Turkiy tilining sehrli dunyosi - 18

Bugun tarix davomida turli jamiyatlar va olimlar tomonidan bir – biridan farqli nomlar bilan atalgan ammo o‘zlarini tiva yoki tiva kiji degan nomlar bilan tanishtirgan tuva turklari, tuva turklari yashagan joy va tuva turkchasi haqida so‘z qilamiz.

2204864
Turkiy tilining sehrli dunyosi - 18

Bugungi kunda o‘zlarini tiva yoki tiva kiji degan nom bilan tanishtirgan tuva turklari, tarix davomida turli manbalarda turli nomlar bilan uchradi. Ko‘pincha «soyon» va «soyot» degan nomlar bilan yodga olingan tuva turklari tarixchi Rashiduddin tomonidan «uryanxit», Fischer tarixida «sayan tatarlari», tilshunos Adelung asarida «sagan tatarlari», 19 - asr gʻarb manbalarida «soyotlar» degan ma’nonoda «die sojoten», mo‘g‘ullar va manjurlarning rasmiy hujjatlarida esa «uryaŋxay» nomi bilan qayd etildi.

Tuva turklari asosan Rossiya Federatsiyasi tarkibida joylashgan va poytaxti Qizil shahri boʻlgan Tuva Respublikasida yashaydi. Bundan tashqari Xitoy va Mo‘g‘ulistonda ham tuva tilining turli lahjalarida so‘zlashuvchi tuva turklarining istiqomat qilishi ma’lum. Eng qiziq tomoni shundaki, yuqorida nomi tilga olingan mamlakatlarda yashagan tuva turklari bugungi kunda ham farqli nomlar bilan atalmoqda. Masalan Mo‘g‘ulistonning Tsengel viloyatida yashovchi tuva turklari Tsengel tuvalari, Hubsugul hududida yashovchilar Duha, Hovd hududida yashovchilar Kobdo; Xitoydagi tuvalarni esa jung‘orlar bilan qozoqlar ko‘k – monchoqlar degan nom bilan ataydilar.

Tarixiy manbaalarda tuva turklarining kelib chiqishi va etnik tarkibi haqida ba’zi ma’lumotlar qayd etilgan. Ulardan biriga ko‘ra tuva turklari miloddan keyingi 5 – asrda Yenisey daryosining yuqori hududlarida, hozirgi uyg‘ur va qirg‘iz turklarining otalari bilan qo‘shni yashaganlar. Ularning nomi esa birinchi marta 6 - asrdagi Xitoy yilnomalarida dubolar ya’ni tubalar degan nom bilan qayd etilar ekan etnik tarkibida samoyed, ket va moʻgʻul unsurlarining taʼsiri borligi aytiladi.

Tarixiy davrlarda hunlar, koʻkturklar, uygʻurlar, qirgʻizlar va moʻgʻullar hukmronlik qilgan tuproqlarda 1921 - yili Tuva Xalq Respublikasi degan ma’noda Tiva Arat Respublikasi degan nom bilan asos solingan bugungi Tuva Respublikasining aholisi, 2023 – yilning 1 - yanvaridagi statistik maʼlumotlarga koʻra 337 ming 300 nafar kishini tashkil etadi. Ularning 88.66 foizi tuva turklaridan iborat. Shu jihatdan olib qaraganda tuva turklari, Sibirda yashagan turkiy xalqlari ichida mahalliy xalqning oʻz respublikasida eng koʻpchilikni tashkil etishi bilan e’tiborlarni oʻziga qaratmoqda.

Tuva turklari qam yoki shamanizm, lamaizm va nasroniylikka eʼtiqod qiladilar.

Turkiy yozuv tili ilk paydo bo‘lgan tuproqlarda so‘zlashilgan va qadimgi turkiy tiliga yaqinligi bilan ham ajralib turgan tuva turkchasi, turkiy tillarining geografik va lingvistik tamoyillarga koʻra tasniflashda shimoli - sharqiy yoki Sibir guruhiga kiradi.

1930 - yili lotin alifbosi asosida tayyorlangan tuva alifbosidan foydalangan tuva turklari 1941 - yili kirill alifbosi asosida tuzilgan tuva alifbosidan foydalana boshladilar. Shunday ekan, tuva turkchasi bugungi kunda ham yozma ham da og‘zaki shaklda jonli til sifatida yashamoqda. Hatto bugungi kunda tuva turkchasi rasmiy yozishmalarda, turli ijtimoiy - siyosiy tadbirlarda, ta’lim va tarbiya tili sifatida keng qo‘llaniladi. Shu bilan birga tuva turkchasida koʻplab adabiy asarlar qalamga olinar ekan ayni vaqtda koʻlab gazeta va jurnallar nashr etiladi. Bunga qoʻshimcha ravishda radio va televideniye dasturlari ham olib boriladi. Tuva turklari asosan oʻz ona tillarini saqlab qolishga urinadilar. Har bir avlod o‘rtasidagi asosiy muloqot tili tuva turkchasidir. Tuva va rus tilidek ikki tillilik asosan shaharlarda kuzatiladi. Unda ham tuva tili birinchi til sifatida soʻzlashiladi. Shu bois ham UNESCO tomonidan 2010 – yili chop etilgan «Yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tillarning qizil kitobi»da «yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlmagan tillar» sinfidan oʻrin olgan.

***

Ushbu dastur Turkiya ovozi radiosi uchun filologiya fanlari bo‘yicha professor doktor Gulsum KILLI YILMAZ bilan maslahatlashgan holda xuddi shu sohadagi falsafa doktori (Ph.D) Saida BURKHANIDINOVA tomonidan tayyorlandi. 

 

 



Aloqador xabarlar