AQSH Rossiyaning xavfsizlik bo'yicha talablariga javob berdi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligidan berilgan bayonotda, AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Sallivanning vazirlik binosiga borganligi bildirildi. "AQSh elchisi Rossiyaning xavfsizlik bo'yicha takliflariga AQShning yozma javobini berdi",-deyiladi bayonotda.

1768937
AQSH Rossiyaning xavfsizlik bo'yicha talablariga javob berdi

 

Rossiya-Ukraina ziddiyatiga diplomatik yechim qidirish faoliyatlari davom etmoqda.

AQSHning Rossiyadagi elchisi Jon Sallivan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Vashingtondan Rossiyaning xavfsizlik takliflariga yozma javobini olib keldi. Bu haqda Rossiya TIV saytida xabar berildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligidan berilgan yozma bayonotda, AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Sallivanning vazirlik binosiga borganligi bildirildi.

Ma'lumotga ko'ra, Sallivan Rossiya Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Aleksandr Grushko bilan uchrashgan.

“Uchrashuv davomida Amerika diplomatik missiyasi rahbari AQSH ma’muriyatining avvalroq Rossiya tomonidan taqdim etilgan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma loyihasiga yozma javobini topshirdi”, deyiladi xabarda. 

Ta’kidlanishicha, Sallivan ikkita hujjat topshirgan: biri AQSHdan, ikkinchisi NATOdan. Amerika elchisining Rossiya TIVga tashrifi yarim soatga yaqin davom etgan. U hech qanday izoh bermasdan Tashqi ishlar vazirligi binosidan chiqib ketgan. 

AQSh tomoni ushbu maktub mazmunini oshkor qilmasligini, "muloqotga ochiq ekanligini va diplomatiyani afzal ko'rishlarini" ma'lum qilib, Rossiya tomonidan ham xuddi shunday munosabatni kutib qolishini bildirdi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken “Biz AQSh va uning ittifoqchilarining xavotirlarini Rossiyaga yetkazdik”,-deb ma’lum qilgan.

“Qolganini Rossiya hal qiladi. Biz har ikkala vaziyatga ham tayyormiz. Rossiyaning Ukrainaga nisbatan tajovuzkor pozitsiyasi tufayli yuzaga keladigan global energiya inqiroziga yoʻl qoʻymaymiz”,-dedi Blinken.

U Moskvaning Ukrainani NATOga qoʻshmaslik haqidagi taklifini rad etganligini qo’shimcha qilgan.

Boshqa tomondan, NATO Bosh kotibi Jens Stoltenberg, Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo'yicha kelishuv taklifiga yozma javob yuborganligini bildirdi.

Stoltenberg, matbuot anjumanida, "NATO Rossiyaga yozma ravishda takliflar yubordi. Biz buni AQSh bilan parallel ravishda amalga oshirdik" dedi.

Moskva bilan diplomatik muloqotga tayyor ekanligini ta’kidlagan Stoltenberg, Rossiyani boshqa davlatlarga qarshi kuch ishlatmaslikka chaqirdi.

Ukrainaning alyansga a’zoligiga kelsak, Stoltenberg NATOning “ochiq eshiklar” siyosatini davom ettirishini ta’kidlab, Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, buning javobi og’ir bo’lishini qo’shimcha qildi.

 

Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari takliflari

Rossiya 2021 yil 17 dekabr oyida AQSH va NATOga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflar yuborgandi. Unda Rossiya NATOni kengaytirishdan voz kechish majburiyatini olishni talab qilgan.

AQShning sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlari va NATOga aʼzo boʻlmagan davlatlarda harbiy bazalarni tashkil qilmaslik, bu davlatlar infratuzilmasidan har qanday harbiy faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanmaslik va bu davlatlar bilan hamkorlik qilmaslik talablari ham shular jumlasidandir.

Rossiyaning taklifi, shuningdek, yadro qurolini mamlakatlarning o‘z hududidan tashqarida joylashtirmaslik va milliy hududdan tashqarida joylashgan bunday qurollarni olib chiqib ketish qoidalarini ham o‘z ichiga oladi.


Tanlangan kalimalar: #Ukraina , #Rossiya

Aloqador xabarlar