Turk dunyosiga bag’ishlangan umrlar-48

Bugun sizlar bilan G'arbiy Frakiyaning unutilmas yetakchisi Sodiq Ahmet haqida suhbatlashamiz.

2214113
Turk dunyosiga bag’ishlangan umrlar-48

     

“Men turkman!” degani uchun qamalgan Sodiq Ahmet inson huquqlari himoyachisi hamda siyosatchi sifatida xotiralarimizdan joy olgan G‘arbiy Frakiya turk etnik xalqining qahramonidir. U o‘z xalqini og‘ir sharoitlardan olib chiqishga harakat qilgan rahbar edi.

Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, 1923 yil 24 iyulda imzolangan Lozanna tinchlik shartnomasi bilan G'arbiy Frakiya Gretsiyaga berildi. Lozanna shartnomasiga ko‘ra, G‘arbiy Frakiya turklari  “musulmon etnik xalq” deb atalar edi. Afsuski, u yerdagi etnik xalqlarning inson huquqlari himoya qilinmay, yerlari davlatga musodara qilingandi.

Bundan tashqari, inson huquqlari poymol qilingan holda, 1955-1998 yillar oralig‘ida Gretsiya fuqarolik qonunining 19-moddasiga ko‘ra, 46 ming 638 nafar G‘arbiy Frakiya va Dodekan turki o’z fuqaroligidan mahrum qilindi.

Bundan tashqari, G‘arbiy Frakiya turk etnik xalqi Lozanna shartnomasini buzgan holda ta’lim muassasalari tashkil eta olmasligi va ularni nazorat qila olmasligi, ularning diniy rahbarlarni saylash huquqini o‘zlashtirishi ham muhim muammolardan biri edi. Sodiq Ahmet ana shunday murakkab jamiyatda tug‘ilgandi.

U 1947-yil 7-yanvarda Gretsiyaning Komotini shahrida tug‘ilgan. Boshlang‘ich maktabni o‘z qishlog‘ida, o‘rta maktabni esa shahar markazidagi “Jalol Bayar” nomli o‘rta maktabda tamomladi.

Oʻrta maktabda oʻqib yurgan yillarida “Oqin” gazetasida “Xurofotlar”, “Islomiylik va turkiylik”, “Kutilgan quyosh”, “Madaniyat markazi” kabi maqolalari chop etildi.

Ularning mazmuni G‘arbiy Frakiya turklari bilan bog‘liq masalalarni qamrab oladi. 1966 yilda Anqara universiteti tibbiyot fakultetiga o'qishga kirdi. Biroq, bir yil o'tgach, u Saloniki universitetining tibbiyot fakultetiga o'qishga kirdi va 1974 yilda tibbiyot shifokori sifatida tahsilini tamomladi.

Uning universitetdagi yillari Gretsiyaning ichki siyosati zulmkor va qattiq amaliyotlar bilan shakllantirilgan "Polkovniklar Xuntasi" deb nomlangan qorong'u davrga to'g'ri keldi.

O'sha davrda G'arbiy Frakiya turklariga nisbatan tazyiqlar kuchaygandi. U tibbiyot ta'limini olgach, G'arbiy Frakiya turk etnik xalqining ana shunday muammolariga e'tibor qaratdi va bu borada nafaqat ijtimoiy, balki siyosiy jihatdan faol rol o'ynadi. Sodiq Ahmet 1974-yilda Gretsiya armiyasi safiga qo'shildi.

Harbiy xizmatni o‘tagach, majburiy tibbiy xizmatni tugatgan Sodiq Ahmet 1978- yilda tug‘ilib o‘sgan shahri Komotiniga kelib, davlat gospitalida ishlay boshladi. 1984-yilda "malakali shifokor" unvonini oldi.

U kasbiy faoliyati bilan bir qatorda, xalqi uchun ham ko‘plab ishlarni amalga oshirdi. G'arbiy Frakiya etnik xalqi oliy ma'lumotlilar uyushmasiga asos solgan Sodiq Ahmet bir muddat uyushma bosh kotibi sifatida faoliyat olib bordi.

1982-yilda tashkil etilgan ushbu uyushma G'arbiy Frakiya turk etnik xalqining madaniy, intellektual va ijtimoiy taraqqiyotiga hissa qo'shish va turk-yunon xalqlari o'rtasidagi do'stlik, inson huquqlari, demokratiya va erkinlik g'oyalarini rivojlantirish hamda himoya qilish uchun faoliyat ko’rsatdi. 

Sodiq Ahmet uyushma kotibi bo'lgan paytda G'arbiy Frakiya turklarining muammolarini avvalo Gretsiya idoralariga va parlamentiga, biron natija olinmagan taqdirda, xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish va yechimlar uchun yordam so'rash maqsadida o'tkazilishi rejalashtirilgan petitsiya kampaniyasida alohida ahamiyatga ega bo’ldi.

Sodiq Ahmet 1989-yilda Gretsiya parlamentiga saylangan birinchi G‘arbiy Frakiya turk deputati sifatida tarix sahifasidan joy oldi. Biroq, deputatlik davrida etnik xalq huquqlarini himoya qilgani uchun turli bosim va siyosiy to‘siqlarga duch keldi. Ayniqsa, Gretsiya hukumati bilan yuzaga kelgan ziddiyatlarga va siyosiy bosimlarga qaramay, xalqining yonida turdi.

1991-yilda tashkil etilgan “Do‘stlik, Tenglik va Tinchlik” partiyasi (DEB) Sodiq Ahmetning G'arbiy Frakiya turklariga omonatidir.

Sodiq Ahmet partiyani tashkil etishdagi maqsadini qisqacha shunday izohlaydi: "Etnik xalqni bir markaz atrofida to'plash, bir yo'nalishda ogohlikni oshirish va kelgusi yillarda jamiyatimizni boshqaradigan odamlarni tayyorlashdir".

1992-yil 11-apreldagi birinchi qurultoyda Sodiq Ahmet “Do‘stlik, Tenglik va Tinchlik” partiyasining birinchi raisi etib saylandi. G‘arbiy Frakiyadagi turk jamoatchiligiga ma’rifat ulashish maqsadida “Bolqon” gazetasini chiqaradi.

1995-yil 24-iyulda ​​Sodiq Ahmet Gretsiyaning Rodop hududida shubhali yo'l-transport hodisasida vafot etdi.

24-iyul Lozanna tinchlik shartnomasi imzolangan kun. Bu voqea nafaqat G'arbiy Frakiya, balki Turkiya va dunyoda ham katta ovoza bo’ldi. Ba'zilar uning o'limi tasodif emas, balki bir suiqasd ekanini iddao qildi va bu mavzudagi munozaralar bugungacha davom etmoqda.

Sodiq Ahmetning, “Turk bo’lganim uchun qamoqqa olinyabman. Turk bo‘lish jinoyat bo‘lsa, men shu yerda aytmoqchimanki, Men turkman va shunday bo’lib qolaman. Men bir turk sifatida G‘arbiy Frakiya etnik xalqiga murojaat qilib, turk ekanligini aslo unutmaslikka chaqiraman. Bir kun kelib biz haqqimizni albatta olamiz!- degan so’zlari go’yoki bir shiorga aylangan.  Kunimizda G'arbiy Frakiyadagi turk etnik xalqi o'z kurashini va qoldirgan merosini davom ettirmoqda. Uning kurashi etnik xalqlar huquqlarini himoya qilishda timsolga aylandi desak mubolag’a bo’lmaydi.

 


Tanlangan kalimalar: #Sadık Ahmet

Aloqador xabarlar