Xayolimdagi sayohat-03

Dasturimizning bugungi sonida ham Iordaniyadan boshlangan Hijoz temir yo'li haqidagi ma’lumotlarni berishda davom etamiz

2231426
Xayolimdagi sayohat-03

 

Sulton Abdulhamidning orzusi, Usmoniylar imperiyasining oxirgi yirik loyihasi bo’lmish Hijoz temir yo'li faqat relslardan iborat emas edi. Bu, ayni vaqtda muqaddas maskanlarga yetaklagan tsivilizatsiyaning qon tomiridir.

Istanbuldagi Sirkeji vokzalidan boshlangan ziyorat, Anadoluning yuragidan o'tib, Damashqqa, u yerdan esa muqaddas maskanlarga yetib bordi.

Makkada tugashi rejalashtirilgan temir yo‘l liniyasi birinchi jahon urushining boshlanishi tufayli faqatgina Madinagacha yetib borishi mumkin edi, bu haqda avvalgi dasturimizda batafsil aytib o’tdik.

Ushbu temir yo’ldan nafaqat Istanbul yoki Anadoluning boshqa shaharlaridan, balki Skopye, Sarayevo, Bag‘dod, Damashq xatto, Buxorodan ham kelgan ziyoratchilar foydalangan.

Poyezd bekatlarda to‘xtaganda turklar, arablar, bosniyaliklar, albanlar va boshqa turli millatdan musulmonlar birgalikda qibla tomon burilib, namoz o‘qiganlar. Ularning birgina borish manzili Hijoz temir yo‘li Madina stansiyasi edi.

Madina stansiyasi 1908 yilda Hijoz temir yo'lining eng ajoyib bekati sifatida qurildi. Cho'l o'rtasida qad rostlagan Usmoniy me'morchiligining ushbu nafis asari nafaqat vokzal, balki saroy ham edi. Ikki qavatli bino o‘zining katta arkli derazalari va geometrik bezaklari bilan o‘sha davr me’morchilik dahosini o‘zida aks ettiradi.

Bekatning eng diqqatga sazovor jihati uning o’ziga xos bezaklari edi. Saljuqiy va Usmoniy meʼmorchiligining oʻziga xos elementi choʻl iqlimida ham oʻzining nafisligini saqlab qolgan.

Binoning tashqi devorida qo‘llanilgan ochiq rangdagi toshlar quyoshning yonayotgan nurlarini aks ettirib, ichki makonni salqin ushlab turishga yordam bergan.

Asosiy kirish eshigi tepasida Sulton II Abdulhamidning imzosi va qurilish sanasi aks etgan yozuv ham bor.

Eshikning ikki tomonidagi ustunlarni klassik Usmoniy me'morchiligi an'analarining zamonaviy talqini desak adashmagan bo’lamiz. Vokzal binosi tomidagi gumbaz binoga ma’naviy muhit qo‘shib, muqaddas shahar ko’rishiga hamohang ruh bag’ishlaydi.

Vokzalning kutish zali ziyoratchilarga qulaylikni hisobga olgan holda yaratilgan. Baland shiftlar, katta derazalar va keng o’tirish joylari yo'lovchilarga qulay dam olishni taklif qiladi. Devorlarni bezab turgan koshin panellari cho'l o'rtasida Usmoniy san'at an'analarini saqlab qolgan Iznik naqshlarini o'z ichiga olgan.

Binoning sharqiy qanotida joylashgan telegraf idorasi stansiyani dunyo bilan bog‘lovchi muhim aloqa markazi bo‘lgan. G'arbiy tomonda ma'muriy idoralar va xodimlarning xonalari mavjud edi. Ikkala tomonda ham tabiiy yorug'likdan maksimal darajada foydalanish imkonini beruvchi maxsus derazalar qo’llanilgan.

Platforma qismi uzun metall ustunlar bilan mustahkamlangan keng panjur bilan qoplangan. Ushbu soyabon sayohatchilarni cho'lning jazirama quyoshi va qum bo'ronlaridan himoya qilgan. Platforma zamini maxsus bardoshli toshlar bilan qoplangan. Ushbu toshlar og'ir iqlim sharoitlariga bardosh berish uchun maxsus tanlangan.

Stansiyaning suvga bo‘lgan ehtiyoji maxsus qurilgan suv ombori orqali qondirilgan. Bu ombor poyezdlarning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, vokzal binosini tozalash va yo‘lovchilarning ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanilgan. Suv omborining arxitekturasi ham asosiy binoga moslashgan bo'lib, unda ham xuddi shunday tosh va geometrik bezaklar o’rin olgan.

Vokzal atrofida katta hovli joylashgan. Bu hovli ziyoratchilarni kutish va dam olishlari uchun mo‘ljallangan. Hovli atrofiga ekilgan daraxtlar cho‘l o‘rtasida kichik bir voha ko’rishini hosil qiladi. Kechasi chiroqlar bilan yoritilgan hovli sayohatchilarga sokin muhitni taqdim etadi.

Madina stansiyasining eng muhim xususiyatlaridan biri uning akustikasi edi. Masjid an-Nabaviydan azon chog‘ida ko‘tarilayotgan ovoz poyezd hushtaklariga qo‘shilib, o‘ziga xos muhit yaratadi. Vokzalning gumbazli kutish zali bu tovushlarni yumshatib, butun ichki makonga tarqatib, insonga xuddi ruhiy taskin beradi.

Hijoz temir yo'lidagi Madina vokzali kunimizda muzeyga aylantirilgan bo’lib, o'z tashrif buyuruvchilariga islomdan oldingi davrdan hozirgi kungacha unutilmas sayohatni taqdim etadi.

Madinaning tarixiy sayyohlik maskanlaridan biri bo’lgan muzey milodiy 1998 yilda shahzoda Abdulmajid bin Abdulaziz tomonidan ochilgan bo’lib, u Masjid an-Nabaviydan atigi 1020 metr uzoqlikda joylashgan.

Muzey 19 ta ko'rgazma zalidan iborat bo’lib, unda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, uning oilasi, nasl-nasablari, muhojirlar va ansorlar tarixi batafsil yoritilgan.

7ta xazina xonasida namoyish etilgan shoh Abdulaziz davridagi qo‘lyozmalar, qadimiy islom yozuvlari va tarixiy ashyolar tashrif buyuruvchilarni zamon sari sayohatga yetaklaydi.

Usmoniylar qariyb 400 yil xizmat qilgan Madinada o’z poyoniga yetadigan Hijoz temir yo'li Usmoniylar imperiyasining so'nggi davrida ham qanchalik katta orzular amalga oshirilganligining isbotidir. Har bir temiryo‘l, har bir vokzal binosi bu sivilizatsiyaning muqaddas zaminga muhabbati, hurmati va sadoqatining yorqin ifodasidir.

 


Tanlangan kalimalar: #Hijoz temir yo'li

Aloqador xabarlar