Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiy sud zalida vafot etdi

Misr davlat televideniyesining xabariga ko’ra, 2011 yilgi inqilobdan keyin hokimiyat tepasiga kelgan siyosatchi Muhammad Mursiy sud zalida hushidan ketgach, vafot etgan.

Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiy sud zalida vafot etdi

 

Misrning sobiq prezidenti Muhammad Mursiy sud zalida vafot etdi. 

Misr davlat televideniyesining xabariga ko’ra, 2011 yilgi inqilobdan keyin hokimiyat tepasiga kelgan siyosatchi Muhammad Mursiy sud zalida hushidan ketgach, vafot etgan.

Mahalliy matbuotda tarqatilgan xabarlarga ko’ra, sud yig’ilishida uning talabiga binoan Mursiyga so’z berilgan.

Sud yig’ilishi yakunlangach, u hushidan ketgan va hayotdan ko’z yumgan.

Bu haqda Misr bosh prokurori Nebil Sodiq ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, sud yig’ilishi vaqtida Mursiydan tashqari barcha ayblanuvchilarga birma-bir so’z berilgan. So’ngra, Mursiy ham so’z talab qilgan va unga gapirish uchun ruxsat berilgan. Mursiy 5 daqiqa gapirgach, sud yig’ilishi yakunlangan.

Sud zalidagi qafasda hushidan ketgan Mursiy darhol shifoxonaga olib ketilgan va uning vafot etganligi aniqlangan.

2011 yilgi inqilobdan keyin hokimiyat tepasiga kelgan Muhammad Mursiy 2012 yili Misr tarixidagi ilk demokratik yo‘l bilan saylangan prezidentga aylangan edi.

U 2013 yilning 3 iyulida Abdul Fattoh as-Sisiy boshchiligidagi Misr Qurolli kuchlarining harbiy inqilobi natijasida hokimiyatdan to’ntarilgan edi.

To’ntarishdan so’ng, qo’lga olingan Mursiy taxminan 6 yildan buyon qamoqqa olinib sud qilinayotgan edi. Uning sog’ligi oxirgi yillarda yomonlashganligi aytilayotgan edi.

Mursiy prezidentligi vaqtida namoyishchilarni hibsga olish va qiynoqqa solishga buyruq berishda ayblangan. Shuningdek, to’ntarishdan keyingi ommaviy tartibsizliklar uchun aybdor deb topilib, umrbod ozodlikdan mahrum etilgan edi.


Tanlangan kalimalar: Muhammad Mursiy , Misr , vafot etdi

Aloqador xabarlar