Yevrosiyo kun tartibi - 51 (2024)
Dasturimizning bugungi sonida, 2024 – yil, Turkiyaning Yevrosiyo qit’asida joylashgan Respublikalar bilan bo‘lgan munosabati jihatidan qanday o‘tgani haqida so‘z qilamiz.
2024 – yili Turkiyaning Yevrosiyo qit’asida joylashgan respublikalar bilan boʻlgan aloqalari yuqori darajadagi oʻrnini saqlab qoldi. Turkiya, Rossiya - Ukraina urushida vositachilik qilishni davom ettirdi. Yevrosiyo qit’asida joylashgan respublikalarda rejalashtirilgan sammitlar oʻz vaqtida oʻtkazildi va unda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻan ishtirok etdi.
Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻan 2024 - yili Yevrosiyo qit’asida joylashgan 6 ta respublikaga rasmiy tashrif uyushtirdi. Turkiya Prezidenti shu doirada 3 - iyul kuni Qozog‘istonda, 20 - iyul kuni Shimoliy Kipr Turk Respublikasida, 23 - oktabr kuni Tataristonda, 4 - noyabr kuni Qirg‘izistonda, 7 - noyabr kuni Vengriyada, 12 - noyabr kuni esa Ozarbayjonda boʻlib qaytdi.
Yevrosiyo qit’asida joylashgan davlatlarining prezidentlari ham 2024 – yili Turkiyaga oliy darajali rasmiy tashriflar uyushtirdi. Shu doirada Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar 20 va 26 – avgust, 8 – oktabr hamda 8 - 9 noyabr kunlari; Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 19 - fevral va 10 - iyun kunlari; Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 8 - mart kuni; O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 – iyun; Vengriya Prezident Tomas Sulyak 12 - dekabr kuni rasmiy tashrif bilan Turkiyaga keldi. Prezident Ilhom Aliyev, har doimgidek, prezidentlikka qayta saylanganidan keyin ilk rasmiy tashrifini yana Turkiyaga uyushtirdi.
2024 - yili Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi va Vengriya Bosh vazirlari, Turkmaniston Respublikasi Vazirlar kengashi raisining o‘rinbosari Turkiyaga tashrif buyurdi.
Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush, 2024 - yilning 22 - fevrali kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahriga tashrif uyushtirdi va Osiyo parlament assambleyasining 14 – yalpi majlisida ishtirok etdi. Unda, Osiyo parlament assambleyasining navbatdagi raisligi Turkiyadan Ozarbayjonga o‘tkazib berildi. Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush, 20 - 23 may kunlari rasmiy tashrif bilan Qozog‘iston va O‘zbekistonda ham bo‘lib qaytdi.
***
2024 - yilning 1 - 3 marti kunlari Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an ishtirokida «Inqirozlar davrida diplomatiyaga e’tibor qaratish» degan nom ostida 3 - Antaliya Diplomatik Forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu forumda Yevrosiyo qit’asida joylashgan barcha davlat nomidan vakillar ishtirok etdi. Shu doirada Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov; Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdilar. Forum doirasida koʻplab ikki tomonlama uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi.
Turkiya, 2024 - yili Janubiy Kavkazda butunlay tinchlik oʻrnatish va mintaqa taraqqiyotini ta’minlash tashabbuslarini davom ettirdi. Janubiy Kavkaz mintaqaviy hamkorlik platformasi yigʻilishi, Ozarbayjon – Gruziya - Turkiya Tashqi ishlar vazirlari yigʻilishi, Ozarbayjon – Gruziya - Turkiya Mudofaa vazirlari yigʻilishi, Turkiya va Armanistonning ikki tomonlama munosabatlarni normallashtirish jarayoni uchun maxsus vakillarining uchrashuvlari ham 2024 - yili boʻlib oʻtdi.
Turkiya, 2024 - yili BRICSga toʻlaqonli aʼzo boʻlish uchun murojaat qildi. Bu va shuga oʻxshash boshqa voqealar Turkiyaning Yevrosiyo qit’asida joylashgan davlatlar bilan yaqin hamkorlik ichida ekanidan dalolat bermoqda. Xulosa qilib aytganda, 2024 - yil Turkiyaning Yevrosiyo qit’asidagi respublikalar bilan boʻlgan aloqalari uchun samarali o‘tdi desak mubolagʻa boʻlmaydi.