Fransiya Vashingtonda o’tkaziladigan tadbirda ishtirok etishdan bosh tortdi

Parij ushbu qarorni AQSh, Britaniya va Avstraliya mudofaa alyansi tashkil etishini e'lon qilgandan keyin qabul qildi. Bu hamkorlik oqibatida Fransiya Avstraliyaga suvosti kemalari yetkazib berish bo‘yicha 66 mlrd dollarlik shartnomadan chetlatilgan bo’ldi

1707239
Fransiya Vashingtonda o’tkaziladigan tadbirda ishtirok etishdan bosh tortdi

 

Fransiya Vashingtonda o’tkaziladigan AQSh-Fransiya do’stlik kechasini bekor qildi.

Mazkur tantanali tadbir AQShning ozodlik urushida Fransiya dengiz kuchlari yordamida Britaniyaga qarshi qozongan Chesapik g’alabasining 240 yilligiga bag‘ishlangan edi.

Ma’lumotga ko’ra, Parij ushbu qarorni AQSh, Britaniya va Avstraliya mudofaa alyansi tashkil etishini e'lon qilgandan keyin qabul qildi. Bu hamkorlik oqibatida Fransiya Avstraliyaga suvosti kemalari yetkazib berish bo‘yicha 66 mlrd dollarlik shartnomadan chetlatilgan bo’ldi.

Chesapik jangi AQSh mustaqilligi uchun urushda dengizda kechgan hal qiluvchi jang hisoblanadi. Chesapik ko‘rfazida o‘tgan jang 1781 yil sentyabrda Britaniya va Fransiya dengiz flotlari o‘rtasida bo’lgan. Ushbu jangda AQShni qo‘llab-quvvatlagan Fransiya dengiz floti Britaniya ustidan g‘alaba qozongandi.

Ta’kidlash joizki, AQSh prezidenti Jo Bayden, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson va Avstraliya bosh vaziri Scott Morrison ishtirokida online yig’ilish o’tkazilgandi.

Unda AQSh, Britaniya va Avstraliya o‘rtasida mudofaa sohasida yangi alyans – AUKUSga asos solindi. Alyansning birinchi tashabbuslaridan biri sifatida Avstraliyani suvosti kemalari bilan ta'minlash ko‘rsatilgan. Shu sababli Avstraliya Fransiya bilan suvosti kemalari yetkazib berish bo‘yicha shartnomadan chiqqan.

Parij o‘z ittifoqdoshlarining bu qarorini hamkorlik ruhiga hilof deb baholagan.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #AQSh , #Fransiya

Aloqador xabarlar