Rossiyalik muxolif Aleksey Navalniy Moskvada qo’lga olindi

Rossiyalik muxolif Aleksey Navalniy Berlindan Moskvaga uchib kelishi bilanoq aeroportda qo’lga olindi. U shartli ozodlik muddatini ko‘p martalab buzgani uchun 2020 yil 29 dekabrdan beri qidiruvda bo‘lgan.

1565382
Rossiyalik muxolif Aleksey Navalniy Moskvada qo’lga olindi

 

Rossiyalik muxolif Aleksey Navalniy Berlindan Moskvaga uchib kelishi bilanoq aeroportda qo’lga olindi.

Aleksey Navalniy Sheremetevo aeroportida pasport tekshiruvidan o‘tgach hibsga olindi. Uni olib kelgan samolyot aslida Vnukovo aeroportiga qo’nishi kerak edi, biroq salbiy havo shartlari sababli samolyot Sheremetevo aeroportiga qo’ngan. Uning yonida turmush o’rtog’i Yuliya Navalnaya va advokati ham bo’lgan. Muxolifning rafiqasiga va advokatiga u bilan birga bo’lishiga ruxsat berilmagan. 

Jazolarni ijro etish federal xizmati ma’lum qilishicha, Navalniy shartli ozodlik muddatini ko‘p martalab buzgani uchun 2020 yil 29 dekabrdan beri qidiruvda bo‘lgan. Sud Navalniyga nisbatan qo’shimcha chora ko’radi. Ungacha Navalniy qamoqda ushlab turiladi.

Bu voqea Yevropalik mulozimlarning e’tiborini o’ziga jalb qildi. Yevrokengash rahbari Charles Michel Navalniyning qo’lga olinishini qabul qilib bo’lmaydigan holat deb baholadi.
“Rossiya hukumatini Navalniyni darhol ozod qilishga chaqiraman”,-deb aytgan Charles Michel.

Yevroittifoqning tashqi aloqalar va xavfsizlik siyosati bo’yicha oliy vakili Jozep Borrel ham Navalniyning huquqiga hurmat ko’rsatilishini talab qilgan. “Huquqni siyosiylashtirish noto’g’ri”,-deb aytgan Jozep Borrel.

Eslatish joizki, rus muxolif Aleksey Navalniy 2020 yil 20 avgustda Tomskdan Moskvaga parvoz vaqtida o‘zini yomon his qila boshlagan. Shundan keyin samolyot Omskda favqulodda qo‘nishni amalga oshirib, Navalniy mahalliy shifoxonaga yotkizilgan. Shifokorlar unga qondagi shakarning keskin o‘zgarishiga olib kelgan moddalar almashinuvi buzilishi tashxisini qo‘yishgandi. Keyinroq, Navalniy davolanish uchun Germaniyaga olib ketilgandi. Germaniyada Navalniyning “Novichok” zaharli moddalari guruhiga kiruvchi dori bilan zaharlangani ma'lum qilingandi. 

Navalniy Germaniyada davolanib 23 sentyabrda shifoxonadan chiqarilgandi va u shu kungacha o’sha mamlakatda qolgandi.


Tanlangan kalimalar: #Rossiya , #Aleksey Navalniy

Aloqador xabarlar