Turkiy tilining sehrli dunyosi - 19
Dasturimizning bugungi sonida Sibir mintaqasidagi eng qamidiy turkiy xalqlaridan biri bo‘lgan xakas turklari, xakas turklari yashagan joy va xakas turkchasi haqida so‘z qilamiz.
Ilmiy manbalarda minusin, abakan yoki yenisey tatarlari degan nomlar bilan yodga olingan xakas turklari Janubiy Sibirda yashagan eng qadimgi turkiy xalqlardan biridir. Xitoy manbalaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra ularning shakllanish davri VIII - IX asrlar bilan izlanib kelinar ekan, etnik kelib chiqishi jihatidan yenisey qirgʻizlari bilan aloqasi borligi qabul qilinmoqda. Xakas turklari Chor Rossiyasi davrida boshqa turkiy xalqlari kabi tatarlar deb nomlandi. Ular bugungi kundagi xakas degan nom bilan Oktabr inqilobidan keyin, boshqacha qilib aytganda, mashhur tarixchi Nikolay Kozminning fikirlari ta’sirida Tan sulolasi yilnomalarida Oʻrta Yenisey daryosi vodiylarida tashkil etilgan Xyagas davlatidan ilhomlangan holda 1917 – yilning 20 – 30 iyul kunlari Charkov qishlog‘ida uyushtirilgan qurultoydan keyingina tilga olina boshladi.
Xakas turklari asosan Rossiya Federatsiyasi tarkibida oʻrin olgan va poytaxti Abakan shahri boʻlgan Xakas Respublikasida yashaydi. 2023 - yilning 1 - yanvaridagi statistik ma’lumotlarga koʻra mamlakat aholisi 530 ming 200 nafar ammo xakas turklari bu aholining atigi 12,71 foizini tashkil qiladi. Xakaslar, shuningdek, Krasnoyarsk oʻlkasi bilan Tuva Respublikasining turli qishloqlari va shaharlarida mahalliy xalq bilan aralash tarzda yashaydilar.
Xakas turklari zich yashaydigan Xakas Respublikasi chegaralari qadimiy turkiy tarixi va madaniyati jihatidan alohida oʻringa egadir. Bu hudud ruslar tomonidan bosib olinmasidan oldin yana ruslar tomonidan qirg‘iz yerlari deb atalgan. Mintaqa ruslar tomonidan bosib olingandan soʻng, 1707 - yili Buyuk Pyotr yoki Pyotr I farmoni bilan Minusinsk oʻlkasi sifatida Chor Rossiyasi imperiyasi tarkibiga qoʻshilgan. Keyinchalik Sovet ittifoqi tarkibiga kirgan xakas yerlari 1991 - yilning iyun oyida Xakas avtonom viloyatidan Xakas Respublikasiga aylantirildi.
Tarixiy dini qam yoki shamanizmning ba’zi unsurlari bilan bir qatorda nasroniylikni ham qabul qilgan xakas turklarining ona tili bugungi kundagi turkiy tillari orasida qadimiy qirg‘iz tilining izlarining kuzatilishi kabi mushtarak xususiyatlari jihatidan fu-yu turkchasi, sho‘r va sariq uyg‘ur tillariga o‘xshaydi. Turkiy tillarining geografik va lingvistik tamoyillariga koʻra tasniflashda shimoli - sharqiy yoki Sibir guruhiga kiradi.
Yozma tili sifatida Sibirdagi boshqa turkiy xalqlari kabi qadimiy turkiy runik yozuvidan unumli foydalangan xakas turklarining yozma til anʼanasi turk - moʻgʻul yurishi bilan vaqtinchalik uzildi. Ortidan, Rossiya hukmronligigacha bo‘lgan davrda xakas xonlari «qalmoq yozuvi»ni oʻrganib, yozishmalarida moʻgʻul tilidan foydalanganlar. XVII asrdan boshlab taxminan 270 yil Rossiya imperiyasi, keyin esa Sovet ittifoqi va nihoyat Rossiya Federatsiyasi tarkibida ruslar bilan doimiy aloqada boʻlgan xakas turklari, 1924 – 1926 yillaridan e’tiboran rus alifbosi bilan tayyorlangan xakas alifbosidan foydalanib kelmoqda.
Sibirdagi boshqa turkiy tillariga qaraganda kamroq soʻzlashuvchilarga ega boʻlgan xakas turkchasi bugungi kunda asosan rus tilining ta’siri ostidadir. Bu holat ogʻzaki nutqda yana – da koʻproq seziladi. Ayniqsa, XX asr davomida rus tili xakas turkchasi ustida kuchli bosim o‘tkazib, tilning ijtimoiy sohada qo‘llanilishini cheklab qo‘ydi va so‘zlashuvchilar sonining kamayishiga yoʻl ochdi. Shuning uchun ham xakas turkchasi bugungi kunda asosan qishloq joylarida va keksa aholi orasida soʻzlashilmoqda. Yoshlar orasida esa undan foydalanish darajasi kamaydi. 1990 - yillarda Sovet ittifoqi qulashi ortidan Xakasiyada xakas turkchasini qayta tiklash uchun turli choʻralar koʻrildi. Shu doirada maktablarda xakas tilidagi saboqlar soni orttirildi, xakas tili boʻyicha oʻquv materiallari ishlab chiqildi va eng muhimi ushbu tilga Xakas Respublikasining rasmiy tili maqomi berildi ammo shunga qaramay rus tili haligacha kuchli til sifatida boʻlgani bois xakas tilini qayta tiklash yoki jonlantirish sa’y – harakatlari samarali natija bermadi. Shu va shunga oʻxshash sabablar yuzasidan xakas turkchasi UNESCO tomonidan 2010 – yili chop etilgan «Yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tillarning qizil kitobi»da «yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tillar» sinifidan oʻrin oldi.
***
Ushbu dastur Turkiya ovozi radiosi uchun filologiya fanlari bo‘yicha professor doktor Gulsum KILLI YILMAZ bilan maslahatlashgan holda xuddi shu sohadagi falsafa doktori (Ph.D) Saida BURKHANIDINOVA tomonidan tayyorlandi.