Aleksey Navalniy 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Moskva shahar sudi unga belgilangan shartli ozodlikdan mahrum etish jazosini haqiqiysiga almashtirdi. Bunga sabab sifatida siyosatchi uy qamog’i qoidalarini buzgani keltirilgan.

1576233
Aleksey Navalniy 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

 

Rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Moskva shahar sudi unga belgilangan shartli ozodlikdan mahrum etish jazosini haqiqiysiga almashtirdi.

Rossiya Jazoni ijro etish federal boshqarmasi Navalniyning shartli jazosini haqiqiysiga almashtirish bo‘yicha sudga murojaat qilgandi. Bunga sabab sifatida siyosatchi uy qamog’i qoidalarini buzgani keltirilgan.

Sudya Nataliya Repnikova sud hukmini o’qib eshittirdi.

Bunga ko’ra, sud Navalniyga 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etish bo’yicha shartli jazosini haqiqiysiga almashtirgan. Ta’kidlanishicha, siyosatchi shartli ravishda 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgach, 7 marta maxsus tekshiruvga kelmagan va bu uchun ogohlantirish olgan. Shuningdek, Navalniy tuzalish yo‘liga ham o‘tmagan.

Sud avval uy qamog’ida o’tkazgan 10 oylik muddatni hisobga olib, Navalniyning qolgan jazosini qamoqxonada o’tkazishiga qaror qilgan. Navalniy sudning qaroriga 10 kun ichida e’tiroz bildirishi mumkin.

Aleksey Navalniy ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni o‘tash uchun qamoqxonaga yuborilgach, mamlakat bo‘ylab norozilik mitinglari boshlandi. Navalniy tarafdorlari Moskvadagi Kreml saroyi yaqinida joylashgan Manej maydonida to’plandi. Shaharda 1 fevraldan boshlab xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Ayniqsa, Kreml atrofi qattiq qo’riqlana boshladi.

Shahar markazidagi ko’chalarda namoyishchilar prezident Vladimir Putinga qarshi chiqish qildi. Ular xalqni ko’chaga chiqishga chorladi. Politsiya ularga qarshilik ko’rsatdi va qo’lga olishlar boshlandi.

Mamlakatning ikkinchi yirik shahri Sankt Peterburgda ham Navalniy tarafdorlari miting o’tkazdi. Miting vaqtida ko’plab namoyishchi qo’lga olindi.

Navalniy qo‘lga olingach, dunyodagi ko‘plab siyosiy yetakchilar ham uni qo‘yib yuborishni talab qilishdi. Jumladan, AQShning yangi davlat kotibi Antoni Blinken rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning taqdiridan xavotirda ekanligini ma’lum qildi.

U shuningdek, oxirgi kunlarda mitinglarda qo’lga olingan yuzlab namoyishchilarni darhol qo’yib yuborishga chaqirdi.


Tanlangan kalimalar: #Rossiya , #Aleksey Navalniy

Aloqador xabarlar