Turk dunyosi shamchiroqlari – 2
Dasturimizning bugungi sonida «Yassaviy nuri: Arslon bobo» haqida so‘z qilamiz.

Turk - islom madaniyatining ulkan namoyondalaridan biri bo‘lgan Xo‘ja Ahmad Yassaviy, Turk dunyosida islom dinining yoyilishi va tasavvufning chuqurlashishida muhim rol o‘ynadi. Biroq, Yassaviyning bu ma’naviy sayohati ustozi Arslon bobo rahbarligida shakllandi. Arslon bobo, Xo‘ja Ahmad Yassaviy hayoti va tasavvuf haqidagi tushunchalarida chuqur iz qoldirgan ustozdir. Uning ma’naviy yo‘l - yo‘riqlari Yassaviyning islom qadriyatlarini turkiy xalqlariga yetkazib berishda «ko‘prik» vazifasini o‘tadi.
Arslon boboning hayoti va shaxsi haqida aniq ma’lumotlar judayam kamdir. Tarixiy manbalarda Arslon boboning IX - X asrlarda yashab o‘tgani va Xuroson hududida tasavvufiy ta’limotlarni yoyganligi qayd etilgan. Islom olamidagi ko‘plab buyuk tasavvuf ustozlari singari u ham ilm va hikmat yo‘lida umr kechirgani ta’kidlanadi. Arslon bobo o‘zining ma’naviy teranligi va hikmati bilan mashhur so‘fiy bo‘lib, Ahmad Yassaviy kabi buyuk nomlarni tarbiyalashda xizmat qilgan muhim shaxsdir.
Tasavvufiy manbalarda Arslon bobo bilan Xo‘ja Ahmad Yassaviyning uchrashuvi haqida ko‘plab afsonalar bor. Ular orasida eng mashhuri Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning Arslon boboga bir omonat berib, nomi tilga olingan omonatni Ahmad Yassaviyga yetkazib berishini so‘rashlari haqidadir. Qayd etilishicha Arslon bobo ana shu omonat bilan Turkistonga borib, yosh Ahmad Yassaviyni topadi. Rivoyatlarga kora, omonat qilingan narsa bir xurmo bo‘ladi va u xurmo Ahmad Yassaviyga yetib boradi. Bu voqea Ahmad Yassaviyning ma’naviy sayohatining boshlanishi sifatida ko‘riladi.
Bu rivoyat tasavvuf dunyosida majoziy ma’noga egadir. Xurmo, ilm – fan va donolik ramzi hisoblanadi. Arslon boboning xurmoni Ahmad Yassaviyga yetkazib berishi, uning hikmat yo‘lida ustozlik burchini ado etganidan dalolat beradi. Bu hikoya, ayni vaqtda, Ahmad Yassaviyning ma’naviy qobiliyati va Xudoning inoyati bilan ulug‘langanligini anglatadi.
Arslon bobo ta’limoti islom dinining asosiy tamoyillariga asoslanadi. U oʻzining tasavvufiy taʼlimotlarida insonlarning oʻz nafsini bilishi, Xudoga yaqinlashishi va jamiyatga xizmat qilishiga urgʻu beradi. Bu ta’limotlar Xo‘ja Ahmad Yassaviyning hikmat haqidagi tushunchasiga va «yassaviylik» nomi bilan mashhur bo‘lgan tasavvuf yo‘lining asoslariga turtki bo‘ldi. Arslon bobo insonni bir butun deb hisoblaydigan so‘fiydir. Uning fikricha, dunyo va oxirat o‘rtasidagi muvozanatni o‘rnatish insonning ma’naviy kamolotga yetishi uchun shartdir. Dunyoviy mollarga haddan tashqari bog‘lanishni tanqid qilgan Arslon bobo, inson qalbini Ollohga bog‘lashi kerakligini ta’kidlagan.
Arslon boboning Ahmad Yassaviyga ta’siri uning tasavvuf haqidagi tushunchasini shakllantirishda namoyon boʻladi. Xoʻja Ahmad Yassaviy ustozi Arslon bobodan oʻrgangan hikmatli soʻzlar va tasavvufiy taʼlimotlarni turkiy sheʼr va hikmatlar orqali xalqiga yetkazgan. Shu tariqa u islom dinining axloqiy va ma’naviy qadriyatlarini sodda tilda tushuntirib, xalq qalbiga yo‘l oladi. Arslon boboning yoʻl - yoʻriqlari Yassaviyning hikmat an’anasini shakllantirishda asosiy rol oʻynadi.
Arslon boboning tasavvuf tarixidagi o‘rni, uning turkiylar orasida islom dinini chuqurlashtirishga qo‘shgan hissasiga tayanadi. U islom dinining axloqiy va ma’naviy qadriyatlarini Turk dunyosiga to‘g‘ri tushuntirib, ularning islom dinini hayot tarzi sifatida qabul qilishlariga yordam berdi.
***
Arslon bobo Xo‘ja Ahmad Yassaviyning manaviy rahbari va tasavvufiy ustozi sifatida turk - islom madaniyatiga katta hissa qo‘shgan so‘fiydir. Uning Ahmad Yassaviyga ta’siri, Yassaviyning islom dinini ommaga yetkazishda bir ko‘prikdek xizmat qildi. Arslon bobo ta’limotlari nafaqat Ahmad Yassaviy shaxsida, balki turk - islom olamining tasavvufiy an’analarida ham chuqur iz qoldirgan. Bugungi kunda Arslon boboning hikmatlari, Ahmad Yassaviy ijodida va Yassaviylik yo‘li ta’limotlarida yashashda davom etmoqda. U ma’naviy yo‘lboshchi sifatida nafaqat o‘z davri, balki keyingi davr insonlari yoki avlodlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Arslon boboning ilm va hikmatlarga boy hayoti ham tasavvuf olami ham da turkiylar madaniyati tarixida muhim meros sanaladi.
***
«Turk dunyosi shamchiroqlari» deb nomlangan dastur, xalqaro munosabatlar sohasida falsafa doktori Jemil Dog‘ach Ipek tomonidan tayyorlandi.
Aloqador xabarlar

Yangi asr shajarasi- 5 qism
2009 yil 29 yanvarida Turkiya va Isroil o'rtasida misli ko'rilmagan inqiroz yuz berdi.