Xayolimdagi sayohat-04

Hurmatli tinglovchilar dasturimizning bugungi sonida Iroqning shimoli-sharqida joylashgan Karkuk viloyati haqida suhbatlashamiz.

2234746
Xayolimdagi sayohat-04

 

Tarix va madaniyat bir-biriga bog'langan bu qadimiy shaharda asrlar davomida turk madaniyati izlari saqlanib qolingan.

Karkuk ko‘chalarining har bir burchagida bu yerlarda 400 yil hukmronlik qilgan Usmoniylarning me’moriy tuzilishi va madaniy ta’sirlarini ko‘rish mumkin.

Shaharning qoq markazida Karkuk qal'asi va kazarmalari ko’zga tashlanadi. Ushbu ko’rkamli inshoot tarix davomida shaharning harbiy va siyosiy markazi bo'lib kelgan.

16-asrda Karkuk Usmoniylar hududiga qo'shib olingandan so'ng, qal'a mintaqani nazorat qiluvchi bosh qarorgoh sifatida xizmat qilgan.

Usmoniylar davrida harbiy va ma’muriy markaz sifatida foydalanilgan qal’a devorlari va eshikdagi motivlar Usmoniy me’morchiligini kunimizgacha saqlab kelmoqda.

Qal'a hududida joylashgan Go'k Kibla masjidi Usmoniy san'atining nafis namunasidir desak mubolag’a bo’lmaydi. Uning koshinlar bilan bezatilgan gumbazi o'tmishni bugungi kun bilan bog'lab turadi. 1863-yilda qurilgan Karkuk kazarmasi qisman vayron qilingan, ammo uning saqlanib qolgan qismlari Usmoniy harbiy arxitekturasining o’ziga xosligini aks etadi.

Bundan tashqari, Karkukda Usmoniy zobitlar qabristoni mavjud. Ushbu qabriston Karkuk qal’asida, Payg‘ambar Doniyor masjidi yonida joylashgan. Qabr toshlaridagi Usmoniy bitiklar bir paytlar bu yerlar uchun jonini fido qilgan zobitlar haqida hikoya qiladi.

1918-yilda Birinchi jahon urushida shahid bo‘lgan Usmoniy zobitlarining aksariyati ushbu qabristonga dafn etilgan. Qabr toshlarining bir qismi vaqt o‘tishi bilan yemirilgan bo‘lsa-da, mahalliy turkman oilalari tomonidan juda ehtiyotkorlik bilan saqlanib kelinmoqda.

Juma kunlari turkman keksalar qabristonni ziyorat qilib, marhumlar xotirasiga qur’on tilovat qiladilar. Kunimizda bu qabriston nafaqat xotira maskani, balki Turklarning Karkukdagi hayotining teranligi va fidoyiligini ko‘rsatuvchi muqaddas maskandir.

Shaharning tarixiy mahallalarida sayr qilish o’zgacha zavq beradi.

“Musalla” tumanining tor ko'chalari, “Topchular” tumanining tarixi, “Avjilar” tumanining o'ziga xos xususiyati va “Charshi” tumanining gavjumligi insonni o’ziga rom etadi.

“Saraya” tumanidagi eski ma'muriyat binolari va “Toshko’prik” tumanining tarixiy tuzilishi Usmoniy shahar hayoti qanday tashkil etilganligini taxmin qilishga yordam beradi.

Karkuk viloyati Usmoniylar davrida muhim savdo markazi bo’lib hisoblanardi. 1855-yilda qurilgan va kunimizgacha faoliyat ko'rsatib kelayotgan "Kayseriye" bozori shaharning eng qadimgi va eng muhim savdo markazlaridan biridir.

Qal’a etagida joylashgan bozor asrlar davomida turkman savdogarlari uchun savdo markazi bo‘lib xizmat qilgan. Kayseriya yopiq bozor shaklida qurilgan. Bino ichida maxsus yo‘laklar, tor va murakkab ko‘chalar, kichik hovlilar o’rin olgan.

