Zaporoje AES bilan bog‘liq so‘nggi o‘zgarishlarni baholab, Rossiyani mazkur stansiyaga qarshi shantaj uyushtirganlikda ayblagan. U shuningdek, yadro xavfsizligi butun dunyo uchun juda muhim ekanini qayd etgan.

“Rossiya hech qanday shartlarsiz Zaporoje atom elektr stansiyasidan qo‘shinlarini zudlik bilan olib chiqib ketishi kerak. Shu bilan birga, barcha hujum va provokatsiyalarga chek qo‘yishi kerak”, deb aytgan Ukraina Prezidenti.

Zelenskiy shuningdek, Prezident Erdo‘g‘an bilan Turkiya va Ukraina o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilganini qo‘shimcha qildi. U urushdan keyin Ukrainani tiklash rejalari haqida gapirdi. Shu nuqtai nazardan, Xarkov viloyatini qayta tiklashni zimmasiga olgan Turkiyaga alohida minnatdorlik bildirdi.

Prezident Vladimir Zelenskiy Rossiya Federatsiyasiga ishonib bo‘lmasligini, shuning uchun rasmiy Moskva bilan muzokaralar faqat rus qo‘shinlari Ukrainaning barcha bosib olingan hududlaridan olib chiqib ketilgandan keyingina olib borilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

 


Tanlangan kalimalar: #Rossiya , #Erdo'g'an , #Vladimir Zelenskiy , #Ukraina

Aloqador xabarlar