Kayseriya bozori haftaning kunlarini aks ettiruvchi 7 darvozasi va bir kunda 24 soat borligini eslatuvchi “24 ko'chasi” bilan ham e'tiborni tortadi. Mis ishlab chiqariladigan “Bakirjilar” ko'chasida joylashgan “Zargarlar” bozori esa, turkman oltin san'atining markazi bo'lib xizmat qilmoqda.

“Attarlar” ko‘chasida ziravorlar va shifobaxsh o‘tlar, “To‘qimachilik savdogarlari” bo‘limida an’anaviy turkman matolari va kiyimlari sotiladi.

Bozorning “Temirchilar” bo‘limida qo‘lda yasalgan temir buyumlar va asbob-uskunalar ishlab chiqariladi, “Egarchilar” bo‘limida charm buyumlar, ot jabduqlari ishlab chiqariladi. Bu yerdagi ba’zi do‘konlar turkman oilalari tomonidan besh-olti avloddan buyon boshqarilib kelinmoqda.

Bozor nafaqat savdo markazi, balki Karkuk turkmanlarining madaniy merosi saqlanadigan joy hamdir. Savdogarlar o’z orasida hamon turkmancha so'zlashadi, bozordagi qahvaxonalar esa turkman xalq qo'shiqlari kuylanadigan madaniyat markaziga o'xshaydi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Karkukdan taxminan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan “Oltin” ko'prik butunlay boshqacha go'zallikka ega. Zap daryosi ustida qurilgan bu tarixiy ko'prik turkmanlarning mintaqada tutgan o’rnini aks ettirib turadi.

Ko‘prikning eng muhim restavratsiyasi Usmoniylar davrida, 16-asrda, Qonuniy Sulton Sulaymon davrida amalga oshirilgan va ko‘prik kengaytirilib, mustahkamlangan.

Bu yerdan tarixiy Ipak yoʻlining muhim tarmoqlaridan biri oʻtgan va karvonlar uchun toʻxtash joyi boʻlgan koʻprik atrofi vaqt oʻtishi bilan aholi punktiga aylanib, bugungi “Oltinko’prik” shahrining asosini tashkil qilgan. Vaqt o’tishi bilan ko'prik maxsus poydevor bilan mustahkamlandi. Shu bilan uning asrlar davomida saqlanib qolishi ta'minlandi.

Biroq, bu mintaqa bizni turkmanlar boshdan kechirgan eng katta azoblardan biri, 1991 yil 28 martdagi Oltinko'prik turkman qirg'iniga olib boradi.

Ushbu fojiali voqea Fors ko'rfazi urushidan keyin mintaqadagi notinch muhitda sodir bo'ldi. Qurolli kuchlar 1991-yil 28-mart kuni tongda Oltinko‘prik hududiga bostirib kirib, turkmanlarni qirg‘in qilgan.

Avvaliga erkaklar uyma-uy to’plangan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, uylaridan olingan turkmanlar jumladan, keksalar, yoshlar va bolalar shahar maydoniga to‘planib qiynoqqa solingan.

100 dan ortiq turkmanlar katta chuqurga to'planib, avtomat bilan otib tashlangan. Keyin ularning ustiga toproq tortilib, ommaviy ravishda ko’mib tashlangan.

Keyinchalik qo'shinlar shahardan qisman olib chiqilib, qattiq harbiy nazorat o’rnatilgan. Biroq, ko'plab oilalar o'z yaqinlarining jasadlarini ham topa olmaganlar.

Bu qirg'in Iroq turkmanlarining yaqin tarixda boshdan kechirgan eng katta azoblaridan biri bo'lib, mintaqadagi turkmanlarga qarshi zulm va zo'ravonlikning eng ayanchli misollaridan biri sifatida tarix sahifalaridan joy olgan.

Turkiylarning Karkukda tutgan o’rnini nazardan chetda qoldirib bo’lmaydi.  Ushbu mintaqa ming yillik madaniyat, til va an’analarning jonli dalili desak adashmagan bo’lamiz. Umid qilamizki, ushbu tarixiy zaminning faxri bo’lgan turkmanlar bu zaminda abadiy yashashda davom etadi.

 


Tanlangan kalimalar: #Karkuk

Aloqador xabarlar